Singlim

Bobom yasab bergan arg‘imchoqda uchayotib yerga gursillab yiqildim. Og‘riq qanday bo‘lishini birinchi marta his qildim.
Oradan ko‘p o‘tmay uyimizga chaqaloq keldi. Menga atalgan e’tiborning yo‘nalishi butunlay boshqa tarafga o‘zgarib ketdi.

Vaqt o‘tgach, qo‘lidan tutgancha birga maktabga boradigan bo‘ldik. Menga uni yetaklab yurish, ba’zida nimalarnidir o‘rgatish (xuddi kattalar kabi) yoqardi. Axir o‘zing ham ish­onmaydigan gaplarga qarshingdagi odam­ning ishonib turishi va buni tasdiqlashi kimga ham yoqmaydi deysiz? Xullas, “osmonning qopqog‘i bor” desam ham, “rostdanmi?” deya hayratlanadigan singlimning borligi menga ancha ma’qul bo‘lib qolgandi.
U o‘ylaganimdan ko‘ra kuchliroq ekanini men yiqilgan arg‘imchoqdan yiqilib, ko‘zidan bir tomchi ham yosh chiqmaganidan bildim. Pastki labini bir tishlab qo‘ydi, xolos. O‘yindan so‘ng yong‘oqlarimni tortib olishga uringan o‘zimdan ikki yosh katta qo‘shni bola bilan yoqalashayotganimda qo‘shni bolani tishlab olganda, mitti jussasiga katta qat’iyatni berkitib olganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Ochig‘i, singlim kelib qutqargani meni ancha noqulay ahvolga soldi. Shuning uchun urishib berdim.
— Sizni qo‘yib yuborishi uchun
tishla­dim-ku!
— Boshqa unday qilma, tamom!..
Kunlarning birida darsdan so‘ng singlimni yetaklab uyga borishdan ko‘ra, do‘stlarim bilan o‘yin o‘ynash maroqli tuyuldi. Singlimga uyga ehtiyot bo‘lib ketishini, buni hech kimga aytmasligini tayinladim, ertalab ayam bergan konfetni qo‘liga tutqazishni ham unutmadim. Shu kuni o‘yinimiz bir soatga ham yetmadi. To‘pimiz maktab bilan devorqo‘shni kampirning uyiga tushib, qaytib chiqmadi. To‘pni bermagani uchun kampirni bisotimizdagi bor so‘zlar bilan “siylab” uy-uyimizga tarqaldik.
Yo‘lda singlim uchun yana konfet sotib oldim. Sababi bunday kunlar hali ko‘p bor takrorlanishini bilardim. Uyga kelsam, darvozadagi qulf haligacha osig‘liq turganini ko‘rib, u hali kelmaganini bildim. Imillab xayol surib kelayotgandir yoki qaysidir dugonasinikiga kirgan, deb o‘ylab, kelganida boplab adabini berib qo‘yishni niyat qildim.
Qosh qoraya boshladi. Betoqatlanyapman. Ayam va dadam kelmasidan oldin uni topish kerak. Shu choq ayam kelayotganini ko‘rib, yuragim “shuv” etdi. Yig‘idan qizargan ko‘zlarini tikib, singlimni mashi­na turtib yuborgani, maktabdan olib keli­shimga ishonib topshirganini aytganida qo‘limdagi konfetlar yerga to‘kilib ketdi. Katta yo‘ldan o‘tayotganda qo‘limni mahkam siqib oladigan singlimning halokatga uchragani, kichkinagina jussasi jarrohlik stolida yotganini ko‘z oldimga keltirib, qo‘rqib ketdim.
Bir hafta ichida bir marta ham shifoxonaga bormadim. Ko‘zlariga qarolmasligimni bilardim. Vaqt o‘tishini, uning butunlay sog‘a­yib, bo‘lgan voqealar hammaning yodidan chiqib ketishini xohlardim.
Bir hafta o‘tgach, uyga ruxsat berishdi. Qan­cha urinsa-da, tekis yurishni eplolmayotgan singlim siniq jilmaygancha men tomonga oqsoqlanib kelardi…

Navro‘za MAHAMADXO‘JAEVA