“Shaytanat”dan shaytoniylik izlamang!

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 1992- yili ko‘p jildli “Shaytanat” asariga qo‘l urdi. Boshqa ijodkorlar qatag‘on davri, “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” kabi millat boshiga kulfat keltirgan fojia­larni qalamga olgan bo‘lsa, bu asarda ular­ning ortidan yuzaga kelgan qiyinchiliklar va xalqimiz hayotining ayanchli manzaralari aksini topgandi.

Har qanday durdona asarning ham tanqidchisi bo‘lganidek, “Shaytanat”ning munaqqidlari yetarlicha topiladi, biroq ular­ning ko‘pi bahsli.
Ko‘pchilik uni detektiv janrdagi asar deb baholaydi. Ammo bu janrda tugun kimningdir joniga qasd qilinishi yoki o‘g‘irlanishi bilan boshlanadi va oxirida jinoyatchi­ning aniqlangani yechim bo‘ladi. “Shaytanat” asarida ham jinoyatchilar, militsiya xodimlari bilan bog‘liq voqealar tasvirlanadi, lekin bu uning detektiv ekanligini ko‘rsatmaydi. Asarda bosh maqsad militsiya hayotini emas, balki “shaytonlar” boshqaruvidagi “Shaytanat” ah­lining ayanchli oqibatini hikoya qilishdir.
Romanning 4-kitobigacha biror-bir jinoyat sirli ra­vishda amalga oshirilmaydi. 4-kitobga kelib, Oysanam bilan bog‘liq jinoiy ish prokuratura xodimi Zohid Sharipov tomonidan aniqlanadi. Bu holat boshqa bir obraz Haydar — “Kesak polvon”ning jirkanch qiyofasini yana ham aniqroq ifo­dalash uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari, muallif ayrim qahramonla­rining hayo­tiga bevosita aralashadi. Ba’zi joylarda kitob­xon bilan muloqotga kirishadi.
Yuqoridagi misollar asar shunchaki sarguzasht roman emasligining isbotidir.
Romanda Qur’oni karim oyatlari, ha­dislardan namunalar va mumtoz adib­larimiz hikmatlaridan foydalanilgani ayrimlarning e’tiroziga sabab bo‘ladi. Negaki, SSSR matbuotining yo‘l qo‘ygan xatolaridan biri Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk bobolarimizning ijodi islomdan ayri tarzda o‘rganilgani edi. Bizning ada­biy ildizlari­miz islomdan ham oldinroqqa borib taqalar ekan. Xo‘sh, qanday qilib “Shaytanat”dagi bu jihatni tanqid ostiga olish mumkin? Adabiyot so‘zi­ning lug‘aviy ma’nosi “odoblar to‘plami”dir. Ammo bu so‘z fan nomi va boshqa sohalar bo‘yicha yozilgan qo‘llanmalarni ham “Ada­biyot” deyish bilan “siyqasi chiqib”, sezilarli darajada o‘z kuchini yo‘qotgan. Adabiyot o‘rni kelganda insonni musho­hadaga chorlashi, o‘tmishi, buguni va ertasini baholay olishi uchun ham xizmat qiladi. Asardagi aksar obraz­lar e’tiqodi yo‘qligi uchun ma’naviy inqirozga yuz tutgan. Bu xususiyatni ada­biyotshunos Tohir Shermurodovning “Shaytanat” asarida e’tiqod va axloq masalasi” maqolasidan bilishimiz mumkin. Bosh qahramon Asadbek bunga yorqin misoldir. U bolaligidan to vafotiga qadar turli murakkab holatlarga duch keladi. Uning hayotga nisbatan qarashlari ham boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Oqibatda Asadbekning qo‘l ostidagi kishilar ham jamiyat boshiga turli g‘avg‘olar sola boshlaydi. Asadbek qalbidagi qasos o‘ti uni “Shaytanat”ning jin ko‘chalariga kirishga undaydi. U ham ado­latsiz jamiyat qurbonlaridan biri edi. Asarda keltirilgan ri­voyatga e’tibor qaratsak:
“O‘g‘irlik bo‘yicha dong taratgan odamning oldiga bir o‘smir kelib:
— Menga ham o‘g‘irlik ilmini o‘rga­ting, — deydi. Mashhur o‘g‘ri taklifga rozi bo‘lgach, ustoz-shogird bir tovoqda taom yeyi­shadi. Bola ovqatga o‘ng qo‘lini uzatibdi. Shunda ustozi bolaning qo‘liga urib:
— Bundan buyon faqat chap qo‘ling bilan ovqatlan, chunki o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushsang, dastlab o‘ng qo‘ling kesiladi, chap qo‘ling seni och qolishdan saqlaydi, — deydi. Bola qo‘rqqanidan o‘g‘ri bo‘lmaganim bo‘lsin, deya qochib ketadi”.
Yuqoridagi rivoyat asliy yoki majoziy talqin etilganda ham ijobiy ma’no beradi. Demak, asardagi rivoyatlarni o‘rinsiz deb bo‘lmaydi.
“Tohir Malik “Shaytanat” nomini asarga noto‘g‘ri tanla­gan, o‘zbek adabiy tili nuqtayi nazaridan xatoga yo‘l qo‘ygan”, deydiganlar ham topiladi. Ular bu so‘z qaysi manbalarda uchrashini bilarmikan?
Hazrat Navoiy g‘azallarida:
“Riyoiy shayxdirkim shaytanatdin tavqi la’natdek solur bo‘ynig‘a tasbehni ul mal’un”,
tarzida uchraydi. Abdulla Qodiriy romanlarida ham “shaytanat” so‘ziga duch kelamiz.
“Shaytanat” eng oliy hakam — vaqt va kitob­xon sinovidan o‘tgan asar. Mana necha yildirki, roman minglab nusxada qayta-qayta nashr qilinmoqda. 2017-yilda muallif “Shaytanat”ni qayta tahrir qilib, har bir kitobiga nom berdi: “Qasos”, “Non berganning begonasi bo‘lmaydi”, “Semirgan chumoli”, “Oqqush qo‘shig‘i” va “Azozil do‘koni”.

Muhammad HAYDAROV,
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi