So‘nggi manzil

– Bas, yetar! Hiqildog‘imga keldi! Bu uydan yo u ketadi, yo men!
Yuqori qavatdagi baqir-chaqirlarni tokchadagi gultuvaklarga termilgancha iztirob bilan tinglab turgan Nabi ota yuziga dumalagan yoshni qaltiroq barmoqlari bilan asta artdi.

“Muhokama” rosa cho‘zildi. Janjal biroz tingach, ota o‘g‘lini yoniga chaqirib, qariyalar uyi­ga tashlab kelishga bir amallab ko‘ndirdi. Bundan sevinib ketgan kelin erta tongda huddi mehmon kuzatayotgandek qaynotasining narsalarini taxt qilib qo‘ydi.
O‘g‘il mashinani o‘t oldirdi. Nabi ota ketishidan oldin nabiralari bilan uzoq xayrlashdi. Jigargo‘shalarini duo qildi. Bu holatni kuzatib turar ekan, kelini qilmishidan beixtiyor uyaldi…
Mashina qishloqdan uzoqlashib borardi.
— Tuni bilan uxlay olmadim, bolam, biroz mizg‘ib olaman. Manzilga yetgach uyg‘otarsan, — deya qariya o‘rindiq suyanchig‘iga bosh qo‘yib, ko‘zlarini yumdi.
Kelin esa hayhotday hovlida erkin qushdek o‘tirardi. Lekin negadir ko‘ngli behuzur bo‘ldi, halovati yo‘qoldi… Ayvonning shiftiga qator ilingan to‘rqovoqlardagi bedanalar­ning tinmay sayrashi-yu devor burchagida zanjirlangan Olaparning darvoza tomonga qarab akillashi, farzandlarining bobomlab bo‘zlashlari… Bu tovushlar­ning bari qorishib hovlida g‘alati shovqin paydo qilar, ayol­ning yurak-bag‘rini eza boshla­gandi. Ayol bir nimani yo‘qotgandek u yoq­dan-bu yoqqa yurar, ishi unmas, har zamon ko‘chaga chiqib, erining yo‘liga ko‘z tikardi…
Bu yoqda o‘g‘il mashinani juda sekin haydagancha goh oynadan otasining nurli chehrasiga, goh o‘zining ko‘zgudagi aksiga qa­rab, o‘zi bilan o‘zi olishib borardi. Nabi ota beozorgina uxlardi. O‘z uyiga sig‘magan, o‘z uyidan haydalgan ota — uning otasi!
O‘g‘il daf’atan rulni ortga burdi. Mashina yengil siltanib, yo‘lda davom etdi. Oynadan qarab, otasining hamon bir tekis uxlayotganini ko‘rdi va uyga borganda uyg‘otaman, shunda birdan suyunib ketadi, deb o‘yladi. Ulov yeldek uchib borardi.
Ularning birga qaytayotganini ko‘rgan kelinning yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Erini ko‘zda yosh bilan qarshi oldi. O‘g‘il mashinani to‘xtatgan zahoti otasini uyg‘ota boshladi. Ko‘p urindi. Biroq… Nabi ota allaqachon bu manzilni tark etgan edi.

Muhammad SIDDIQ