Ayolni asrash — kelajakni asrashdir

Oila — nikohga va yaqin qarindoshlikka asoslangan aхloqiy mas’uliyat, o‘zaro hurmat, tushunish va mehr-muhabbat rishtalari bilan bog‘langan kichik ijtimoiy guruh. Oila jamiyatning tayanchidir. Jamiyatning barcha belgilari kichik ko‘rinishda oilada namoyon bo‘ladi.

Har bir jamiyatning rahbari bo‘lgani kabi oila boshlig‘i erkakdir. Oila rahbari degani xotiniga, farzandlariga jabr-zulm o‘tkazish, “aytganim aytgan bo‘lishi kerak” qabilida ish tutib, hukmronlik o‘rnatish degani emas, balki oilaning har tomonlama tinch-totuv yashashiga mas’ullikdir.
Ayol esa erdan keyingi oila rahbaridir. U oilaviy munosabatlarning bir tekis davom etishida katta ahamiyat kasb etadi. Oiladagi ma’naviy muhitni mo‘tadil ushlab turish, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanib, turmush o‘rtog‘iga ochiq chehra bilan munosabatda bo‘lish, qarindosh-urug‘, mahalladoshlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish Sharq ayollariga xos fazilat sanaladi. Oilada ayolning o‘ziga xos o‘rni borki, bu o‘ringa aql-zakovatli, farosatli ayolgina erisha oladi. Xalqimiz “Ayol — bo‘yin, er — bosh”, “Erni er qiladigan ham xotin, qaro yer qiladigan ham xotin” deb bejiz aytmaydi.

Bir kun janjal bo‘lgan uydan…

Ayolning ko‘zidagi quvonch, halovat, mehr-muhabbat oilaning fayzi. Aksincha bo‘lsa, oila parokanda, farzandlar qarovsiz, ro ‘zg‘or barakasiz bo‘ladi.
Janjal va to‘polonlar har qanday kishini hayotdan bezdiradi. Tez-tez takrorla­nadigan oilaviy mojarolarga qo‘shnilar ham arala­shishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. To‘g‘ri, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Kimdir baland kelsa, boshqasi pastroq tushishi kerak. Muvozanatni saqlash, oila qalqoni, ko‘prigi bo‘lish erkaklarning vazifasidir. Ro‘zg‘or yukini yelkasiga ortish, farzandlar kamoli uchun yelib-yugurish, bir-biriga suyanch bo‘lish o‘rniga zaifasini haqoratlab, qo‘l ko‘taradigan ayrim “bek”larimizning bu ishini qanday
baholaysiz?!
Shu kunlarda ayollarning haq-huquqlari poymol bo‘lgan voqeliklar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘payib ketdi. Eshitib, “Yo‘g‘-e, inson bolasi shunchalar past ketishi mumkinmi?”, deya yoqa ushlaysan, ishonging kelmaydi.

O‘z vazifamiz bor!

Jamiyatda har kimning o‘z vazifasi mavjud. So‘nggi paytlarda ayol va erkak vazifalari almashib qolgandek go‘yo. Ba’zi xonadonlarda ro‘zg‘or tashvishi ayol boshiga tushib, farzandlar tarbiyasi erkakka qolib ketmoqda.
Muammoning yana bir ildizi ishsizlikka borib taqaladi. Birgina Navoiy viloyatida 39 ming 515 nafar ishga muhtoj aholi aniqlangan bo‘lib, shundan 18 ming 733 nafari erkak, 20 ming 782 nafari ayollar.
Ro‘zg‘or tebratish ilinjida ayollarimiz o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urmoqda. Enagalik, farroshlik, savdo-sodiq qilib pul topishga harakat qilmoqda.
Tunov kuni bozorda “Somsa, issiqqina somsalar bor”, deb tinmay xaridor cha­qirayotgan ayol e’tiborimni tortdi. Barvasta bir kishi kelib:
— Qani somsangdan ber-chi, — deb bittasini paqqos tushirdi. — Chakkimas, yana bitta ber-chi, — ikkinchisini ham yeb bo‘lib, pul uzatdi.
— Axir bu bittasining puli-ku, ikkinchisiniki qani?
— Senday jonon mendan bitta somsaga pul olmasa olmabdi-da, shunga shunchami?!
Ayolning g‘ururi, sha’ni yer bilan yakson qilinsa ham hech kimning ishi bo‘lmadi. Atrofdagilar tomoshabin bo‘lishdan boshqasiga yaramadi.
Yana bir misol: bozorda nazoratchilar meva sotib o‘tirgan ayolning mollarini har tomonga uloqtirardi. Ayol “Unday qilmang, axir pulga sotib olganman, savdo qilishim bilan patta pulini to‘layman”, deb yolvorardi. Nazoratchi esa “Senga nima degandim, belgilangan vaqtdan bir daqiqa ham kech olmayman, vaqtida to‘lash kerak edi”, deb o‘shqirardi.
O‘ylab ko‘ring. Shu ahvolda haqoratlana­yotgan ayolni biror tanishi, qo‘ni-qo‘shnisi ko‘rib qolsa, nima deb o‘ylaydi? Onasini ko‘rib, qizini ol, degan gap bor. Ayolning qizi­ni, oilasini surishtirib kelgan sovchilarga bu qo’shni qanday ma’lumot berishini tasavvur qilib ko‘ring.
Yoki bo‘lmasa, bozordagi qo‘pol muomalaga o‘rganib qolgan ayol oilada qanday rafiqa, qanday ona bo‘ladi. Bunday sharoitda ishlayotgan aksariyat ayollarda noziklik, nazokat belgilari yo‘qolib boradi. Natijada turli muammolar, kelishmovchiliklar yuzaga keladi.

U bunga loyiq emas!

— Qizimning ikki nafar farzandi bor, — deydi chinozlik Ilhom Sultonov. — Kuyovim turli bahonalar bilan janjal chiqarib, qizimni urardi. Ikki norasidani yetim qilmaylik, vaqt o‘tib hammasi iziga tushib ketar, deb er-xotinni ajrashtirmadik. Yaqinda kuyovim ichib kelib, eshik-derazalarni yopib, televizor ovozini balandlatib, qizimni ayovsiz kaltaklabdi. Natijada tana a‘zolari qattiq shikastlanib, talog‘i yorilibdi. Ojizaga ham shunday muomalada bo‘ladimi? Qani bizning o‘zbekka xos odamiyligimiz, mehr-shafqatimiz?
To‘g‘ri, oila hayoti hech qachon bir tekis, faqat shod-u xurramlik, baxt-saodatdan iborat bo‘lmaydi. Qachon ikki yosh birgalashib, oila totuvligi yo‘lida kurashsa, qiyinchiliklarni yengish oson kechib, mustahkam oila qo‘rg‘onini barpo etadi. Aksariyat hollarda oilada ayolni nazarga ilmaslik, moddiy tanglik, er-xotinning bir-biriga ko‘ngilsizligi natijasida xotin-qizlarning huquqlari poymol bo‘lmoqda. Buning asosiy sababi oilada tarbiyaga va ma’naviyatga e’tiborsizlik, ishsizlik kabi omillarga borib taqaladi.
— Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, — deydi O‘zbekis­ton Xotin-qizlar qo‘mitasi huquqshunosi
Nilufar Matyoqubova. — Qonunni tayyorlash jarayonida Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston, Gruziya kabi mamlakatlar tajribasi o‘rganildi. Hujjat orqali ichki ishlar organlari tomonidan tahdid va zo‘ravonlik qurbonlari­ga himoya orderini berish mexanizmi joriy etilmoqda. Himoya orderi jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-
qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llani­lishiga asos bo‘ladi. Tazyiq o‘tkaz­gan va zo‘ravonlik sodir etgan, ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.
Oilada er va xotinning teng huquqliligi, teng majburiyatga egaligi to‘g‘risidagi qoida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqi­shi, e’tiqodi, shaxsiy va ijti­moiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi­ning 18-moddasidan) degan konstitutsiyaviy me’yordan kelib chiqqan. Ammo so‘nggi paytlarda xotin-qizlar haq-huquqlari shu darajada kamsitilib, oyoq­osti qilindiki, natijada ayollar huquqlarini himoya­lash uchun alohida qonun qabul qi­lishga majbur bo‘ldik. Ammo qadimgi yunon faylasufi Demokrit “Odamlar o‘zlariga yaxshi bo‘lishini istasa­largina qonun ularning hayotini yaxshilay oladi. Zero, qonun unga itoat qiladigan odamlargagina ta’sir qilishi mumkin”, deb bejiz aytmagan.
Ayollarni e’zozlash muqaddas dinimizda ham buyurilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Mo‘minlarning eng to‘la ishonchlisi xushxulqlisidir. Sizlar­ning yaxshilaringiz ayollarga, zavjalariga yaxshi muomalada bo‘lganlaringizdir”.
— Ayol go‘yo qalb gavhari, u mehribon­lik timsoli, — deydi Toshkent viloyati Vaqf xayriya jamoat fondi bo‘lim boshlig‘i Shermurod Tog‘ay. — Unga yaxshilik qilish esa dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishish sabablaridandir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Ayollar xususida Allohdan qo‘rqingiz. Zero, siz ularni Allohdan omonat o‘laroq olgansiz”, deganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ayollarini urmaganlar va xotin kishini urganlarga ham qarshi turganlar. Islom ilmidan to‘la xabardor bo‘lgan ajdodlarimiz bola yetim qolmasligi, oila buzilmasligi uchun er-xotinni murosaga keltirishga harakat qilgan.
Ayol — buyuk zot. U qadimdan barcha jamiyatda qadrlanib, e’zozlangan. Ayol baxt, to‘kin-sochinlik, qut-baraka, tinchlik ramzidir. Donolar aytadiki, “Ayoli yig‘lamagan millat baxtlidir”. Rivoyatlarga qaraganda, donishmanddan “Aqlli, xalq manfaati yo‘lida xizmat qiladigan, bilimli, buyuk shaxslarni qanday yetishtirsak bo‘ladi?”, deb so‘ralganda “Buyuk va fazilatli odamlarga ehtiyoj sezsangiz, ayollarga yuksaklik va fazilatni o‘rgating, unga e‘tibor berib, g‘amxo‘rlik qiling”, degan ekan.

Ma’mura XO‘JAQULOVA