Bag‘rikenglik diyori

Yurtimizda 11–16-noyabr kunlari Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazilmoqda

Bag‘rikenglik — dunyodagi turli madaniyatlarni, xalqlarni tili, dini, irqi, ijtimoiy mavqe­yidan qat’i nazar, hurmat qilishni anglatadi. Bu ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj­dir. Bag‘rikenglik — tinchlikka erishishni ta’minlovchi fazilat.
Butun dunyoda 16-noyabr BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlanayotganiga 22 yil bo‘ldi. Joriy yil ushbu sanani yurtimizda yanada keng­roq nishonlash maqsadida 11–16-noyabr kunlari Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazilmoqda.
Мazkur tadbirlar yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millatlarning tili, madaniyati, an’ana, urf-odatlarini hurmat qilish, ularni asrab-avaylash yo‘lidagi katta qadamdir. Darhaqiqat, dunyoning turli nuqtalarida etnik, diniy, irqiy mojarolar, taloto‘plar kuchayib borayotgan paytda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash ustuvor masala
hisoblanadi.
Shu munosabat bilan 11-noyabr kuni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda haftalik doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat birlashmalari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari vakillari, qo‘mitaning xorijiy mamlakatlardagi turdosh va hamkor tashkilotlari rahbarlari, siyosatchilar, ekspertlar, olimlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
— Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivoj­lantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda, — deydi qo‘mita raisi Rustam Qurbo­nov. — Unda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘z­be­kistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichi­lik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. O‘tkazilayotgan haftalik bu yo‘nalishda qilinayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ladi, desak adashmaymiz.
Anjumanda ishtirok etgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘afur Ahmedov “O‘zbekiston Respublikasida diniy bag‘rikenglik­ni ta’minlash — jamiyat taraqqi­yotining asosi sifatida” mavzusida fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Hozirgi o‘ziga xos geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlar avj olgan davrda terrorizm, ekstremizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat” singari tahdidlar insoniyat, ayniqsa, yoshlar ongiga salbiy ta’sir etayotgani hech kimga sir emas, — deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. — Jamiyatimizni ma’naviy-axloqiy sog‘lomlashti­rish, ulg‘ayib kelayotgan avlodda milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, o‘zaro hurmat, rahm-shafqatli bo‘lish kabi fazilatlarni mustahkam qaror toptirish muhim ahamiyatga ega. Xalq ta’limi tizimida yoshlarga bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik tushunchalari mazmun-mohiyatini yetkazishga katta e’tibor qaratil­yapti. Maktablarda umumiy o‘rta ta’lim o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, turkman, tojik, qirg‘iz tillarida davlat ta’lim standartlariga muvofiq olib borilmoqda. O‘quvchilarga sifatli bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun tegishli sharoitlar yaratilmoqda. O‘quv darsliklari va qo‘llanmalar ham 7 tilda nashr etilib, umumta’lim muassasalariga yetkazilayotgani quvonarli hol.
Matbuot anjumanidan so‘ng tadbir ishtirokchilari Xalqlar do‘stligi maydonidagi millatimizning saxo­vati, matonati, mehr-muruvvati, jasoratining o‘ziga xos ramziga aylangan Shoahmad Shomahmudov oilasi yodgorligiga gulchambar qo‘ydi.
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” festivali laureatlarini taqdirlash marosimi hamda rassomlar va milliy madaniy markazlar yosh ijodkorlarining ko‘rgazmasi ochildi.
Haftalik doirasida 12-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining fuqarolik forumi o‘tkazildi. Forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, milliy madaniy markazlar raislari va do‘stlik jamiyatining rahbarlari, faollari ishtirok etdi. Yalpi majlisda milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining faoliyati tahlil etilib, yutuq va muammolar o‘rganildi. Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari va chet eldagi vatandoshlar bilan ishlashda “xalq diplomatiyasi” tamo­yilining ahamiyati, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatiga oid qonunchilik­ni takomillashtirish, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikeng­likni targ‘ib etishning o‘rni va ahamiyati kabi dolzarb masa­lalar xususida mutaxassislar tomonidan fikr yuritildi.
“Turkiston” san’at saroyida “O‘z­be­kiston — umumiy uyimiz” shiori ostida san’at ustalari hamda milliy madaniy markazlar qoshidagi badiiy jamoalar ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Haftalik davom etmoqda.

Ro‘ziqul OCHILOV,
Abdulaziz AHMEDOV