O‘zbekiston chempionlari aniqlandi

Joriy yilning 23-29-oktyabr kunlari poytaxtimizning O‘zbekiston Taekwondo WTF assotsiatsiyasiga qarashli “Universal” sport saroyida sportning boks turi bo‘yicha 10 ta vazn toifasida kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Hafta mobaynida davom etgan mazkur chempionatda yurtimizning ko‘plab bokschilari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari va “Dinamo” JTSJ sportchilari ham faol ishtirok etib, bo‘lib o‘tgan jang bahslarida o‘z raqiblaridan ustun kelgan holda quyidagi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar:

-69 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tgan yakuniy jangda Milliy gvardiya “Dinamo” JTSJ sportchisi Jahongir Rahmonov o‘z raqibini mag‘lub etib, faxrli
1-o‘rinni qo‘lga kiritdi;

-81 kg vazn toifasidagi chempionlik uchun kurashda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Shuhrat Abdullayev final jangda ustunlikka ega bo‘lib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasini egalladi;

-91 kg vazn toifasidagi yakka kurashlar natijasida esa Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Mirzohid Abdullayev faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, +91 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tgan bahsda Milliy gvardiya “Dinamo” JTSJ sportchisi Saidazimxon Mamadaminov 3-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, kuni kecha Toshkent viloyati Chirchiq shahrining “Universal” sport saroyida o‘tkazilgan kikboksing (K-1) sport turi bo‘yicha Xalqaro ochiq chempionatida munosib ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi xodimi Jaxongir Qodirov, o‘z vazn toifasida (65 kg) faxrli 1 o‘rinni qo‘lga kiritib,chempionlik belbog‘iga ega bo‘ldi.