“AJABTOVUR” AXBOROTLAR yoxud yoshlarga xavf solayotgan xuruj

“Bu “Baxt duosi”. Uni yetti odamga jo‘nating. Uch kun o‘tib, hayotingizda juda katta xursandchilik kuzatiladi” yoki “Bugun Beelinening tug‘ilgan kuni. Bu xabarni yigirmata odamga jo‘natsangiz, hisobingizga pul o‘tkaziladi”, kabi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatish mumkin. Yaqinda buni amalda sinab ko‘rdim. Aslida bunday holatning yolg‘onligini sezib tursam-da, tanishlarimga yubordim. Bir soat vaqt o‘tar-o‘tmas shu xabarni boshqa bir tanishim o‘zimga yubordi. Bu kabi yolg‘on xabarlar qimmatli vaqtimizni o‘g‘irlab qo‘ymoqda. Ehtimol, yaqin tani­shingiz sizga “baxt va omad keltiruvchi” xabarlardan jo‘natgandir. Biroq yolg‘on axborot bilan qachongacha aldanib yurish mumkin? Nega yoshlar bunday axborotga ishonyapti?

Sababi ma’naviy immunitetning kuchsizligida. Biz farzandlari­mizni tarbiyalash davomida ularning bilimli, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi, qorni to‘q, usti but bo‘lishiga katta e’tibor qaratyapmiz. Ammo yoshlar ruhiyatini tarbiyalashga, hayot sinovlarini yengib o‘tishga o‘rgatmayapmiz.
Buning uchun bolaga mehr ko‘rsatish zarur. Shundagina ular mehrni beshafqatlikdan, olijanoblik­ni zo‘ravonlikdan, yaxshilikni jinoyatdan afzal ko‘radi. Bola qalbi mehr va muhabbatga to‘lgan bo‘lsa, unga bu kabi salbiy tushunchalar yaqin yo‘lamaydi. Shuning uchun ham ular fikrlashishga, kattalar bilan muloqot qilishga ehtiyoj sezadi.
Faoliyatim davomida ko‘plab talabalar bilan suhbatlashdim. Natija shuni ko‘rsatdiki, biz yoshlarni ting­lamayapmiz. Hatto oliy ta’limni tugatayotgan yoshlarning ko‘pchiligida maqsad yo‘q. To‘g‘ri maqsad qo‘yishni bilmaydi. Maqsadi bo‘lsa ham unga qanday erishishni, bi­rinchi qadamni qanday qo‘yishni bilmaydi.
Istaymizmi-yo‘qmi, axborot xuruj­larini to‘xtata olmaymiz. Shunday ekan, farzandimizni bunday xavfli xurujlarga qarshi javob beradigan kuchga ega qilib tarbiyalamog‘imiz lozim.
Bola hayotida cheklov va taqiqlar qancha ko‘paysa, uning shu cheklovga qiziqishi yanada ortadi. Ota-ona tovushini balandlatib, qo‘pol ohangda gapirganda bola ruhiyati­da og‘ish hosil bo‘ladi. Aslida buni baqirmasdan, hayotiy misollar bilan tushuntirish lozim. Ayniqsa, balog‘at yoshidagi farzandingiz bilan o‘ta ehtiyotkor munosabatda bo‘ling. Bunday paytda bola oiladan, yaqinlaridan uzoqlashib, “o‘zgacha mehr-muhabbat” izlaydi. Aksariyat hollarda o‘smirlar ijtimoiy tarmoqlardagi axborot girdobiga tushib qoladi. Yoshlarni axborot xurujlaridan asrash uchun qiziq muloqot usullarini qo‘llashi­miz, ularga yaqin bo‘lgan, tushuna oladigan kishilarning kuchidan foydalanishimiz lozim. Masalan, bolaligingizdagi yoqimli xotiralarni, ota-onangiz bilan qayerlarga borganingizni, ular bilan bo‘sh vaq­tingizni qanday o‘tkaz­ganingizni eslang. Ammo farzandingizga ta’na qilib gapirmang. Ya’ni “yoshligimda mana bunday ovqatlanganmiz yoki yupun ki­yim kiyganmiz, sening yaxshi yashashing uchun hamma sharoit muhayyo”, kabi gap-so‘zlardan tiyiling. Kun kelib, u uchun qanchalik harakat qilganingizni, albatta, tushunib yetadi. Muhimi, o‘smir qalbiga ozor yetkazib, o‘zingizdan uzoqlashtirmang. Yoshlarni tarbiyalashda oila­ga, ota-onaga, vatanga hurmat, mehr-muhabbat va daxldorlik hislari birinchi o‘ringa chiqishi lozim.
Aksariyat ota-onalar farzandga e’tiborni ust-boshini but, qornini to‘q qilish, telefoniga istagancha pul o‘tkazish, deb o‘ylaydi. Aslida bu noto‘g‘ri. Ko‘plab ota-onalar bo‘sh vaqt topdi deguncha ijtimoiy tarmoqdan bosh ko‘tarmaydi. Bola e’tiborsiz qolganidan so‘ng tashqaridan najot izlaydi. Tashqi muhit doim ham bolaga ijobiy ta‘sir qilavermaydi. Yoki bo‘lmasa “Bo‘sh vaqtni shu tarzda o‘tkazish kerak ekan”, deb o‘ylaydi.
Inson doim kim bilandir suhbatlashishga, dilidagilarni aytishga, fikr almashishga ehtiyoj sezadi, unga kimdir e’tibor berishini xohlaydi. Demak, ota-ona va farzand o‘rtasida samimiy munosabat ko‘prigi qad rostlashi lozim. Buning uchun ota-ona farzandini yaxshi ko‘rishini, har qanday vaziyatda u tomonda bo‘lishini ochiq ayta olishi lozim. Kun siz uchun qanchalik og‘ir o‘tmasin farzandingiz savol bersa yoki nimadir so‘rasa, uni qoniqtira oladigan darajada javob bering. Hech qachon hozir vaqtim yo‘q, biroz keyin deya ko‘rmang. Qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, farzandingizga vaqt ajrating. Shunda bolani axborot xurujlaridan asrab qolgan bo‘lasiz.

Dilbar HAMDAMOVA,
amaliyotchi psixolog