Kitob o‘qilmaydi, balki qayta o’qiladi

Vladimir NABOKOV

Vladimir Vladimirovich Nabokov (1899–1977) rus-amerika adibi, shoir va tarjimon. Sankt-Peterburgda tug‘ilgan. 1919-yilda Kembrij universitetiga kirgach, fransuz adabiyotini o‘rgangan. Hayot yo‘li Germaniya, Angliya va AQShda o‘tgan. 1926-yili yozuvchining birinchi romani — “Mashenka” e’lon qilingan. Keyinchalik “Sebastyan Naytning haqiqiy hayoti”, “Lolita”, “Laura va uning asli” singari romanlarni yozdi.

Yevropa adabiyotining durdona asarlarini eng mayda o‘rinlarigacha mehr bilan tahlil qilib, chiqargan turfa xulosalarimga “Qanday qilib yaxshi kitobxon bo‘lish mumkin?” yoki “Muallifga ijobiy munosabat xususida” kabi kichik sarlavhalar qo‘ysam to‘g‘riroq bo‘lar edi. Yuz yil avval Flober mahbubasiga yuborgan maktubida: “Besh-oltita kitobni risoladagiday o‘qib, qanday zo‘r olim bo‘lish mumkin edi”, deb yozgandi.
O‘quvchi kitobni batafsil idrok etishi, undan zavqlanishi lozim. Tayyor xulosadan ish boshlash — ishga aks yondashuv, hatto kitobni anglashni boshlamay turib, undan ajralib qo­lishdir. Muallifga munosabatda nima zerikarli hamda qanday nohaqliklar bo‘lishi mumkin? Masalan, “Bovari xonim”ni olaylik. Asarning o‘zini o‘qimay turib, unda burjuaziya kirdi­korlari fosh etilgani haqidagi xulosa bilan tanishuv maqsadga muvofiq emas. Hamisha yodda tutish lozimki, har qanday san’at asarida biz bilgan olamlarga o‘xshamagan, ularga bevosita bog‘liq bo‘lmagan yangi bir olam yaratiladi. Bizning asosiy maqsadimiz esa ilk bor namoyon bo‘lgan shu olamni batafsil o‘rganish bo‘ladi. Shundan keyingina uning boshqa olamlarga, boshqa sohalarga qay jihatdan aloqador ekani haqida fikr yuriting.
Endi boshqa masala: romanlardan mamlakatlar hamda ularning tarixi haqida biror-bir ma’lumot olish mumkinmi? Nahotki, kimdir soddalik qilib, har qadamimizda uchraydigan bozori chaqqon kitob klublari burnimizning tagiga suqishtirayotgan do‘ndiq betsellerlardan tarix haqida qandaydir bilim olish mumkin deb o‘ylasa? “Sovuq uy”ni bundan yuz yil oldingi London hayotidan ocherklar deb atash mumkinmi? Albatta, yo‘q! Boshqa romanlarga ham xuddi shunday yondashuv taqozo etiladi. Haqiqat shundaki, buyuk romanlar buyuk ertaklardir.
Makon va zamon, yil fasllarining bo‘yoq­lari, muskullar va fikrlar harakati — barcha-barchasi yuksak iste’dod egasi bo‘lgan yozuvchi uchun ommaviy kutubxonadan
olingan o‘xshash haqiqatlar singari an’ana­viy tushun­chalarni anglatmaydi, chunki buyuk qalam ustasi ajoyib kashfiyotlar qilish uchun ajoyib ifoda usulini ham topadi. O‘rtamiyona yozuvchining taqdiri – eski qoliplarga rang berish: u yangi olam yaratishga qo‘l urolmaydi. U boshqalar qo‘llagan to‘qimalar qolipi­dan, amaldagi mavjud iboralardan eng yaxshilarini tanlab olib, siqib suvini chiqaradi. O‘rtamiyona yozuv­chi eski qolipda yasagan turli birikmalar ham o‘tkinchi, bir lahzalik jozibadan mahrum emas, yoqimli va tanish niqobda o‘ziga yarasha fikr taqdim etsa ham o‘rtamiyona kitobxonga ma’qul tushaveradi. Ammo haqiqiy adib insonni yaratadi, tayyor qadriyatlar bilan cheklanib qolmaydi: u o‘z olamiga asos soladi.
Bir chet qishloqda rejadan ortda qolgan ma’ruzalarimni o‘qib yurgan kezla­rim meni olib borishgan kollejda kichik so‘rovnoma o‘tkazdim. Men kitobxonning o‘nta xususiyatini yozib, tavsiya etdim, talabalar ulardan o‘zlari muhim hi­soblagan to‘rttasini belgilashi lozim edi:

1. Kitobsevarlar klubiga a’zo bo‘ladi.
2. O‘zini kitob qahramoniday his etadi.
3. Dastlab asarning ijtimoiy-iqtisodiy tomonlarini o‘rganadi.
4. Kitobdagi tasvirlarga ko‘proq e’tibor qaratadi.
5. Avval ekranda ko‘rmay turib, o‘qimaydi.
6. Boshlovchi yozuvchi bo‘ladi.
7. Tasavvur qila olishi kerak.
8. Xotirasi yaxshi bo‘lishi lozim.
9. Lozim bo‘lganda lug‘atdan foydalanadi.
10. Birmuncha badiiy did sohibi bo‘lishi kerak.

Talabalar bir yoqadan bosh chiqarganday o‘zini asar qahramoniday his etib, ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy omillarni muhim deb bilishdi. Siz-chi, shubhasiz, topdingiz, yaxshi kitobxon — tasavvur, xotira, lug‘at va birmuncha badiiy did egasi bo‘lsin.
Oldindan aytib qo‘yay, men “kitobxon” so‘zini juda erkin ma’noda qo‘llayman. G‘alati ko‘rinsa ham, kitobni o‘qish mumkin emas — uni faqat qayta o‘qish mumkin. Yaxshi kitobxon, sara o‘quvchi, ishtirokchi va yaratuvchi bu qayta o‘quvchidir. Negaligini hozir tushuntiraman. Kitobni ilk bor o‘qiganimizda nigohning chapdan-o‘ngga, qatordan-qatorga, sahifadan-sahifaga ko‘chib borishi, davomli noqulay jismoniy harakat — murakkab jara­yon bo‘lib, fikr yuritishga, makon va zamonning muvofiq­ligiga, asarni estetik qabul qilishga xalal beradi. Biz kartinaga qaraganimizda unda teranlik va rivojlanib boruvchi fikr bo‘lsa ham deyarli nigohimizni o‘zgartirmaymiz. Tasviriy san’at asariga qaraganimizda vaqt aytarli ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Kitob bilan tanishib chiqish uchun esa vaqt sarflanadi. Bizda kitobga bir qaragandayoq butunicha qabul qilib oladigan, keyin uni batafsil tahlil etadigan jismoniy a’zo yo‘q. Ammo ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi o‘qishlarda biz kitobni xuddi kartina singari idrok etishimiz mumkin. Biroq evolutsiyaning bu hayratlanarli hosila­sini undan-da hayratlanarli hosilasi bo‘lgan aql bilan ara­lashtirib yubormang!
Agar shunday ekan, biz xomush kitobxon quyoshday porlagan kitob bilan uchrashganda uning aqli qanchalik ishlashini bilishimiz ke­rak. Hammasidan avval, xomushlik kayfiyati tarqaladi, so‘ng kitobxon jasorat bilan o‘yinga kirishadi. Ayrim hollarda, ayniqsa, yosh kitobxonlarning sirli ta’biri bilan aytganda, eskicha, zerikarli odamlar tavsiya etganda kitob ichiga o‘zingni majburlab kirishga to‘g‘ri keladi; nima bo‘lganda ham agar shu singari maj­burlash bo‘lsa, u o‘zini to‘liq oqlaydi. Ijodkor kitobni yaratishda tasavvuridan foydalandimi, demak, kitobxon ham o‘z tasavvuridan istagancha foydalansin — shunda to‘g‘ri hamda vijdonan bo‘ladi.
Har kimning qalbida xazinasi bor, kitobxon, avvalo, badiiy va ilmiy xazinasini birlashtirsin. Ortiqcha badiiy jo‘shqinlik kitobga nisbatan o‘ta sub’ektiv munosabatni tug‘diradi, jiddiy ilmiy fikrlash esa ichki sezgini susaytirib yuboradi. Ammo kitobxon ehtirossiz, besabr bo‘lsa, musavvir ehtirosi va olim sabri bo‘lmasa, u buyuk adabiyotga mehr qo‘yishi gumon.
Adabiyot, bu — to‘qima. To‘qima bari­bir, to‘qimadir. Hikoyani haqiqiy deb aytish, san’atni ham, haqiqatni ham haqorat qilish bilan barobar. Har qanday katta yozuvchi — katta yolg‘onchi, ammo azaldan qolgan makkor — tabiatning o‘zidir. Tabiat hamisha aldaydi.
Oddiy yolg‘onchilikdan tortib uni ko‘paytirish maqsadida aqlni xiralashtiradigan nayrang­li illuziyalargacha — qushlar va kapalaklar ha­yotini asrovchi ranglar ko‘zni shamg‘alat qiladi va qiziqarli usullardan foydalanadi. Yozuvchi undan ibrat oladi, xolos.
Yozuvchini uchta nuqtayi nazardan baholash mumkin: hikoyachi sifatida, ustoz sifatida, sehrgar sifatida. Ulkan yozuvchida har uchalasi mushtarak bo‘ladi, agar yetakchi sozni sehrgar chertsagina, ulkan bo‘ladi.
Biz hikoyachiga ermak uchun, shunchaki aqlni charxlash uchun, his-tuyg‘ularga beri­lish uchun, zamon va makonning qay bir olis puchmoqlarida adashib yurish istagida yondashamiz. Ustoz yozuvchilardan esa biroz o‘zgacharoq, garchi unchalar boy bo‘lmasa-da aql xazinasini izlaymiz. Ular yuksalib boradigan pog‘ona mana shunday: targ‘ibotchi, nasihatgo‘y, payg‘ambar. Ustozga nafaqat pand-nasihat olish uchun, balki bilim, ma’lumot olish uchun ham yondashish mumkin. Baxtga qarshi, quvnoq Parij yoki mungli Rossiya hayoti haqida nimadir bilish uchun fransuz va rus yozuvchilarining romanlarini o‘qiydigan tanishlarim talaygina. Ammo uchinchisi va asosiysi, buyuk yozuvchi — hamisha buyuk sehrgardek paydo bo‘ladi, biz uning roman yoki she’rining tuzilishini, o‘ziga xos sehrini, uslubini, obrazliligini o‘rga­nishga kirishganimizda, aynan o‘shanda bizni sehriga oladi.

Rus tilidan HUMOYUN tarjimasi.