Senga jonim fido!

Bolaligimdan harbiy bo‘lishni orzu qilardim. Ayniqsa, “Sardor” filmini tomosha qilib, sohaga qiziqishim yanada ortgan. Unda yurt posbonlarining odob-axloqi, Vatan tinchligi yo‘lida o‘zini ayamay xizmat qilishi turli rakursdan ochib berilgandi. Bugun bolalikdagi beg‘ubor orzum ushalib, harbiy bo‘ldim.

Mustaqillik — mamlakatning ichki va tashqi ishlarda boshqa davlatlarga qaram bo‘lmasligidir. Istiqlol, Vatan. Mazkur tushunchalar go‘yo tanam­ning bir bo‘lagidek bo‘lib qolgan. Mustaqil yurtda tug‘i­lib, hayot kechirishga hech narsa etmaydi. Buni faqat mustaqillikka erishgan, uning havosidan bah­ramand bo‘lganlargina yaxshi tushunadi.
Mustaqillik haqida so‘z borar ekan, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning qalbida shodlik, faxr-iftixor tuyg‘ulari uyg‘onadi. Jannatmakon O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi mavqei yuksalib, shahar va qishloqlarimiz ko‘rkam qiyofaga kirib borayotgani, mehnatkash xalqimiz bugunidan baxtiyor, ertasiga to‘la ishonch ruhi bilan yashayotganini ko‘rib quvonasan kishi.
Tinchlik va osoyishtalikning ortida o‘g‘lonlar­ning mashaqqatli mehnati, fidoyi xizmati, kechani kecha, kunduzni kunduz demay chekkan zahmati turibdi. Ularni bir so‘z bilan Vatan himoyachilari deymiz.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mudofaa tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida qurolli kuchlarimizning jangovar shayligi, xalqaro maydondagi nufuzi ortib bormoqda. Xalqaro armiya musobaqalarida ishtirok etish, xorijlik tengdoshla­rimiz bilan fikr va tajriba almashish imkoniyati yanada kengaymoqda. Jumladan, joriy yilda o‘tkazilgan “ArMI — 2019” xalqaro o‘yinlarida 39 ta davlatning 200 dan ortiq jamoasi qatorida O‘zbekis­ton Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 14 ta yo‘nalish bo‘yicha faol ishtirok etdi. Bir vaqtning o‘zida 13 ta mamlakatda o‘tkazilgan musobaqalar qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. “Tank biatloni” musobaqasida bu yil ilk bor qatnashdik. Moskvadagi Alabino poligonida “Tank biatloni” II divizionining yakka tartibdagi poyga, yarim final bosqichlarida bor mahoratimizni namoyish qilib, finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik.
Final bahsida T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, manyovrlar bajarish, tezkor harakatla­nish, turli murakkab to‘siqlardan betalafot o‘tish, belgilangan nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha jamoamiz yaxshi natijani qayd etdi. Yashil tankda harakatlangan guruhimiz Vetnam, Kuba va Uganda jamoa­laridan 17 daqiqa oldin, ya’ni 2 soat
7 daqiqayu 22 soniyada marraga birinchi yetib kelib, II divizionning mutlaq g‘olibi bo‘ldik. G‘alabaga erishgan onlarimizni hozir ham quvonch bilan eslayman. Bu natijaga, avvalo, yurtimiz ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi madad bo‘ldi.
Musobaqaga tayyorgarlikning birinchi bosqichi fevral, mart oylarida Toshkent harbiy okrugi Chirchiq poligonida bo‘ldi. Aprel, may, iyun oyla­rida Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida tinimsiz tayyorgarlik ko‘rib, maho­ratimizni yanada oshirdik. Kerakli moddiy texnik vositalar vaqtida yetkazib turilgani bois musobaqaga ko‘ngildagidek tayyorlandik. Musobaqada ilk bor qatnashayotganimiz uchun o‘tgan yillar davomida ishtirok etgan jamoalarning xatti-harakatlarini kuzatdik.
Mustaqillik hayotimda katta ahamiyatga ega. U bilan birga yorug‘ dunyoga keldim, ulg‘ayib kamol topdim. Har gal urushning guvohi bo‘lgan yoki shu davrda yashagan insonlar bilan muloqot qilsam, tinch, osuda mamlakatda tug‘ilib, yashayotganimdan yana bir karra quvonaman.
Shu onda yurtdoshlarimga bir savol bilan yuz­lanmoqchiman: o‘zbeknikidek mehrni o‘zga yurtdan topolasizmi? Albatta yo‘q! Mehnatiga yarasha rag‘bat ham, kattaga hurmat, kichikka izzat ham, mehr-oqibat ham faqat yurtdoshlarimizga xos fazilatdir. Musobaqada faol ishtirok etganim munosib baholanib, muddatidan oldin mayor unvoni bilan taqdirlandim. Bu menga bildirilgan katta ishonchdir.
Vatanni sevish — vatanparvarlik haqida va’zxonlik qilish emas, balki Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan ishimizdir. Kelajakda Qurolli kuchlar akademiyasida o‘qimoqchiman. O‘z ustimda tinimsiz ishlab, rivojlangan davlatlarning harbiy tajribalarini o‘rga­nib, milliy armiyamizning harbiy salohiyatini yanada oshirishga hissamni qo‘shaman.

Muhriddin HOSHIMOV,
Toshkent harbiy okrugi
Tankchilar vzvodi komandiri, mayor