Tushkun kayfiyatdan qutulish uchun…

Suv bir maromda oqmagani­dek hayot ham doim sokin, betashvish kechmaydi. Gohi shodlik, gohi g‘am bilan insonni sinaydi. Demak, har doim ham sizda ko‘tarinki kayfiyat hukm surmaydi. Ba’zida qalbingiz arzimagan voqea-hodisadan azoblanadi.

Yaqin do‘stingiz bilan urishsangiz, qanday ahvolga tushishingizni tasavvur qilib ko‘ring-a! O‘zingizni qo‘yarga joy topolmaysiz, ruhiyatingizni tushkunlik egallaydi. Bunday vaziyatda kim haqligi haqida bosh qotirmang. Sababi har kim o‘zicha haq. Shunday ekan, toza havodan to‘yib nafas olib, do‘stingizga aytmoqchi bo‘lgan barcha gaplaringizni qog‘ozga tushiring. Yozib bo‘lib, tahrir qilishga urinmang. Chunki tahrir orqali ichki meningiz yanada jonlanishi mumkin. Natijada o‘ylagan maqsadingizga erisholmaysiz. Qog‘ozga tushirilgan fikrlarni xat orqali yoki yuzma-yuz holatda aytish mumkin. Aksariyat hollarda ikkinchi usul ijobiy natija ko‘rsatgani aniqlangan. Suhbatdoshning ko‘ziga qarab aytilgan gap ta’siri kuchli bo‘lib, ishonchlilik darajasi ortadi. Avvalo, “Men haqman”, degan o‘yni unu­ting. Uni yoqtiradigan joyiga taklif qiling. Ma­salan, istirohat bog‘i, kutubxona yoki ovqatlanishga. Yuzma-yuz o‘tirib, dilingizdagi bor gapni ayting. Gap talashib qolishga zamin yaratadigan muomala qilmang. “O‘zing bilasan, eng yaqin do‘stimsan”, deb gap boshlash vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartiradi.
Kayfiyatning keskin tushib ketishi ko‘p hollarda andisha, uyalish sababli kelib chiqadi. Ya’ni mavjud voqea-hodisa tufayli “Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y nima deydi, kim degan odam bo‘ldim, endi nima qilaman?”, kabi o‘y-xayollar har qanday shaxs psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kayfiyatni ko‘tarish oson emas. Bu insonning o‘ziga va atrofidagi voqea-hodisalarga bog‘liq.
Xo‘sh, tushkun kayfiyatdan qutulish uchun nima qilish kerak?
To‘g‘ri, barchasini birdaniga unutish qiyin, lekin o‘zingizni qo‘lga olishga harakat qi­ling. Ich-ichingizdan ezilib, o‘zingizni yomon his qilsangiz, to‘yib yig‘lang yoki miriqib dam oling. Shunda ko‘ngilni xira qilgan hisdan qutulasiz. Yaxshi xotiralarni eslang. Imkon qadar biror yumush bilan o‘zingizni chalg‘itishga harakat qiling. Masalan, taom tayyorlash, televizor tomosha qilish, do‘kon aylanish mumkin.
Ijtimoiy so‘rovlarda aksariyat insonlar tushkun kayfiyatdan qutulish uchun to‘yib ovqatlanishi, biror buyumni sindirishi aniqlangan. Bu usullar doim ham ijobiy natija bermaydi. Me’yoridan ortiq ovqat salomatlikka zarar etkazadi. Kayfiyat ko‘taraman deb vaziyat yanada chigallashishi mumkin. Umuman, har bir inson uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatini shakllantirishi lozim. Bu ma’lum masofani ko‘rish emas, balki bajarilayotgan ishning oqibatini o‘ylash, oldindan tasavvur qilish demakdir.

Mashq: Tushkun kayfiyatdan qutulishingizga to‘sqinlik qilayotgan hislarni, xarakteringizdagi salbiy omillarni shishirilgan pufakka yozing. So‘ng pufakni igna bilan teshib, parchalangan pufakni axlatga tashlang. Mashq­ni bajarib bo‘lgach, sizni qiynayotgan hislardan xalos bo‘lganingizga isho­ning. Chuqur nafas olib, ikki yuz gramm suv iching. Bundan tashqari, oynaga qarab shunday deng: “Shukrki, men baxtliman. Bugungi kunim faqat baxtli, omadli, quvonchli daqiqalarga boy bo‘ladi. Axir, men bundan yaxshisiga loyiqman”. Bu yo‘l orqali inson organizmida qon ayla­nishi yaxshilanib, ertangi kunga ­ishonch kuchayadi.

Qiziqarli ma’lumot: Banan baxt garmoni deb ataluvchi “serotonin”ni ishlab chiqarishni yaxshilaydi. Inson tushkunlikka tushganda bir dona banan iste’mol qilsa, kayfiyati ko‘tariladi. Ammo me’yorga amal qilish kerak. Banan sitrus meva bo‘lgani bois, ko‘p iste’mol qilinsa, turli allergik kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Feruza TOLIPOVA,
Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va

ularning malakasini oshirish instituti psixologi