Yaxshi kitob — do‘st

Jon LEBBOK

Jon Lebbok (1834-1913) britaniyalik qomusiy olim, yozuvchi, siyosatchi, arxeolog, biolog.

Arxeologiyaga neolit va paleolit tushunchalarini kiritgan. Britaniya parlementi deputatligiga uzluksiz yetti marta saylangan.

Kembrij va Oksford universitetlari faxriy doktori, bir qancha ilmiy jamiyatlar (London Qirollik entomologlar jamiyati va boshqalar) prezidenti bo‘lgan.

Bashariyat uchun kitob — inson xotirasiday gap. Ularda — bizning tariximiz, ularda — haqiqatlarning kashf etilishi, ularda — ilm-fan rivoji va asriy tajribalar mujassam; ular — yerning g‘aroyibligini, tabiat go‘zalliklarini aks etiradi; ular — falokatlardan asrab qoladi, hijron damlarini hayrat lahzalariga almashtirib, g‘am-tashvish, azoblarga malham bo‘ladi, tafakkurni olijanob va teran fikrlar bilan boyitadi, ­qalbni yuksaltiradi.

Ikki kishi haqida qadimgi sharq rivoyati bor: bittasi qirol-ku, ammo tunlari tushida o‘zining gadoylik qilib yurganini ko‘radi; boshqasi gado, ammo u har kecha qirol bo‘lganini, saroyda davron surayotganini tush ko‘radi. O‘sha qirol boshqalardan baxtli hayot kechiryapti, degan fikrdan yi­roqman. Gohida hayotning o‘zidan ko‘ra u haqidagi tasavvurlar jonliroq tuyuladi. Kitob o‘qir ekanmiz, (agar xohlasak) nafaqat qirolga aylanib saroyda yashaymiz, hatto — undan ham muhimi — tog‘lar cho‘qqisiga chiqamiz yoki dengiz sohilida sayr etamiz, yer yuzining oltin vodiylarida sayr-sayohat qilib, bularning barchasini charchamay, noqulaylik sezmay va katta xarajatlarsiz ro‘yob­ga chiqaramiz.
Kitoblar dunyosini odatda do‘stlar davrasiga qiyoslashadi. Ammo do‘stlar davrasining eng olijanoblarini, iste’dod sohiblarini ajal olib ketadi, boshlagan ishlari yakuniga yet­may qoladi. Kitoblar olamida esa aksincha: fano daryosi ko‘piklarni — nomunosiblarni oqizib ketadi, ammo yaxshilarga tegolmaydi…
Hayot berishi mumkin bo‘lgan barcha ne’matlardan bahramand bo‘lgan ko‘pchilik odamlar oxir-oqibat haqiqiy huzur-halovatni — kitob bilan yolg‘iz qo­lishni avlo ko‘radi. Eskem “Muallim” asarida Jeyn Grey xonim huzuriga borganini juda ta’sirchan hikoya qilgan. U xonimni deraza tokchasida o‘tirgancha Platonning Suqrot vafoti haqidagi hikoyasini o‘qiyotgan paytda uchratadi. Ota-onasi itlar vovullab, ovozi kelib turgan bog‘da ov qilishayotgan Jeyn xonimdan muallif o‘z hayratini yashira olmaydi: undan ovchilar safiga qo‘shilish ishtiyoqidan qanday qilib o‘zini tutib turganini so‘raydi.
“Qiziqmisiz, — deya javob beradi qiz, — ularning har ne ko‘ngilochar ermaklari men Platonni o‘qib his qilgan huzurning ko‘rimsiz ko‘lankasi, xolos…”.
Makoley bir qizchaga yuborgan xatida yozadi: “Olijanob maktub uchun tashakkur. O‘zimning jajji qizimga shodu hurramlik baxsh etish men uchun doimo quvonchli bo‘lgan; uning kitobsevar ekanidan xabar topsam, yana ham sevinardim; u mening yoshimga yetganda, kitob kulcha yoki somsadan ham shirinroq, barcha ovunchog‘u o‘yinchoqlardan qiziqroq, dunyodagi har qanday tomoshadan ham g‘aroyibroq ekanini, albatta, tushunib yetadi. Agar menga qirol bo‘lishni — saroylar, bog‘lar va xiz­matkorlarga xo‘jayin bo‘lishni taklif etsalar, mazali taomlar, sharoblar berishsa, yumshoqqina ko‘rpachaga o‘rab qo‘yishsa, hashamatli liboslar kiydirishsa — faqat bir shart bilan: agar kitob o‘qimasam — men hech qachon rozi bo‘lmas edim. Kutubxonasi yo‘q qirol bo‘lgandan ko‘ra, qashshoqlar singari chordoqda, ammo sanoqsiz kitobla­rim bilan yashaganim yaxshi”.
Kitoblar, haqiqatan, kambag‘al kulbasini orzular saroyiga aylantira oladi. “Parnasdan boqsang, taxt ustida turib qaragandan ko‘ra olislar ko‘rinadi”, degan edi Jan-Pol Rixter. Qay bir ma’noda kitoblar bizga hayotdagiga qaraganda jonliroq tuyg‘ular baxsh etadi, qayta o‘qiganingda tabiat tasviri yanada go‘zalroq tuyuladi.
“Hamma ko‘zgular sehrli, — deya bizni ishontiradi Jorj Makdonald, — eng oddiy xona ham ko‘zguda aks etganda shoirona, muhtasham makonga o‘xshab ketadi”.
Agar qaysidir kitob sizga qiziqarli tuyulmasa, uning muallifini ayblashga oshiqmang. Mutolaa qila olishning o‘zi ham haqiqiy san’at. Sust mutolaa qilishdan natija chiqmaydi. Qo‘lga olingan kitobni uqishga harakat qilish kerak. Ko‘pchilik o‘qish-yozishni yaxshi bilaman deb o‘ylaydi, aslida oramizdan ayrimlargina to‘g‘ri yozish va chinakam mutolaa qilish ko‘nikmasini egallagan, xolos. Axir qog‘ozdagi tanish so‘zlar ma’nosini bilish va sukut saqlab, beixtiyor ko‘z yugur­tirishning o‘zi kamlik qiladi. O‘qilgan matnni xotirada qayta takrorlash, asarda tasvirlangan kishilarning qiyofasini ko‘z oldingga keltirib, “tasavvurlar galereyasi”ga kiritishga harakat qilish lozim.
“Kitob, — deydi Eskem, — biz yigirma yilda o‘z tajribamizda egallashimiz mumkin bo‘lgan bilim-ko‘nikmalarni bir yilda qolaversa, mutlaqo qiyinchiliksiz o‘rgatadi, hayotiy tajriba esa odamni donishmandlikdan ko‘ra baxtsiz qilib qo‘yish ehtimoli ko‘proq. Biz tavakkalchiliklar oqibatida aqlimiz kirmay turib qalbda jarohat ortti­rishimiz mumkin. Bir necha marta kemasi halokatga uchragandan keyin sergak bo‘lib qolgan kapitanga ham yoki ko‘p bor kasod bo‘lgach, so‘ngra boyib ketgan savdogarga ham havas qilib bo‘lmaydi”. Tajribalar natijasida egallangan donishmandlik esa juda qimmatga tushadi!
Turli so‘qmoqlarda adashib uzoq sargardon bo‘lgandan keyin maqsad sari yaqin yo‘l topganda, ko‘ngilni qanchalik quvonch va achinish tuyg‘ulari qamrab olishi barchaga ma’lum. Albatta, kimki tajriba­sini kitobsiz boyitgan bo‘lsa, balki donishmanddir, ammo u zulmatda jon-jahdi bilan qayerga ketayotganini o‘zi ham bilmay chopayotgan odamga o‘xshaydi. To‘g‘ri, ayrimlar kitob o‘qimay ham hayot saboqlarini olib baxtli bo‘lishgan. O‘sha kitob o‘qimay, faqat ha­yotiy tajriba bilan oz bo‘lsa-da donishmand­lik va baxtga ­erishgan tanishlaringizga — keksami-yoshmi — e’tibor bilan qarasangiz, ularning boshiga ne-ne savdolar tushgan, hayot yo‘lida qancha falokatlarga yo‘liqqan va yigirmata holatdan o‘n to‘qqiztasida boshini xatarga qo‘yga­niga guvoh bo‘lasiz. Shunday vaziyatda o‘g‘lingizning shu yo‘ldan ilm-u baxt qidirib yo‘lga chiqishi shartmikan, deb o‘yla­nib qolasiz.
Kitob tanlash xuddi do‘st tanlash sin­gari jiddiy masala. Biz qanday ish qilayotganimiz singari nimani o‘qiyotganimizga ham mas’ulmiz. Miltonning purma’no so‘zi bilan aytganda, yaxshi kitobda “xuddi binafsha kabi, uni oziqlantirgan jonli iste’dodning pokiza va pishiq qorishmasi saqlanadi”.
Kitobni zarracha bo‘lsa ham huzurla­nib (men katta foyda haqida aytmayapman), ermakka emas, balki tarbiya olish niyatida mutolaa qilishimiz lozim. Yengil-yelpi, ermakka yozilgan kitoblar shirinlikka o‘xshaydi, bolalar uchun yoqimli va foydali, ammo asalning ozi shirin emasmi?
Shunday kitoblar borki, ularni kitob de­yishga tiling bormaydi, ularni o‘qish — vaq­tingni boy berish; ularning orasida odam jirkanadiganlari ham bor; mabodo o‘sha kitoblar odam bo‘lsa bormi, uyalib o‘tirmay ularni eshikdan quvib solgan bo‘lardim. Albatta, hayotning xatar va vahimalaridan ogoh etadigan kitoblarni o‘qiydigan hollar bo‘ladi, ammo yovuzlikka qarshi yozilgan kitoblar ham yovuzlik ruhidadir.
Yaxshiki, boshqa kitoblar bor — baxtimizga juda ko‘p — ularni o‘qigan har kishi ruhan yuksaladi. Faqat har kimning o‘z ishi va sohasiga oid kitoblarni o‘qish bilan cheklanishini xato deb sanayman. Bu kitob­lar ham foydali — bunga qarshi emasmiz, ammo bu kitobdan olish mumkin bo‘lgan yuksak natija emas.
Chinakam kitoblar bizni teran tafakkur olamiga olib kiradi va bizga qanchalik ikir-chikirday tuyulsa-da, kundalik turmushning g‘am-tashvishlarini deyarli unu­tamiz. Kitob bilan muloqotga kirishgan kishiga halal berishni chinakam jinoyat hisoblayman. Bunday hollarga qarshi Xemerton e’tiroz bildirgan edi: “Butun diqqat-e’tiborini sevimli muallifi bilan muloqotga qaratgan odamni tasavvur qiling, balki u kirgan olam bizning davrimizdan mutlaqo a’lo, o‘zga asrga, o‘zga madaniyatga tegishlidir. Mana, masalan, u Plutonning “Suqrot himoyasi”ni mutolaa qilayotir, uning tasavvurida rangin bo‘yoqlarda jonli lavhalar tiklanayotir: besh yuz hakam, yunon me’morchiligining qat’iy chiziqlari, afinalik olomonning gala-g‘ov­uri, dog‘uli Milet, yovuz hasadgo‘ylar, donishmandning g‘amgin, sodiq do‘stlari, bularning o‘rtasida esa — yozin-qishin bitta yupun kiyimda yurgan qariya. Uning yuzi od­diy ko‘rinishi mumkin, ammo qarashida shunchalar mardlik, g‘urur tuyg‘ulari borki, buyuk aktyor ham hech qachon bu rolni o‘ynay olmagan bo‘lardi. Shunda shafqatsiz hakamlarning ovozini eshitasiz: “Erkak o‘limga hukm etilsin! Xuddi shunday”. Hozir kitobxon asarning Suqrot Pritaneumga mahkum etilishi tasvirlangan joyiga etib keldi va agar o‘quvchini o‘sha joyda chalg‘itishmasa, bizning fikriy zo‘ri­qishimiz uchun beriladigan mukofot — oliy lazzatning nurli daqiqalarini his etadi”.
Olijanob va qiziqarli kitob bilan bir soat vaqt o‘tkazgan kishichalik ezgulik bilan baxtga erishgan odam bo‘lmasa kerak. Va nafaqat mutolaa vaqtida: undan keyin ham yorqin va baxtiyor taassurot qalbimizda qoladi, qachon istasak, ularni yana qalbimizda qayta uyg‘ota olamiz…
Ingliz adabiyoti — inglizlarning milliy boyligi, madaniy merosi. Biz dunyoga buyuk shoirlar, donishmandlar, olimlar yetkazib berganmiz va yetkazib bermoqdamiz. Boshqa hech bir xalqda bunchalik yorqin, olijanob adabiyot yo‘q. Bizning adabi­yotimiz iqtisodiyotimizdan ko‘ra boyroq, harbiy qo‘shinlarimizdan ko‘ra qudratli­roq. U Vatanimizning chinakam g‘ururi va shon-sharafi, uning madhiga qaratilgan hech bir so‘z o‘zi qadar yuksak bo‘la ­olmaydi.

Rus tilidan HUMOYUN tarjimasi.