Uzoqdan suv tashir onam

Onamga xat yozishni yomon ko’raman. Chunki maktubimni o’qisa, yig’idan qon bosimi oshib ketadi. Eshitishimcha, ovulimiz pochtachisi to’ng’illab-to’ng’illab maktubimni uyga eltar ekan: ”Shuyam ish bo’libdimi, XXI asrda xat yozish nimasi?! Sog’insa, kelib ko’rsin-da. Boshqa ishim yo’qmi mening“…
Onamga ko’p xat yozmayman, u menga umuman yozmaydi, to’g’rirog’i, yozolmaydi…

Kuz. Havo sovidi, yer nam. Yuz-qo‘limni yuvish uchun hammomga kirdim. Xayo­lim yana ishda, bugun uch para darsim bor. Jo‘mrakni burasam, sovuq suv tomchiladi. Etimni junjiktirib yubordi. Yana suv yo‘q, dedim o‘zimga-o‘zim hafsalam pir bo‘lib. Shu on bu sodda yig‘iq gap onamni eslatdi. Sho‘rlikka: “Sochingiz­ni yuvib yursangiz bo‘lmaydimi!”, degandim o‘shanda.
Shunda onam menga suv yo‘qligini aytgandi. “Shaharga pul, qishloqqa suv muam­mo”, deb qo‘shib ham qo‘ygan. O‘sha on volidamning kirlagan sochlari­-yu qora is bosgan ko‘ylagiga jirkanib qaragandim. Shaharlik oliftaga suv muammomi, katta chelakdagi suvni ayamay ishlatib, kir yuv­gandim o‘shanda. Qo‘shninikidan chiqqan onam hayotida birinchi marta meni qattiq
koyigandi:
— Kir yuv dedimmi senga? Qishloqqa uch kun suv kelmas emish. Endi nima qila­man?!
Jig‘ibiyron bo‘lgan onamni taniy olmasdim: chelakning tagida qolgan yarim choynak suvni quchoqlab, u yoqdan-bu yoqqa yurardi.
“Suvning qadrini qayoqdan ham bilar­dinglar?! Issig‘-u sovuq suv jo‘mragingdan oqib tursa. Ayamay ishlataverasizlar. Jabrini esa biz tortamiz. Bizga ichimlik suv kelmaydi, nuqul yerdan chiqqan suv­ni ichamiz…”
Onamga achchiq qilib, shartta tashqariga chiqib suv izlay boshladim. Ovul­ning chekkasida qo‘ylarini sug‘orayotgan amakiga iltimos qilib, chelagimni suvga to‘ldirdim. Uyga to‘rt soat deganda zo‘rg‘a sudralib keldim. Onam meni izlashga tushibdi. Kelsam, uyda yo‘q.
Mashinam va idish-tovoqlarni yuvishim, vannani suvga to‘ldirib cho‘milishim kerak­ligini eslab, yana onamni ayadim. Axir, ovulda suvning tomchisi ham aziz.
Onam uyga kelgach, xayollarim tarqab ketdi. Meni quchoqlaganida ko‘zidagi yosh yelkamga tushdi: “Kechir, meni, qizim. Seni xafa qilmoqchi emasdim. Hammasiga suv aybdor!”.
Yelkamga tushgan o‘sha sovuq tomchi hammomdagi tomchiga o‘xshar edi, xuddi o‘zi. 150 kilometr uzoqdagi Taxtako‘pir atalmish ovulimda suvni kutayotgan onamni eslatardi u. Xuddi shu payt suv keldi, “Ariston” ham ishladi. Men esa jo‘mrakni qaytarib buradim, suvga qo‘shilgan “nasos”ni ham o‘chirdim. Suvni tejagim keldi…
Onamga ko‘p xat yozmayman, u menga umuman yozmaydi, to‘g‘rirog‘i, yozolmaydi… Chunki u kishi tashvishlar va kundalik uy yumushlaridan ortmaydi, uzoqdan suv tashiydi…

Qumar BEGNIYAZOVA