Erk — muqaddas qonun erur…

Tarixdan meros qolib, o‘rganilishni kutaverib chang bosgan hujjatlarga qarasangiz, 20-30-yillarning girdobida yo‘qotib yuborilgan yuzlab taniqli shoir, yozuvchi, jurnalistlarning “ishlari”ga nazaringiz tushadi. Ulardan biri Elbek — Mashriq Yunusovdir.

U 1898-yilda Toshkent vi­l­o­yati Bo‘stonliq tumanining Xumson qishlog‘ida tavallud topgan. “Men, — deydi shoir tarjimayi holida, — 1905-yilda eski qishloq maktabida o‘qidim. U yerda to‘rt yil davomida ilm oldim… 1910-1911-yillarda juda qiynaldik. Natijada boshqa aka-ukalarim kabi men ham ishlashga majbur bo‘ldim”.
Elbek 1911-yilda Toshkentga keladi va bir boyga xizmatchi bo‘lib yollanadi. Ayni payt­da Toshkentning Eski shahar mavzeyidagi “Hokiy” maktabida o‘qishni davom ettiradi. 1914-yilda “Namuna” nomli maktabda ta’lim olib, turli bosmaxonalarda ishlaydi, ro‘znoma sotib kun ko‘radi.
Elbek yoshlik yillarida boshidan kechirgan qiyinchiliklarni “O‘tmishim” nomli dostonda shunday iztirob va alam bilan eslaydi:
Qarol bo‘lib ishladim,
Bir burda non tishladim.
Turmushim kun-kun og‘ir
Bo‘ldi, yiqildim oxir.
Keksa qari otamni
Va boyaqish onamni,
O‘z holiga tashladim.
Shaharga yo‘l boshladim.
Biroq qorin to‘yg‘izish
Bundan ham og‘ir bo‘ldi.
Kimsalarga sarg‘ayib
Guldayin yuzim so‘ldi…
1919-yilda Oktabr to‘ntarishidan so‘ng sakkiz oylik muallimlik kursini bitirib, o‘qituv­chilik qiladi, til va imlo muammolari bilan shug‘ullanadi. O‘sha davrda nashr etila­digan “Maorif va o‘qitguvchi”, “Inqilob”, “Bilim o‘chog‘i” kabi ro‘znomalar bilan hamkorlik qilib, tahrir hay’atida faoliyat yuritadi.
Elbek qatag‘on yillari nohaq millatchilikda aybla­nib, qoralandi. U haqda o‘sha davr matbuoti shunday yozadi: “Fitratning eng sodiq shogirdi Elbek aksilinqilobchilarning qonli lagerida turib, partiya va sovetlarga qarshi zaharli she’r, masal, maqolalar yozdi. Aksilinqilobchilarning gazeta va jurnallari Elbekning she’risiz chiqmas edi. Elbek o‘zining o‘tmishda, hozirgi ijodi bilan sovetlarga qarshi dushman tegirmoniga aktiv ravishda suv quyib keldi”. (J.Sharifiy, “Elbekning ijodi haqida”, “Yosh leninchi” gazetasi. 1937-yil 20-avgust).
Elbek bor-yo‘g‘i qirq yil yashadi. 1937-yilning 7-avgustida “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinib, 12 yilga ozod­likdan mahrum qilindi. Og‘ir xastalik tufayli 1938-yilda Magadanda vafot etdi. Ammo o‘zi yozganidek, adabiyotimiz bo‘stoniga turfa gullar ekib ketgani bilan hamisha barhayotdir:
Ha: bu mening qo‘lim-la yaratilgan gul,
Qanday qila olay, mening sovg‘am shul.

Masalchilikni Elbek boshladi. Tarjima yo‘li bilan emas, balki masalchilikni tug‘dirish yo‘lini tutdi. Hali bu yo‘lda undan boshqa kishi ko‘rinmagan.

Abdurahmon SA’DIY, adabiyotshunos olim, munaqqid

Elbek og‘zaki adabiyotni xalqdan olish va xalqqa qaytadan yetkazishda el tilining tushunarli ta’sirlaridan ko‘p foydalangan, bolalar adabiyotida masalchilikni yaratgan katta san’atkor edi.

Ashurali ZOHIRIY, olim

Shoir “Til” she’ri orqali o‘zbek tilining qadriyatlarinigina emas, balki butun turkiy tillarning nufuzini qadrlamoqqa, ularning, xususan, ona tilimizning o‘zga til, ya’ni hokim tilning soyasida qolayotganidan ranjiydi.
Aslida qadrdon do‘sti Fitratning “Til” she’riga javob tariqasida yozilgan bu she’r orqasidan ijodkor juda ko‘p azob chekkan, nohaq ayblangan edi.

Haydarali UZOQOV, tarix fanlari doktori, professor