Nomimiz — yuzimiz

Ming yillik tarixi, mustahkam ildizi bo‘lgan boy tilimiz uchun o‘tgan o‘ttiz yil juda qisqa muddat. Ayni paytda, tilimiz taraqqiyoti va huquqiy maqomini mustahkamlash borasida asrlarga teng deb baholanadigan tarixiy davrdir.

Shaharsozlik san’atining eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan “Toshkent-Siti” markazi poytaxtimizga o‘zgacha fayz kiritdi. Bu betakror majmuada birinchi bo‘lib ona tilimizga bag‘ishlangan tantanali marosimning davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilishida katta ramziy ma’no mujassam.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan so‘ng uning nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Kons­titutsiyamiz o‘zbek tilida yaratildi, xalqaro maydonlarda Madhiyamiz ona tilimizda yangramoqda, o‘zbek tilining qo‘llanilish doirasi kengaydi. Shu bilan birga, bu borada qator muammolar o‘z yechimini kutmoq­da. Prezidentimiz o‘z nutqida bunday muammolarga e’tibor qaratar ekan, jumladan shunday dedi: “Jamiyatimizda til bilan bog‘liq eng ko‘p muhokama qilinayotgan, haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan mavzu — bu joy nomlarini belgilash masalasi, desak, xato bo‘lmaydi. Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi Atamalar komissiyasi bilan birgalikda ushbu masalalarni keng jamoatchilik ishtirokida jiddiy o‘rganib chiqishi va tartibga solishi zarur”.
Shu yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligi arafasida Prezidentimiz tomonidan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Quvonarlisi, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi. Bundan tashqari, 21-oktabrni “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlash belgilangani, xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda ilmiy asoslangan yangi so‘z va ata­malarni rasmiy iste’molga kiri­tish bo‘yicha Atamalar komissiyasi tashkil etilayotgani ayni muddao bo‘ldi.
Manbalarda ko‘rsatilishicha, dunyoda 7000 dan ortiq til bor. Shulardan faqat 40 tasigina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakl­langan. O‘sha 40 tilning orasida o‘zbek tili ham bor. Lekin har qanday til nechog‘liq mukammal bo‘lmasin, uning taraqqiyoti yoki tanazzulini til auditoriyasi belgilaydi. Ya’ni undan foydalanuvchilar­ning til me’yorlariga rioya qilish, qo‘llash ko‘lami zabonimiz kelaja­gini belgilaydi.

Ishlab chiqarish, savdo obyekti, korxona, firma yoki mahsulot, uning markasi (brendi)ga o‘zbek tilida nom berishda quyidagi qat’iy mezonlarga amal qilish lozim:
1. Nomda ishlab chiqarish, savdo-sotiq obyekti, mahsulot, uning markasi (brendi) haqidagi eng muhim ma’lumotlarni aks ettirish;
2. Tilning adabiy me’yorlariga rioya etish;
3. Til egalarining umummilliy madaniy qarashlari, an’analari, mentaliteti, dunyoqarashi, psixologiyasiga zid kelmasligi;
4. Nomning ijtimoiy-siyosiy tizim tamoyillariga zid kelmasligi;
5. Insonda yolg‘on tasavvur uyg‘otmasligi, aksincha, uni o‘ziga jalb etishi, tasavvurida ijobiy munosabat hosil qilishi hamda xotirasida tez va oson saqlanishi;
6. Til egalari uchun tushunarli, aniq hamda talaffuzga oson bo‘lishi;
7. Samarali kommunikativ muloqot uchun xizmat qilishi;
8. Mahsulot va iste’molchi o‘rtasida aloqa ko‘prigi vazifasini bajarishi;
Boshqa nomlar bilan o‘xshash bo‘lib qolmasligi, boshqa mahsulotlarni yodga solmasligi;

Bugun internet, ijtimoiy tarmoq­larsiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. Biror ma’lumot zarur bo‘lsa, darrov qidiruv tizimlariga murojaat qilamiz. Lekin bu tizimlarda tilimizga xos biror so‘z yoki iboraning ma’nosi tugul, o‘zbek tilidagi materiallar ham deyarli yo‘q. Hatto O‘zbekiston deganda sayyohlar ko‘z oldiga keladigan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarimiz haqida o‘zbek tilida ma’lumotlar nihoyatda kamligini nima bilan izohlash mumkin? Internetda o‘zbek tili kontenti salmog‘ini oshirish, o‘zbek tili korpusini yara­tish, hech bo‘lmaganda, yaratilgan barcha lug‘atlarning mobil ilovalarini ishlab chiqib, uni internet tarmog‘iga joylash bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifalaridandir.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan nom ostida mahsulotlarimiz jahon bozorida o‘z o‘rnini, xaridorini topmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, har qanday millat dunyo minbariga qadamni dastlab o‘z ona tili orqali qo‘yadi, har qanday ishlab chiqarish mahsuloti dast­lab muvaffaqiyatli tanlangan nom orqali mashhurlik pillapoyasini zabt etadi. Korxona, muassasa, firma, savdo obyektlari yoki mahsulotga til egalari uchun tushunarsiz bo‘lgan xorij tillarida nom qo‘yilishi nom orqali iste’molchi bilan kommunikativ aloqaning o‘rnatilishiga ham to‘sqinlik qiladi.
Keyingi yillarda yurtimizda ishlab chiqarish, savdo-sotiq obyekt­lari, korxona, muassasa, firma, mahsulotlarga o‘zga tillarida nom qo‘yish urfga aylandi. Ayniqsa, inglizcha so‘zlarga ruju qo‘yilmoqdaki, bu­ning sababini turlicha izohlash mumkin.
Birinchidan, ishlab chiqarish obyektlari o‘z nomi yoki mahsulotini ingliz tilida nomlash orqali iste’molchilar e’tiborini o‘ziga jalb qilishni ko‘zda tutgan.
Ikkinchidan, inglizcha nom orqali ishlab chiqarish obyekt­lari mahsulotini jahon bo­zoriga olib chiqishni nazarda tutgan.
Nomning boshqa tilda beri­lishi, bir tomondan, milliy tilimizga soya solish, uning qo‘llanish doirasini cheklash, sofligiga putur yetkazishga olib kelsa, boshqa tomondan, kishilarda milliy tilga bepisandlik kayfiyatini hosil qiladi.
Albatta, har bir tilda nom yaratishning muayyan talab va mezonlari mavjud bo‘lib, unga amal qilish nomning kommunikativ natijaviylik shartlaridan biri hisoblanadi.
Nom yaratish murakkab ijodiy jarayon. Nom yaratishda tilning muayyan lingvistik me’yorlariga amal qilish barobarida xalq madaniyati, dunyoqarashi, mentaliteti, psixologiyasini ham inobatga olish lozim. Shundagina yaratilgan nom ishlab chiqaruvchi va iste’molchi o‘rtasida manfaatli kommunikativ aloqa vazifasini bajaradi, mahsulotning keng tarqalishiga, bozor raqobatida kuchli pozitsiyani egallashiga yordam beradi.
Ishlab chiqarish, savdo obyekt­lari, mahsulotlar, uning brendiga nom qo‘yish jarayonini yengillash­tirish, xaqimizning milliy an’analari va mentalitetiga yot bo‘lgan to‘qima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning o‘zbek adabiy tili me’yorlariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlarni nomlash (neyming) texnologiyasi asoslaridan xabardor qilish, ularga uslubiy ko‘rsatmalar berish, savdo brendlari nomlarining zaxirasini yaratish dolzarb muam­molardan biridir. Bu kompaniya, firma, brend hamda ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlarga nom qo‘yish jarayonini yengillashtiradi, xalqimizning milliy an’analari va mentalitetiga yot nomlar berilishining oldini oladi, nomlar “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga mos bo‘lishi ta’minlanadi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan “O‘zbekcha nomlash (neyming) laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan mazkur masala yechimiga bag‘ishlangan amaliy loyi­ha ustida ish olib borilmoqda. Internet tarmog‘ida barcha tadbirkorlar, ishlab chiqaruv­chilar uchun uznom.uz sayti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu saytda tashkilot, korxona, muassasa, ishlab chiqarish mahsulotlari uchun milliy nomlar zaxirasi yaratiladi, o‘zbekcha nomlash (ney­ming) xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi mahsulotlarga nom berishda til me’yorlari buzilishining oldi olinadi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.”

Durdona LUTFULLAYEVA,
filologiya fanlari doktori, professor,
Muyassar SAPARNIYAZOVA,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent