Majruh (Hikoya)

Gi De MOPASSAN

Bu voqea taxminan 1882-yili bo‘lib o‘tgandi.
Vagondagi bo‘sh kupelardan biriga joylashib, eshikni yopdim. Bir o‘zim qolishim haqida o‘ylab turgan bir paytda eshik qayta ochildi va kimningdir ovozini eshitdim:
— Ehtiyot bo‘ling, janob! Yo‘llar aynan shu yerda tutashgan, zinalar ham ancha baland.
Boshqa bir ovoz javob qaytardi:
— Xavotir olma, Loran! Men tutqichni ushlab olaman.

Dastlab shlapa va ikki qo‘l ko‘rindi. Bu qo‘llar charm mato bilan qoplangan tutqichni mahkam siqqancha, semiz gavdani kupega tomon sekin sudrab kelar, oyoqlar esa zinaga tekkanda toshga urilgan yog‘och singari ovoz chiqarardi. Yo‘lovchi kupega gavdasini sudrab kirgan vaqt osilgan shimi va uning ostidagi yog‘och oyoqning qoraygan uchiga ko‘zim tushdi. Ko‘p o‘tmay ketidan ikkinchisini ham ko‘rdim.
Yo‘lovchining ortidan kimningdir boshi ko‘rindi.
— Bu yer sizga qulaymi, janob?
— Albatta, do‘stim.
— Mana yuk va qo‘ltiqtayog‘ingiz.
Kupe ichiga xuddi iste‘fodagi askarni yodga soladigan xizmatkor kirib keldi. Uning qo‘li bir-biriga mustahkam bog‘langan oq va qora qog‘ozxaltalar bilan to‘lgandi. Xaltalarni birin-ketin xo‘jayinining o‘rindig‘i tepasidagi yuk uchun mo‘ljallangan to‘rga qo‘ydi.
— Janob, hammasi shu yerda: shirinliklar, qo‘g‘irchoq, baraban, o‘yinchoq miltiq va g‘oz jigaridan tayyorlangan pashtet.
— Rahmat, do‘stim.
— Oq yo‘l, janob!
— Sog‘ bo‘l, Loran!
Xizmatkor ketdi. Va men hamrohimga qaradim.
Ordenli, mo‘ylovdor va semiz bu kishi sochlari deyarli oppoq bo‘lishiga qaramasdan, o‘ttiz besh yoshlar chamasida ko‘rinardi. Unda kuchli va shijoatli kishilar qandaydir baxtsizlik natijasida muntazam harakatdan to‘xtasa yuzaga keladigan kasallik belgilari ko‘rinib turardi.
U nafasini rostlab, peshanasini artgancha, menga yuzlanib so‘radi:
— Cheksam, sizga halal bermaymanmi?
— Yo‘q, bemalol.
Bu qarash, ovoz, qiyofa juda ta­nish edi. Lekin qayerda uchratganman? Ha, bu inson bilan qo‘l berib ko‘rishgan, suhbatlashganman ham. Ancha oldin sodir bo‘lgan va xotiram tumanlarida qolib ketgan bu voqeani shuurim paypaslagan kabi qidirar va ular ketidan go‘yo tutqich bermas sharpalarni quvib, yeta olmayotgan kabi holatda edim.
U ham menga qarab nimanidir eslashga urinayotgan odam kabi uzoq va tiyrak nigohda tikilib turardi. Bu uzoq tikilish ikkimizni ham noqulay ahvolga solgach, bir-birimizdan ko‘zimizni olib qochdik. Biroq bir necha soniya o‘tmay, ro‘paramizdagi insonni tanishga bo‘lgan qiziqish ustun kelib, yana nigohlarimiz qayta to‘qnashdi.
— Bir-birimizga o‘g‘rincha tikilgandan ko‘ra, qayerda ko‘rishganimizni eslaganimiz ma‘qul.
Hamrohim hozirjavoblik bilan dedi:
— Mutlaqo haqsiz!
O‘zimni tanishtirishga o‘tdim:
— Mening ismim Anri Bonkler, sud ishlari amaldoriman.
U biroz talmovsirab qoldi, qiyofasidan xotirasi zo‘riqqani sezilib turar va ishonchsiz bir ovoz bilan javob qaytardi:
— Eh, esladim! Men sizni Puanseleylarnikida ko‘rgan edim… Hali urush boshlanmasidan avval
(1870-1871-yillardagi Fransiya- Prussiya urushi nazarda tutilmoqda), o‘n ikki yil oldin!
— Siz leytenant Revaler emasmisiz?
— Xuddi o‘zi… U paytlar oyog‘imdan ayrilmagan vaqtim, kapitan bo‘lishga ham ulgurgan edim. Bitta yadro ikkala oyog‘imdan ham ayirdi.
Shu taxlit qayta tanishib bo‘lgach, bir-birimizga yana tikilib qoldik.
Men raqslarga mohirona va zavq bilan dirijyorlik qilgan, odamlar “To‘fon” deb ataydigan, ozg‘in, chiroyli va yosh yigitni juda yaxshi esladim. Bu qiyofa ortida qachonlardir men bilgan, biroq unutgan, eshitgandan so‘ng o‘zidan ko‘z ilg‘amas iz qoldiradigan, tutqich bermas voqealar namoyon bo‘lardi.
Bu muhabbat qissasi edi. O‘tmish tubidagi bu voqealar hali ham to‘la yodimga tushmas, o‘zimni go‘yo uchib ketgan qushning hidini sezib yer kovlayotgan ovchi itdek his qilardim. Biroq xotiramdagi tuman asta-sekin tarqalib, ko‘z oldimda qizning qiyofasi namoyon bo‘la boshladi. To‘satdan raketa portlagani kabi quloqlarimda uning familiyasi jarangladi: madmuazel de Mandal. Ana o‘shanda bari yodimga tushdi. Bu haqiqatan ham eng oddiy muhabbat qissasi edi. Men bu odamni uchratgan vaqtimda u de Mandal xonimni sevar va to‘ylari bo‘lishiga ham yaqin qolgandi. O‘sha vaqtlar u menga zavqqa to‘lgan baxtli inson kabi ko‘rinardi. Poyezdning harakati ta‘sirida silkinib ketayotgan hamrohimning xizmatkori joylashtirgan yuklarga ko‘zim tushdi. Xizmatkor hanuz kupeda yurgandek, qulog‘im ostida yana uning ovozi jarangladi:
“…hammasi shu yerda: shirinliklar, qo‘g‘irchoq, baraban, o‘yinchoq miltiq va g‘oz jigaridan tayyorlangan pashtet”.
Tuyqus xayolimda o‘sha voqealar yana qayta jonlandi. Bu holat xuddi pulsizlikka, yoinki, jismoniy halokatga yo‘liqqaniga qaramasdan tuzilgan nikohga o‘xshardi. Demak, madmuazel o‘z va‘dasiga sodiq qolgan holda urushdan majruh bo‘lib qaytgan harbiy ofitserga turmushga chiqqan. Bu menga haqiqatan chiroyli va shu bilan birga oddiy tuyulardi: go‘yo bu voqeadagi qurbonlar va muammo yechimi xuddi kino va teatr sahnalaridagidek edi. Bunda­yin olijanoblik va bag‘rikenglik haqida eshitgan yoki o‘qigan vaqting, beixtiyor o‘zing ham yaqiningning quvonchga to‘la xursandchiligi uchun qurbon bo‘lishga tayyor ekanliging haqida o‘ylaysan. Lekin boshqa bir kun hamrohimning ishlari chatoq bo‘lgani uchun kimdandir muqarrar qarz so‘rashi haqida o‘ylaganimda, odamning ruhi shundayin ayanchli afsuslarga to‘lib ketadi.
To‘satdan xayolimda birinchi fikr o‘rnini yangi fikr egalladi: balki, ular urush boshlanib, bu baxtsiz hodisa ro‘y berguniga qadar turmush qurib ulgurgandir. Kuchli va navqiron holda urushga ketib, oyoqsiz holda qaytgan, qo‘zg‘almaslik va kuchsiz g‘azabga mahkum etilgan va se­mizlikdan qochib qutula olmaydigan bu insonga taskin berish, g‘amxo‘rlik qilish uchun ham itoatkorlik bilan, ilojsiz shu hayotni qabul qilgandir.
Uning baxtli yoki aksincha ekanligini bilishga qiziqishim tobora ortib borar, u aytmasa yoki aytishni istamasa-da, agar uning qiyofasida bu aks etganida, balki bilib olgan bo‘lar edim.
U bilan gaplashgan holda bu haqda o‘ylashni davom ettirdim. Biz bir-ikki og‘iz so‘z almashdik. Buyumlarni qo‘yishga mo‘ljallangan to‘rga ko‘zim tushgach, yana miyamda fikrlar aylana ketdi: “Uning uchta farzandi borligi shubhasiz: shirinliklarni rafiqasiga, qo‘g‘irchoq­ni qizalog‘iga, baraban va o‘yinchoq miltiqni o‘g‘illariga va g‘oz jigaridan tayyorlangan pashtetni esa o‘zi uchun xarid qilgan”.
Qayta unga yuzlandim:
— Farzandlaringiz bormi?
— Yo‘q, — javob berdi u.
O‘rtada katta istiholani keltirib chiqarganim uchun biroz xijolat chekdim.
— Meni kechiring, xizmatkoringiz o‘yinchoqlar haqida gapirganida xayolimga kelgandi bu fikr. Ayrim vaqtlarda odam eshitib tursa ham anglamaydi va mushohada etmay turib, xulosa chiqaradi.
U nim tabassum qilib, javob berdi:
— Yo‘q, men hatto uylanmadim ham.
O‘zimni nimanidir eslashga urinayotgandek ko‘rsatardim.
— Ha, aytgandek, men sizni tanigan vaqtda, yanglishmayotgan bo‘lsam, siz de Mandal xonimga unash­tirilgan edingiz.
— Ha, janob. Xotirangiz kuchli ekan.
Men tavakkal qilgan holda, gapi­rishda davom etdim.
— Men keyinroq de Mandal xonimni boshqa janob bilan turmush qurgani haqida ham eshitgan edim. Kim edi-ya?..
U xotirjam holda uning familiyasini aytdi:
— Janob de Flerel.
— Ha-ha, aynan. Shu xabar bahonasida sizning yaralanganingizni ham eshitgandim.
Uning ko‘zlari allaqachon qizarib ketgan, do‘mboq va doimiy qon quyi­lishi ta‘siridagi qizg‘ish yuzi yanada quyuq tus olgandi. U tiyraklik va favqulodda jo‘shqinlik bilan javob berar, go‘yo o‘zi boy bergan ishni himoya qilishga urinar, ko‘zlari va yuragi allaqachon mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘zgalar ko‘z o‘ngida o‘zini g‘olib ko‘rsatishga harakat qilardi.
— Aslida ham, uning ismi mening ismim yonida tilga olinishi noto‘g‘ri edi. Urushdan oyoq­siz qayt­ganimda hech qachon u mening rafiqam bo‘lishiga rozi bo‘lmagan bo‘lardim. Buning imkoni bor bo‘lgan taqdirda ham. Inson o‘zining olijanobligini ko‘rsatish uchun nikohga kirmaydi. Bu ahd har kunni, har soat, har daqiqa va har lahzani birgalikda yashash uchun tuziladi. Biror kim men kabi nogiron inson bilan ha­yotini bog‘lagan taqdirda, oxiri o‘lim bilan yakunlanuvchi qiynoqlarga o‘zini mahkum etgan bo‘lardi. Men barchasini tushunaman, chegarasi mavjud bo‘lgan qurbonlik va o‘zni fido etishdan zavqlanaman, buni qadrlayman. Lekin taskin berib o‘tish uchun o‘zining butun hayotini, baxtga bo‘lgan umidlarini, barcha xursandchilik va orzularini qurbon qilishiga yo‘l qo‘yib berolmasdim. Xonamda yog‘och oyoq­larim va qo‘ltiqtayog‘imning tegirmon shovqiniga o‘xshash ovozini eshitgan vaqtim asabiylashganimdan xizmatkorni ham bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yishga tayyor turaman. Tushun­yapsizmi? Qanday qilib o‘zim­ning bardoshim yetmagan holatni unga ravo ko‘raman? Sizning o‘zingizga shu yog‘ochoyoqlarim yoqqan bo‘larmidi?!
Oraga sukunat cho‘mdi. Nima deyishim mumkin? Uning haqligini ko‘rib turardim. Men uni qorala­shim, tahqirlashim, hech qursa, nohaq hisoblashim mumkinmidi? Yo‘q… Barchasi umumiy, ijtimoiy qoidalar va reallik bilan o‘z yechimini topgan va bu mening shoirona savolimni qanoatlantirmayotgan edi. Bu qahramonlik go‘zal qurbonlikni talab etardi. Aynan mana shu qurbonlik va fidoyilik menda yetishmas va bu birdan o‘zimdan hafsalamni pir qildi.
— Janob de Flerelning farzandlari bormi? — deya savolga tutdim.
— Ha, qizi va ikki o‘g‘li bor. O‘yinchoqlarni ularga olib ketyapman. Umuman, ular menga nisbatan juda yaxshi munosabatda.
Poyezd Sen-Jermen qiyaligidan o‘tib borardi. Tunneldan o‘tgach, vokzalga kelib to‘xtadi.
Men o‘zimning yordamimni taklif etmoqchi va majruh ofitserga tushishi­da ko‘maklashmoqchi bo‘ldim. Shu vaqt orasida eshik ochilib, ikki qo‘l uzatildi.
— Salom, qadrli Revaler!
— O‘-o‘, salom, Flerel!
Erkakning ortida tabassum qilgancha go‘zal ayol turardi. U qo‘lqopli qo‘llarini salomlashgan kabi silkib qo‘ydi. Uning yonida
quvonchdan sakrayotgan qizaloq turar, ikkita o‘g‘li kupe yuqorisidagi to‘rdan otasi tushirayotgan buyumlar ichidagi o‘yinchoqlarga intiq ko‘zlarini tikib turardi.
Revaler perronga tushgan vaqti bolalar o‘zlarini uning quchog‘iga otdi. Keyin barcha birgalikda yo‘lga tushdi. Qizaloq bo‘yalgan (laklangan) qo‘ltiqtayoqning bir burchini ushlagancha, qadrdon do‘stining qo‘lidan tutgan kabi uning yonida ketib borardi.

Rus tilidan
Navro‘za MAHAMADXO‘JAYeVA tarjimasi.