Ulg’ayish

Umar KICHIKMAHMUD o‘g‘li

Adabiyotshunos olim va taniqli yozuvchi Umar Kichikmahmud o‘g‘li 1979-yili Turkiyaning Qahramon Marash shahrida dunyoga kelgan. Istanbul universitetida adabiyotdan tahsil olgan. Adabiyot olamiga she’rlari bilan kirib kelgan adib hikoyalari bilan dovruq qozondi. U turkiy xalqlar adabiyotining mohir tarjimoni sifatida ham turk kitobxonlari mehrini qozongan. Uning asarlaridan namunalar Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘istondagi turli adabiy nashrlarda e’lon qilingan.

Buvim Zeliha Koshkerning aziz xo­tirasiga…
To‘qqiz yoshli, yuzi quyoshda qoraygan, sochlari kalta qilib olingan yigitcha sigirini doim shu yaylovda boqadi. Uning shoxlari yarim­oy shaklli, peshanasida oq qashqasi bor qora sigiri biroz sarkash edi. Bu jonivorning dastidan bolaning boshi ko‘p balolarga qolgan. Qo‘shnilar­ning bog‘iga oralagani uchun ko‘p bora otasidan kaltak yegan. Ba’zan kattaroq ishlar bo‘lib ketsa, Chambilbelni oshib, amakisinikiga qochardi. Boshiga ko‘p tashvishlar keltirgan bo‘lsa ham, u sigirini yoq­tirar, unga “Qoraqiz” deb nom qo‘ygandi. Otasi mamlakatdagi mashhur “5-aprel” qarorlaridan keyin ishsiz qolgandi. Tirikchiliklari shu sigir bilan bog‘liq. Sutidan pishloq, yog‘ olishar va kam qismini o‘zlari uchun qoldirib, qolganini sotardi. “Qoraqiz”ni ko‘p siylashardi.

Bola maktabdan kelar-kelmas sumkasini tashlar, kitob-daftarini yoniga olib, ekin yerlari o‘rtasidagi yo‘ldan sigirni haydab ketardi. Maydon tugagan joydan u yog‘i gilam kabi yastanib yotgan dalalar. Buvi­sining uyi ularnikiga yaqin. Bola ko‘pincha buvisining yonida qoladi. Sigir boqar­kan darslarini qilgan bo‘lib, uzoq muddat xayolga cho‘mar, o‘z dunyosida chuqur fikr ummoniga sho‘ng‘ib ketardi. Endi butun tashvishlar boshlanishi turgan gap.
Bola boshlang‘ich maktabning uchinchi sinfida o‘qirdi. Uydan chiqishdan avval, odatda, cho‘ntaklarini quritilgan tut bilan to‘ldirar, nonga pishloq qo‘yib quymoq qilar va uni gazetaga o‘rab yegancha yo‘lga tushardi. Bugun maktab yo‘q. Ta’tilga ham oz qolgan. Dushanba kuni ham maktabga bormaydi, dam olish. Uch kun sigir boqadi endi. O‘tirib, qo‘shiq xirgoyi qildi. Kovushini yechib, ichidagi tuproqlarni to‘kdi. Quyosh sekin yuqorilardi. Bola­ning ko‘zi tepalik ustida timirskilanib yurgan tulkiga tushdi. O‘tgan yili tog‘asining tovuqlaridan o‘ntasini katakda bosgan, bir qanchasini tuproqqa ko‘mgan tulki bo‘lsa kerak. Ovul odamlari tog‘asining xasisligi, baxilligi sababli shunday bo‘lganini aytishadi. “Bir necha tovug‘ini zakot sifatida nochorlarga bersaydi, boshiga bu tashvishlar tushmasdi,” deyishadi. Ba’zilar tog‘asiga bundan ranjiganini aytsa-da, orqasidan uning holiga kulgan.
Ertasiga tong mahali, quyosh endi chiqayotgan payt ovulning narigi boshida bola tulkini yana ko‘rdi. Kun ko‘tarilgani sari tulki­ning soyasi kichiklashaverardi. Tongda uning soyasi buqanikidek bo‘lsa, bora-bora bo‘ri kattaligidek bo‘lib qoldi. “Oftob tik kelganda tulkining soyasi kaltakesakdek bo‘lib qoladi”, dedi cho‘pon bola. So‘ng o‘z soyasiga qaradi. Sal narida uyalariga arpa-bug‘doy donalarini tashiyotgan chumolilarga ko‘zi tushdi. Chumolilar o‘zlaridan katta donlarni sudray-sudray uyalariga keltirardi. Bola har kuni ularning tepasiga kelib tomosha qiladi. Hozir daf’atan terisi achishdi. Oyog‘ini tishlagan chumolini ushlab oldi. Darhol bitta shoxcha­sini yuldi, keyin ikkinchisini ham. Uni uyasining yoniga qo‘yib, ko‘z uzmay kuzatib turdi. Chumoli bitta joyda turardi. Boshqalari unga e’tibor ham bermas, donlarni uyasiga tashirdi. Uyaning atrofida faqat bir-ikki hovuch bug‘doy po‘stlog‘i bor. Chumolilar to‘xtash neligini bilmay, donlarni kel­tiraveradi.
Bolaning bobosi g‘allani yig‘ishtirgach, xirmon vaqti ozroq bug‘doy keltirib, uya­ning yoniga qo‘ymoqchi edi. Keyinroq bu o‘yidan voz kechdi. “Bu ishdan non puli bo‘larmidi?” dedi. Chumolilarning o‘zaro janjal qilishini o‘yladi. “Ko‘targan bug‘doyi bilan bir-birovini urib, boshlarini yoradi, — dedi. — Bir chertkiga uchib ketadigan bu hasharotlar biri boshqasini bu donlar, somon parchalar bilan zararlaydi. Biror jonivorni o‘zining kattali­gidagi narsa bilan ursang, yo o‘ladi, yo mayib bo‘ladi”.
Bola uzoq bog‘ning yonidan o‘tgan soy girdidagi teraklarga va o‘zining bo‘yiga qaradi. Olisda ko‘ringan Salavan tog‘iga, keyin cheksiz-chegarasiz ko‘kka boqdi. Barcha ko‘rganlarini bir-biri bilan qiyos­ladi. Koinot ichidagi olamni, Oyni, Qu­yoshni o‘yladi. Ummonlar, tog‘lar, qirlar, shaharlarning hammasini ang­lashga urinardi. “Ummon bizning uyimizdan milliontasini yutib yubora oladi, — dedi geografiya o‘qituvchisining darsda aytganlarini eslab. — Yer aylanadi, ham o‘z atrofida, ham Quyosh atrofida”. O‘zi ham qo‘llarini yoyib aylandi. “Ha, Yer mana shunday aylanadi”, deb qo‘ydi yana. Bosh aylanishi bilan hayratlari aralashib ketdi.
Sigir qo‘shnilarning ekiniga yaqinla­shib qolgandi. Bola to‘rt oyoqlab, nafasi tiqilib yugurdi. Ekinga endi bir-ikki qadam orala­gan sigirni tayog‘i bilan qay­tardi, urdi. Haydab yana avvalgi joyiga olib keldi. Quyosh botayotgandi. Dastlab, bir-ikki tomchi tushib turgan yomg‘ir, favqulodda kuchaydi. Bola sigirni yugurtirdi. O‘ng sag‘riniga shapatilab: “Qani tezroq, Qoraqiz, tezroq. Shalabbo bo‘lib ketamiz”, dedi. Sigirni quvib tepalikdan pastga — to‘g‘ri uyga qarab kelardi. Bu orada yomg‘ir siyraklashishga ham ulgurdi. Bola sigirni og‘ilga qamab, ichkariga chopdi. Suvga tushgan mushukdek jiqqa ho‘l edi. Javondan kiyimlari o‘ralgan tugunni topdi. U yerda uchta tugun bor. Bola o‘zinikini oldi va tezda kiyimlarini almashtirdi. Buvisining tizzasiga boshini qo‘yib, ojiz bir ovozda so‘radi:
— Buvi, endi chumolilarning uyasiga suv to‘ladimi?
— Yo‘q, qo‘zim, ularning uyasi juda chuqurda, to‘lmaydi.
— Ular bu havoda sovuq qotmaydimi?
— Yo‘q, ularni shunday yaratgan, sovuq qotmaydi.
Bolaning o‘zi anchagina sovuq yegandi-da. U: “Chumolilarning ko‘pi yomg‘irda qolgandi. Rosa ivigan bo‘lishsa kerak. Uzoqda qolganlari uyalarini topoladimi?” — deb o‘ylarkan, tulki yodiga tushdi. Tulki tog‘a­sining katagini bosganini necha bor tasavvur qilgandi. Uning tovuqlarga hujum qilishi ko‘z oldidan film tasmasi kabi o‘tardi.
— Ha, aytgancha, buvi, tog‘amning tovuqxonasiga tushgan tulkini ko‘rdim. Yuqoridagi bog‘larga tomon ketayotgandi.
— Endi kimningdir uzumiga tushadi.
— Ovqatdan keyin meva yesa kerak-da u ham.
Kampir ixtiyorsiz kulib yubordi. O‘tgan qishda buvisining sandig‘i turadigan burchak xonadagi gilam xayoliga keldi.
— Buvi, o‘tgan yili gilamni sichqon kemirgandi. Keyin mushuk oldik, a?
— U sichqonning jigari og‘zidan kelsin. O‘sha gilamni men kelin bo‘lib tushganimda qaynotam qaynilarimga ot-aravada tashitgan sepimga olib kelib sovg‘a qilgandi. Toza Turkman gilami.
Buvisi 80 yosh atrofida. 18 yoshida kelin bo‘lgan ekan. Shunga ham 60 yilcha bo‘libdi. U paytning odamlari qaysi yilda tug‘ilganini aniq bilmasdi. Falonchi rahbarligi paytda, Qib­ris urushi boshlanganida yoki xirmon payti tug‘ilganliklarini aytishadi. Buvisi ham shunday.
Kampir: “Balki, mushugimiz o‘sha sich­qonni yegandir” dedi.
Kech tushdi. Tashqarida hasharotlar umumiy xorini boshladi. Ularga uyning qay­sidir burchaklaridan qora chigirtkalar ham qo‘shildi. Bola yotog‘iga ancha kech kirdi. Charchoq uni yenggandi. Bir muddat yana chumolilarni o‘yladi…
Ertasi kun. Maktab yo‘q. Bola subhi­damdan sigirini o‘tloqqa keltirar-kel­tirmas chumolilar uyasi tomon yugurib ketdi. Ko‘rdiki, hamma narsa xuddi kechagidek. Faqat uyaning atrofidagi bug‘doy donalari­dan asar ham yo‘q. “Yomg‘irda oqib ketgan”, deb o‘yladi bola. Tuproq qurigan, kecha yomg‘ir yoqqani bilinmasdi ham. Quyosh yana ovulni, ekinzorlarni, adirlarni qizdira boshlagandi. Sigiriga qarab qo‘yib, “Biroz aylanay-chi”, dedi. Bugun hali tulkini ko‘rmadi. Oqshomga qadar tepalikka har zamonda bir qarab qo‘ysa-da, tulki yo‘q. Bola sigirini haydab, qo‘shiq kuylab, hushtak chalgancha uyiga jo‘nadi.
Har doim yonidan o‘tadigan na’matak butalariga yaqinlashganda birdan to‘xtadi. Ko‘zlariga ishonmasdi. Tentirab-tentirab yurayotgan tulkini ko‘rdi. Tulki mast kabi yurardi. Harsillab nafas olar, “qax-qax” qilib yo‘talardi. Bola avval qo‘rqib yaqinlashmadi, darhol qo‘liga bir tosh oldi. To‘xtagan yerida cho‘kkalagancha o‘tirdi va bo‘ynini cho‘zib tulkini poyladi. Tulki jon berayotgandi. Bola buni tomosha qilib turdi. Uni qutqarishni xohlar, qo‘lidan hech narsa kelmasligini his qilib turardi. Tulki endi nafas olmay qo‘ydi. Qorni ko‘tarilib-tushmas, qimirlamay yotardi.
Bola sigirini haydab uyga keldi. Uni og‘ilga qamar-qamamas ichkari yugurdi.
— Buvi, tulki butalarning ostida qihillab-qihillab o‘lib qoldi.
— Yaxshi bo‘pti, ajab bo‘pti.
— Nega unday deysiz, buvi? U
ajo­yib tulki edi. Bosgan bo‘lsa, tog‘am­ning tovuqxonasini bosgandir, biznikini emas-ku.
— Nimasi ajoyib edi o‘sha qo‘tirning? Ha-ya, tog‘ang zaharlangan go‘sht tashlagan ekan tovuqxonasining oldiga. Shuni yegan bo‘lsa kerak.
Tog‘a deganlari onasining akasi emasdi, buvisining akasi edi. Ya’ni — katta tog‘a.
Oqshomda ovuldagi chinor tagida choyxo‘rlikka to‘plangan qo‘shnilar tog‘a­sining mahoratini maqtar, jonlariga tegib ketgan bu tulkidan axiri qutilganlarini ayti­shardi. O‘sha tunda bola katta tog‘aning uyiga bir marta ham bormaslikka, u bilan gaplashmaslikka ahd qildi. Ammo bu ahdini tongda buzdi. Buvisi tog‘aning uyiga go‘sht maydalaydigan chopqisini so‘rattirib jo‘natganida so‘zidan chekinishga to‘g‘ri keldi. Katta tog‘a bilan gaplashishga majbur bo‘ldi.
Uning xotini chaqirganda ichkariga kirib taom ham yedi. U yerdan chiqib, na’matak butalari yonidan o‘tarkan, tulkiga qaradi. Uning og‘zi-burnida hasharotlar bijg‘ib yotardi. Qo‘liga tayoq olib tulkining qotib qolgan murdasini turtdi. Oldinga itarib ko‘rdi. “Endi u turmaydi”, dedi. Tulkining yaqinlari uchun motam bo‘lsa-da, qurt-hasharotlar uchun bayram edi.
Kecha dalalarda vaqtichog‘lik qilgan tul­kidan bugun bir iz yo‘q va endi hech qachon bo‘lmaydi. Bola qo‘lidagi uzun tayoqni ot qilib, oyoqlari orasiga olgancha: “Chambilbelga olg‘a, G‘irot!”, dedi. Keng yaylovlarni “Chambilbel” derdi u. Juneyit Arkinning “Go‘ro‘g‘li” filmini qayta-qayta tomosha qilgandi. O‘zini Go‘ro‘g‘li kabi his etardi. Yog‘och otiga qamchi berib, quyosh tomonga qarab yugurtirdi. Chambilbelga chiqib “ot”dan tushgach, qo‘lini ko‘ziga soyabon qilib g‘ishtin uylar orasidagi o‘z uyiga qaradi. Ertaga maktabga chiqishi kerak. Geografiya darsini rosa sog‘ingan.
Uyga qaytdi. Oqshom yana buvisi har doim aytib beradigan parilar, devlar haqidagi ertaklarini eshitdi. Yotog‘iga kirganda, boshigacha ko‘rpaga ko‘milib, xayol surib yotdi. Uzoq vaqtgacha devlar bilan olishdi. Bu xayol ummonida ko‘p suzib yurolmadi. Chuqur va sokin bir uyquga ketdi.

Turkchadan
Shahzod SHODMON tarjimasi.