Yoshlarning media va axborot savodxonligi

bugun har qachongidan ham muhim

Bundan 10-15 yil oldin O’zbekistonda mediasavodxonlik haqida ilk bor mutaxassislar bosh qotira boshlaganda ko‘pchilik bu faqat medianing, ya’ni jurnalistikaning muammosi ekan, degan yanglish tushunchada yurardi.

Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, bu masala butun jamiyat oldida turgan, turli sohalar — pedagogika, sotsiologiya, psixologiya va bosh­qa qator ekspertlar uchun jiddiy “bosh og‘riq” ekanligini anglab yetdik.
Yoshlarning media va axborot savodxonligini oshirish masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb. Chunki hozirgi davrda yoshlar faqat “axborot “iste’molchilari” emas, balki “ishlab chiqaruvchilar” qatorida faol o‘rin egallamoqda. Ya’ni internet va umuman, media olamidagi axborot oqimiga faqat professional muxbirlar emas, balki barcha ilg‘or jamiyat vakillari, ayniqsa, yoshlar ko‘proq mualliflik qilmoqda.

“Media” so‘zi (lotincha — medium, ya’ni vosita, vositachi, usul) turli ko‘rinishdagi kommunikatsiya va axborot vositasini anglatadi. Media tushunchasi tarkib axborotni yaratish, nusxalashtirish, tarqatish vositasi hamda mualliflar va ommaviy auditoriya o‘rtasida axborot almashinuvining texnik vositalari kiradi.

Media atamasidan OAV yoki mass-media tushunchalarining sinonimi sifatida foydalaniladi. Hozirgi zamon jamiyati taraqqiyotiga medialarning ta’siri yil sayin oshib, ular vositasida insonlar atrof-voqyelikni ijtimoiy va ruhiy jihatdan anglab, baholamoqda. Zamonaviy medialarning asosiy jihatlari sirasiga tadqiqotchilar kreativlik (yaratuvchanlik, ijodkorlik) va innovatsiyalarni kiritmoqda.
Axborot savodxonligi — axborotni tanlash, baholash, qayta ishlash va uzatish borasidagi ko‘nikmalar va malakalar majmui. Axborot savodxonligi — bir inson mustaqil ravishda axborot ehtiyojlarini aniqlab, shakllantiradi, axborotni izlaydi, topadi va unga egalik qiladi. Axborotning “oq” va “qora”sini baholay oladi. Uni tizimlashtiradi. Axborotdan axloqiy qoidalarga rioya qilgan holda foydalanib, uni uzatishdan oldin, qayta ishlash jarayonida AKTdan samarali foydalanadi.
Media savodxonlik esa mass-mediani qabul qilish va uning faoliyatini baho­lash bo‘yicha ko‘nikma va malaka majmuini bildiradi.
Media savodxonligi bor inson demokratik jamiyatda medianing roli va funksiyalarini yaxshi tushunadi. Shuningdek, media o‘z funksiyalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni ang­lab, kontentini uning funksiyalari nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda tanqidiy baho­lay oladi. Media vositasida o‘z fikrini bayon etish orqali demokratik jarayonlarda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, media funksiyalarini tushunish, uni amalga oshirish sifatini baholash va o‘z-o‘zini ifoda etish, ijtimoiy jarayonlarda ishtirok etish uchun medialar bilan ratsional hamkorlikka kirishishga urg‘u beradi. Ya’ni jamiyat o‘zi uchun foydali axborotni o‘qiydi hamda media makonni turli keraksiz informatsiyalardan xoli qi­lishga intiladi.
Media savodxonlik mohiyatiga kengroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning tarkibida o‘z fikrini erkin bayon etish ko‘nikmasi, axborot, kutubxona, yangiliklar, kino savodxonligi, komp­yuter va internet, raqamli texnologiyalar sohasidagi savodxonlik, elektron o‘yin­lardan foydala­nish, televizion va reklama savodxonligi kabi tushunchalar mavjud.
Global miqyosda barcha tashkilotlar va muassasalar media ta’lim (MT) atamasidan foydalanadi. Ko‘pchilik tushunchasida u ham media, ham axborot savodxonligini o‘z ichiga oladi. Turli platformalar konvergensiyasi sharoitida ushbu ikki yondashuv uyg‘unligiga intilgan holda YuNeSKO “Media va axborot savodxonligi” (MAS) atamasini ilgari suradi.
MASning yoshlar uchun afzalliklari qatorida bir nechta muhim jihatlarni sanab o‘tish lozim. U har qanday bo‘lajak mutaxassisni kelgusida foydalana olishi uchun keng bilimlar bilan qurollantiradi. MAS demokratik jamiyatda media va axborot kanalla­rining faoliyati haqida muhim bilim beradi.
Shuningdek, media va turli axborot manbalarining funksiyalari doirasidagi faoliyatini baholashda asqatadigan, ushbu funksiyalarni amalga oshirish va asosiy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni tushunishni ta’minlaydi.
Natijada media va axborot savodxonligiga ega bo‘lgan jamiyat erkin, mustaqil va turfa fikrli media va ochiq axborot tizimlarini rivojlantira olishga erishadi.
Biroq yuqoridagi afzalliklardan samarali foyda­lanish uchun har bir yosh media va axborot savod­xonligini yaxlit qabul qilishi, media va axborot kanallari bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun kasbiy savodxonlikni shakllantirishga maqsadli ravishda intilishi, axborotni izlash, saralash, baholash va tarqatish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak.
Qolaversa, MAS yoshlar­ning turli xalqlar, millatlar va ularning madaniyatini tushunishi, madaniyatlararo muloqotni ijtimoiy hayotning muhim vositasi sifatida qabul qila olishiga
ko‘maklashadi.

Beruniy ALIMOV, filologiya fanlari
bo‘yicha falsafa doktori