Xotira mashqi

“Darsda o‘qituvchining ma’ruzasiyu aytayotgan gaplariga qancha e’tibor qaratmay, baribir eslab qololmayman. Ba’zida mavzuni yodlab, aytib beraman. Ammo uch-to‘rt kundan so‘ng yana esimdan chiqadi. Dars tugul onam tayinlagan vazifalar ham ba’zida yodimdan ko‘tariladi”…

Ehtimol, sizda ham shu kabi holat kuzatilayotgandir? “Eslab qolish qobiliyatim yaxshi emas”, deb noliyotgandirsiz? Unda bugungi tavsiyalarimiz siz uchun!
Aksariyat hollarda kuchli stress oqibatida xotira susayadi. Stress holatidagi insonlar suhbatdoshning gapini go‘yoki eshitadi, ammo hayoli boshqa joyda bo‘ladi. Eshi­tayotganini tahlil qilmaydi. Bu loqaydlik va tushkunlikka sabab bo‘ladi. Stress jarayoni insonning xarakteriga qarab turlicha kechadi. Masalan, xo­leriklar birov bilan janjalla­shish yoki sport bilan shug‘ulla­nish: sangviniklar ovqat tanovul qilish; flegmatiklar ijod yoki amaliy san’at; melanxo­liklar uyqu va yig‘lash bilan stresni yengadi.
Stress holati oshqozon osti bezining ko‘p miqdorda kislota ajratishiga sabab bo‘lib, inson tez och qoladi. Ba’zida stress faoliyatga undovchi sifatida namoyon bo‘lib, uy ishlarini bajarish orqali holatdan chiqishga yordamchi kuch vazifasini o‘taydi. Demak, bu hol insonga kerak. “Stress — hayot tuzi”, deb bejiz aytilmagan. Ayrim hollarda stress natijasida inson bajarolmayotgan ishlari­ning uddasidan chiqadi. Demak, stress insonga ijobiy ta’sir ham ko‘rsatadi.
“Endi nima qilsam bo‘ladi? Bunga davo bormi? Xotiramni yana qayta tiklashim mumkinmi?”, degan savollarni o‘ylayotgandirsiz? Albatta, mumkin. Avvalo, xotiram hammanikidan kuchli, degan o‘y bilan o‘zingizni ishontiring. Atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalar­ni tanish narsa bilan bog‘lab eslab qolishga urining. Ba’zi shaxslar bo‘lgan voqeani yon daftarchasiga yozish orqali esda saqlamoqchi bo‘ladi. Ammo bu ham 100 foiz ijobiy natija bermaydi. Ya’ni bu xotirani dangasa qilib qo‘yadi. Ma’lumotni eslab qo­lish uchun uni baland ovozda o‘qing. Biror kulgili yoki be’mani voqeaga bog‘lang. Mavzuni yodlamang, aksincha, tushunishga harakat qiling. O‘qiyotgan, miyada yaratayotgan materialingizni tasavvur qiling. Miyada yangicha faollik va g‘ayrat bilan harakat qilayotganingizga o‘zingizni ishontiring.
Bundan tashqari, ko‘proq piyoda yurishni odat qiling. Axir, “Tabiatning o‘zi tabib”, deb bejiz aytilmagan. Ovqatlanish tartibiga amal qiling. Tabiiy va toza mahsulotlarni tanovul qilishga odatlaning. Muddati o‘tgan ovqatlar ham xotirani zaiflashtiradi.
Har qanday holatda ham samimiy tabassum qilishga harakat qiling. Har tong matoni namlab boshingizning yuqori qismiga tegizib qo‘ying. Bu usul miyani tetiklashtiradi. Kunda to‘rt dona yong‘oq yeyishga odatlaning. Ko‘proq kitob o‘qib, she’r yodlang. Bu kayfiyatni ko‘tarishga, hayotda o‘zingizni baxtli his qilishingizga va xotirani mustahkamlashga yordam beradi.

Mashq:

O‘ng qo‘lingiz barmoqlarini toliqquncha ochib yoping. Bunda chap miya yarimsharlari faollashadi. Chap miya yarimsharlariga insonning anglash va bilish funksiyalari kiradi. Xuddi shu mashqni chap qo‘lingiz bilan ham bajarib, o‘ng miya yarimsharlarini harakatga keltiring. O‘ng miya hissiyot va ehtirosga “javob beradi”.

Tavsiya:

Kitob mutolaa qilayotganingizda yoki dars tayyorlayotganingizda oldingizga hushbo‘y atir yoki gul keltirib qo‘ying. Bu usul chap miya yarimsharlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mirjavlon MIRSHARIFOV,
Yoshlarga ijtimoiy psixologik xizmat
ko‘rsatish markazi treneri