Kimlar bog‘cha pulini to‘lashdan ozod qilinadi?

Savolga huquqshunos Shuhrat NIZOMOV javob beradi:

— “Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra, bog‘chada bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi.
Bunda, birinchi navbatda, ota-onadan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironi bo‘lgan, shuningdek, o‘rtacha oylik daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.
To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomaga va tegishli bog‘cha ota-ona­lar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakl­lantiriladi. To‘lovdan ozod qilina­digan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati har o‘quv yilining 25-sentabr kuniga qadar tasdiqlanadi.
Ro‘yxatga kirmay qolgan, shuningdek, yil davomida aniqlangan kam ta’minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi. To‘lov­dan ozod qilingan bolalarning bog‘chaga qatnashi to‘xtatilishi natijasida bo‘shab qolgan o‘rinlar mazkur zaxiradan to‘ldirib boriladi.