“Menimcha, bu —kitob”

Ma’lumki, rivojlanayotgan O‘zbekistonga zamonaviy va raqobatbardosh yosh kadrlar kerak. Kimdir shu talabga yarasha bo‘lishga intilyapti.
Boshqalar esa allaqachon jahondagi ilg‘or yoshlar safiga qo‘shilib bo‘lgan. Samarqandlik Shohrux Qudratov shular jumlasidan.

Tengdoshimiz 1998-yilda tavallud topgan. Nemis tilini chuqur o‘rganib, Viadrina universiteti (Germaniya)da jahon siyosati va xalqaro huquq yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. Hozir BMTning yoshlar masalalari bo‘yicha elchisi hisoblanadi. Oltita xorijiy tilda bemalol so‘zlasha oladi.
Qahramonimizni suhbatga chorladik.

— Shohrux, BMTning yana qanday loyiha­larida ishtirok etasiz?
— Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘tkazila­digan “Modul of United Nations” tadbirlarida faol qatnashaman. Yaqinda ushbu loyiha doirasidagi konferensiyalar Buyuk Britaniyaning Oksford va Kembrij universitetlarida ham bo‘lib o‘tdi.
— Qaysi horijiy tillarni bilasiz? Ularni qanday o‘rgangansiz?
— O‘zbek, nemis, ingliz, turk, rus, tojik tillarida bemalol gaplashaman. Hozir arab va fransuz tillarini o‘rganyapman. Jahonning turli burchaklari­da do‘stlarim bor. Bir vaqtning o‘zida to‘rt-besh tilda suhbatlashishga to‘g‘ri keladi. Sayohat qilishni yaxshi ko‘rganim uchun ko‘proq tillarni o‘rganishga harakat qilaman. Boshqalarga ham shuni tavsiya qilaman.
— Rivojlanishning asosiy omili nimada?
— Menimcha, bu — kitob. Lekin qaysi yoshda, nimani o‘qishni bilish ham muhim.
— Hayotingizni o‘zgartirib yuborgan
voqeani eslay olasizmi?
— Men “kapalak effekti” na­zariyasiga
ishonaman. Unga ko‘ra, dunyoning bir chekkasidagi kapalakning qanot qoqishi olamning boshqa burchagidagi voqea-hodisalarga ta’sir ko‘rsatadi. Litseyda nemis tilidan fan olimpiadasiga qatnashardim. Ko‘p nohaqliklarga duch kelganman. Navbatdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Germaniyaga ketishga qaror qildim. Ko‘rib turganingizdek, bu voqea hayotimni o‘zgartirib yubordi.
— O‘zbekiston kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
— O‘tgan yili mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida O‘zbekistonda innovatsion g‘oyalarni tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilgan konferensiyada qatnashdim. Unda xorijda yashayotgan tengdoshlarimiz innovatsion g‘oyalari­ning taqdimotini o‘tkazdi. Uchrashuvda amin bo‘ldimki, yurtimizdan tashqarida ham O‘zbekiston rivoji uchun jon kuydirayotganlar ko‘p ekan. O‘ylaymanki, kelajakda ular vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadi.
— Qanday rejalaringiz bor?
— Universitetni muddatidan av­val bitirish harakatidaman. Keyin O‘zbekistonga qaytib kelaman. Yevropada olgan bilim va tajribamni yurt ravnaqiga sarflamoqchiman.

Ravshan BURHONOV