KOXLEAR IMPLANTATSIYA inklyuziv ta’limga yo‘l ochadi

Respublikamizda ta’lim tizimini jahon standartlariga tenglashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Zamonaviy maktab” dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i, “2020-2022 yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Zamonaviy maktab” davlat dasturi, shular jumlasidan.

Bugungi kunda inklyuziv ta’lim dunyo hamjamiyati tomonidan insonparvar va eng samarali ta’lim sifatida tan olinmoqda.

Inklyuziv ta’lim — rivoj­lanishida turli muammolari, bilim olishga alohida ehtiyoji bo‘lgan bolalarning maktabda alohida sinf­da emas, balki sog‘lom teng­qurlari bilan bir sinfda ta’lim olishidir. Boshqacha qilib aytganda hamkorlikdagi ta’limdir.

Surdopedagogika. Eshitmaydigan bolalar ta’limi amaliyotida umumiy o‘rta ma’lumot olib ham o‘quvchilar to‘liq so‘zlashuv orqali nutqiy muloqot va tafakkurga ega bo‘lmagan. Ammo bunday imkoniyat bugungi kunda paydo bo‘ldi. Ya’ni bolalarga ilk yoshidan koxlear implantatsiya qilish orqali to‘laqonli reabilitatsiyaga erishish dunyo miqyo­sida qo‘llanila boshladi. Bu taj­riba asosida yurtimizda 2014 yildan boshlab davlat byudjeti hisobidan dastavval har yili 100 nafar bolaga koxlear implantatsiya qilishga erishildi. Hozirgi kunda ularning soni yiliga 250 nafardan oshdi.
Respublikamizda koxlear implantatsiya qilingan bolalar reabilitatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha maxsus metodika yaratildi. Buning yordamida bolalar eshitish, sog‘lom tengqurlari darajasida so‘zlashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Koxlear implantatsiya qilingan bolalar reabilitatsiyasi ilk bor Respublika ilmiy amaliy pediatriya markazida tashkil etildi. Mualliflar guruhi tomonidan ota-ona­lar va bolalar uchun metodik o‘quv qo‘llanmalar yaratildi.
Shuningdek, Respublika il­miy amaliy pediatriya markazi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda barcha viloyatlarda surdopedagog mutaxassislarni o‘qitib, joylarda reabilitatsiya ishlarini davom ettirish bo‘yicha qator islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.
“Ubayda Fayziyeva” nodavlat ta’lim muassasasi koxlear implantatsiya qilingan va eshitish apparati o‘rnatilgan bolalarning eshitish va nutqiy reabilitatsiyasini amalga oshir­moqda. Hozirgi kungacha

100 nafardan ortiq bolalarning eshitish va nutqiy ko‘nikmasi shakllantirilib, maktab­ga tayyorlandi.
Natijada bu bolalar sog‘lom teng­qurlari qatori o‘z uyida, mahallasida yashab, inklyuziv tarzda ta’lim olmoqda.

Inklyuziv ta’limni sifatli va samarali tashkil etish uchun:

— jamoatchilik o‘rtasida imkoniyati cheklangan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb etishning mazmun-mohiyati, afzalliklari haqida tushuntirish ishlarini olib borish;
— inklyuziv ta’lim tashkil etilgan maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlarni zarur adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar, multimedia vositalari bilan ta’minlash;
— o‘qituvchilarni inklyuziv ta’lim muhitini tashkil etish va amalga oshi­rishga psixologik, metodik va tashkiliy jihatdan tayyorlash;
— o‘quvchilarning imkoniyatlariga moslashtirilgan, tabaqalashtirilgan, variativ dasturlar asosida ta’lim berilishini tashkil qilish;
— maxsus ta’limda korreksiya, abilitatsiya ishlarini sifatli amalga oshi­rish orqali o‘quvchilarni inklyuziv ta’limga tayyorlash;
— sinf rahbari, fan o‘qituvchilari, defektolog, shifokor hamkorligida inklyuziv ta’limga jalb etilgan o‘quvchilarning kompleks rivojlanish dinamikasini davriy monitoring qilib borish;
— inklyuziv ta’limni samarali amalga oshirayotgan o‘qituvchilar ish tajribalarini ommalashtirish.

Tohir FAYZIYEV,
“Ubayda Fayziyeva” nodavlat ta’lim muassasasi direktori