Tappi (yoxud qishloq haqiqati)

Qish yaqinlashishi bilan keksa o‘qituvchining oyoqlariga qaltiroq kiradi… Odatiy qaltiroq bu. O‘tinxonasi chetidagi ozroq tappini ko‘rib, qaltiroq yana kuchayadi. Ha, bu bilan qishdan chiqish amri mahol, deydi o‘ziga-o‘zi.

Televizorni yoqadi. “Falon hudud paxta rejasini falon foizda bajardi. Shubhasiz, hududning baxtiyor aholisi bu yutuqdan mamnun”, deydi ko‘zlari chaqnagan, xushbichim boshlovchi.
U ichida boshlovchini so‘kadi. Xuddi u tappi va ko‘mir haqida gapirsa, shu muammoni olib chiqsa, ichiga issiqlik kiradigandek bo‘ladi…
“Qaysi mutasaddi hanuz chekka-chekka qishloqlarda gaz yetib bormaydigan, elektr energiyasi bilan ta’minlanmagan xonadonlar borligini inkor qila oladi? Yoki qaysidir rahbarning qish kunlarida aholining holidan xabar olganini eshitganmi­siz? Balki… ammo men hech eshit­maganman ham, ko‘rmaganman ham”, deb g‘udranadi u.
Yoz kunlarida yosh-yosh qizaloq­larning, ayol-u kampirlarning chelak ko‘tarib mol tezaklarini yig‘ib yurganini ko‘rib, ichi eziladi.
Mana, kuz keldi. Yana oz muddatdan so‘ng qish ham qadam ranjida qiladi. Ertalab yuzni erkalaydigan kuz yeli rahmsiz, yuzni chimchilaydigan sovuq shamolga aylanadi. Yillar bo‘yi bu muammo gapirildi, o‘zbekning katta muammosi bo‘lib qoldi. Tog‘larda do‘lanalar, bodomlar qirilib ketdi. Mana, endi o‘ziga to‘qlar ko‘mirga, qo‘li kaltalar tezakka, tappiga, butaga ko‘z tikib
o‘tiribdi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga yaqinlashganda, qaysidir kattaning to‘ng‘illagani qulog‘iga chalinadi: “Juda erkalanib ketdi-da bu odamlar. Gaz emish… Elektr uzilmayotganiga shukr qilsang-chi… Avval shu ham yo‘q edi. Indamasang, idoraning tagiga kelib, tilanchilik qiladi. Tekinxo‘r ko‘paydi”…
Binoga kirsa, oyog‘idagi qaltiroq yanada kuchayishini sezib, ortga qayt­di. Boshi qotdi. Oilasini, yosh bolalari­ni, hamqishloqlarini o‘yladi. O‘ylagan ko‘yi pinakka ketib, tush ko‘rdi.
Tushida laylakqor yog‘ayotgan emish. Katta-katta, juda maftunkormish… O‘tinxona, og‘il, hatto tovuqxonayam yoqilg‘iga to‘la
emish. Tanchaning taftidan tana yayragan, issiq nonning bo‘yi hovliga taralgan…
Balki, baxt degani shudir?!
Keksa o‘qituvchi sovuq yeganini va uyg‘onishi lozimligini o‘ylardi, ammo baxtdan ajrab qolishdan qo‘rqardi…

Sanjar SHOMURODOV