Borliq nalar dedirmas…

Dasturxon boshida singlim xarxasha qildi:
“Qotgan non yemayman, mastavani ham yomon ko‘raman, yana shu ovqatmi?”, deya kosani nari surdi. Bir burda non xontaxtadan gilamga tushdi. Buvijonim nonni darhol olib, ko‘ziga surdi. So‘ng:

— Borliq nalar dedirmas, yo‘qlik nalar yedirmas… Dahshatli urush yillari edi. Bug‘doyimiz, oziq-ovqatlar frontga jo‘natilardi. Dadam urushda. Onam va biz, to‘rt bola, ochlikdan o‘lmasligimiz uchun bobom yomg‘irli kunda loy kechib, to‘rt kilo tariq olib kelgani hamon ko‘z oldimda turibdi. Oyim tariqni suv­da pishirib, amallab to‘rt haftaga yet­kazgan. Biz, qishloq bolalari, yalangoyoq navqon, ya’ni to‘kilgan bug‘doy boshoq­larini terardik. Uch kun deganda bir xaltacha navqon to‘pladim. Jonpo‘lat brigadir ot bilan bostirib kelib, xaltamni olib ketdi. O‘shanda yig‘lagancha ammamnikiga keldim. U esa menga bir kosa navqon bergandi. Yo‘qchilik qursin, bolam, biz ko‘rdik, yetti pushtimiz ham u kunlarni aslo ko‘rmasin. Och-nahor, sillasi qurigan qancha bolalar o‘t, kunjara yeb, olamdan o‘tgan, — deb ko‘ziga yosh oldi.
Shunda qiziqib so‘radim: “Katta bobom urushdan qaytganmi, buvijon?”.
— Otam urushdan qaytib, kolxozda hisobchi bo‘lib ishlardi. Men 2-sinfda o‘qirdim. U kishi ham dunyoviy, ham diniy ilmga ega edi. Bir kuni nozirlar uni namoz ustida qo‘lga olib, Toshkentga olib ketgan. Shu bo‘yi otamni qayta ko‘rmadik…
Buvimning mahzun hikoyalarini tinglab, tinch va osuda kunlarimizga shukronalik hissini tuyaman. Har ikki gapida “Allohga shukr, yetkazganiga shukr”, deb takrorlashining boisini anglagandek bo‘laman. Olti yoshli singlim-ku hali yosh, oq-qorani ajratolmaydi. Biroq ko‘pni ko‘rgan, turmushning past-balandiga guvoh bo‘lgan odamlarning mayda narsalardan noliyveri­shiga tushunmayman.
— To‘yimga falon ashulachi kelishini xohlagandim… Uf-f, hammasi chippakka chiqdi.
— Quda tomonning orzu-havasi yo‘q ekan, qilgan sarposini qarang. Shuning uchun qiz o‘stirganmidim?!
— Narxlar kundan kunga oshib ketyapti, rahbarlarning oddiy aholi bilan ishi yo‘q. Shu ham hayot bo‘ldi-yu.
— Bolam o‘qishga kirolmabdi, esiz umri kuydi.
— Kunu tun ishlaymanu, oylik kam. Ro‘zg‘ordan orttirolmayapman…
Na issiqqa, na sovuqqa ko‘namiz. To‘y qilayotganimizga shukr qilmaymiz. “Qudachilik — ming yilchilik” ekanini unutamiz. Aslida, to‘rt muchamiz sog‘ligini, taloto‘plar ichida yashamayotganimiz baxt ekanini o‘ylab ko‘rmaymiz.
Odam Ato jon kirishi bilan aksirib, “Alhamdulillah!” degan ekan. Shukr aytish bizga Odam alayhissalomdan meros. Ne’matning qadriga yetgan, yo‘qchilikda sabr, boriga shukr qilgan inson aslo kam bo‘lmaydi.

Dilnoza ATO