“BER-BERISTON” FUQAROSI yoki Turdi to‘pori ish izlaydi (Hajviya)

O‘zingmisan, muxbir uka? Xolamning xachiriday so‘ljayi-ib turmasdan, kelsang-chi biyaqqa? Qo‘-o‘rqma, urmayman. Birovni uradigan zamonmi, hozir… Vaalaykumsalom. Qani, omin, san kelding, balo kelmasin, Allohu akbar. Choydan ol, o‘zim damlaganman, peshanamday achchiq… Qo‘y-e, shu popkangni! Yo‘qolsa topilmaydigan nimasi bor ichida? Xat-hujjat? Obba, bu xalq jonidan to‘ysa to‘yadiki, sanlar to‘ymaysanlar qog‘ozga… Ishshayma, ukkag‘ar, ishshayma, kufrim qo‘ziydi, bilasan!..

Nimaga bu itso‘ramas yoqlarda salanglab yuribsan o‘zi? Ish bilan? Hm-m… Vey, muxbir uka, shu mangayam bir kor yo‘qmi-a, bu tevarakda?.. E, bu mardikorlik jondan o‘tiblar ketdi-ku. Halollikka halol, eshakniyam belangi qiladi-da. Halitdan hamma joyim zirqiraydi. Keyin-chi desang… itchaligam qadri qolmasakan, odamning. Shu-unchasi bilan ham hech balo orttirolmaysan. Tomoqqa yamoq­dan narisiga yetmaydi…
A? Ha-ye, izlamagan idoram qolmadi-yov. “Bandlikka ko‘maklashish markazi”-ku otamning uyiday bo‘p qoldi. Ko‘ppakni oldiga suyakni otishganday ro‘yxatni otishadi oldimga. Man bekor, tilpon bekor: nosdan otvoli-ib, bitta-bitta sim qoqaman. Birovi istaj (staj) kerak desa, birovi uchchut(uchyot) deydi. “Xalq qabulxonasi”ga borsam, mandan battar bekorchi uch-to‘rttasi chivin o‘ldirib o‘tiribdi. Lafzimdan ish so‘zi mo‘ralashi bilan “shap” etib, qog‘ozlar tushadi ustolga — yana o‘sha ro‘yxat. “Bugun keldi” deb qo‘yishadi kamiga, suyunchi so‘raganday. Hay, birortasini tanladim ham deylik, keyin-chi, desam, keyin “Bandlikka…” borasan-da, deyishadi. Shu paytgacha onangning oldiga bor­yapmidim, degim keladi-yu, foydasi yo‘qligini bilib, chiqaman-ketaman.
Bonka(bank)larning og‘ziga yaqinlashib bo‘lmaydi. “Kredit ol” deb, oyog‘inga osilishadi. Nosfurushdan qarzimni uzolmayapman-u kreditingni ochiq mozorda qaytaramanmi, qoch-e, qog‘ozqurti, deya-deya, zo‘rg‘a qutulaman. To‘g‘riyam-da, uka, bir kamim endi Majburiy ijro buyragi(byuro)sidan kep, bor-budimni olib ketishmagani qoluvdi.
Ishli teng-to‘shlardan kengash so‘rasam, kuladi. Haliyam ko‘zing ochilmapti, Turdi,
eshakday ishlayvurib, eshakmiya bo‘p qopsan o‘zingam, deb, hiring-hiring qiladi bari. A, shuning uchunam sandan so‘ra­yapman-da, odammiya, qanday kirding ishga, yoshimiz bir bo‘lsa, birga o‘sdik, o‘qish-po‘qishiniyam birga tugatdik, nimang ortiq chiqdi, deyman jonig‘ib.
— Qistirdingmi hech? — so‘radi shunda u.
— Nimani… kimga… qaye­riga qistiraman? — baloniyam ilg‘amadim avvaliga.
— Ish so‘rab borgan joylaringni kattalariga berdingmi, u-bu narsa?
— Nima, masa­lan? — tirg‘aldim man ham.
— Qurug‘idan sanamadingmi?
— O‘zim qup-quruq bo‘lsam, ularga qaydan topaman?
— Ziyofat-piyofat-chi, halqumlarini ho‘llamadingmi?
— Bundan chiqdi, shunday joylashibsan­lar-da ishga: qurug‘idan berib, ho‘lidan berib…, — fe’lim aynigandan-aynidi. — Nimaga o‘qidinglar? O‘qimagan avboshdan farqlaring qayda qoldi? — aytarimni aytdim-da-ye tikkalay.
— Yurovur unda, sudrali-ib!, — javobni ol­dim indallo.
Tashvish tortib, mullaga bordim yaqinda. Oyat-hadis eshitib, kufrga botgan ko‘ngilni bi-ir tozalamoqchi edim. Kasofatimga mullayam dindan tanaffus tusab turgan ekanmi, ish topdimmi-yo‘q, topsam, maoshi qancha bo‘ladi, deb o‘smoqchilay ketdi. Obidiydamga boqib, ensasi qotdi. Va ajab bir “fatvo” qildiki, tilim kalimaga kelmay qoldi:
— Endi, jiya-an, be­rish kerak bo‘lsa, ber, pul-mulini. Hozir busiz bo‘lmaydi, baribir.
U yoqdan ham qo‘ltig‘im betarvuz chiqdim. Fiqhshunos bir akaxon esim­ga tushdi. Toshkanda turadi. Shu paytgacha biror arzimni hal qilib bermagan-u, maslahat be­rishdan qochmagan, ammo.
Sr-ra­zi tilpon qildim. Salom-alik, hol-ahvol, ihi-pihidan so‘ng muddaoga ko‘chib, dardimni dasturxonladim. Biz besavodlargayam zakun-pakundan o‘rgating, nima qilay, nima dey, desam… shuniyam bilmaysanmi, so‘raganini ber, tamom, deydi, bachchag‘ar. So‘kishga ulgurmadim, o‘chirib qo‘ydi tilponini.
Miyam mistovoqday qizib ketdi. Bu qanday kun, bu qan­day el, bu qanday yer bo‘ldi, uka: xesh-aqrabong “Ber!” desa, do‘st-u yoron “Ber!” desa, o‘qimishlisi “Ber!” desa, zakunchisi “Ber!” desa, mullasi “Ber!” desa…
Mannna-a! Berib bo‘pman! Xudo urib, berib qo‘ysam agar, otimni boshqa… Otimga nima qipti, zotimga, o‘zimga lop-lo­yiq-ku… Ha, bu o‘lkaning otini boshqa qo‘yaman — “Ber-be­riston” atayman!..
E-e-e, yo‘l bo‘lsin, muxbir uka? Gapim ham, choyim ham tugamadi hali… Ana shu­ning uchunam bir it ishonmaydi-da, sanlarga. Ha-a, shu popkanga porqillatib burnimni qoqay-da! Sani bir ushlab tugmasam, Toshpo‘lat bo­bomning arvoyi ursin, mani!.. Eshitdingmi, u-uvv…

Sherbek BOBONOR o‘g‘li