Bir siqim tuproq

Yo‘ldosh bobo og‘rib, yotib qolganiga ham sakkiz oydan oshdi. To‘shakka mixlanib, uzzukun shiftga termilib yotadi. Ko‘zi ilinib, qachon uxlab turganini ham aniq eslolmaydi. Bosh tarafidagi derazadan tinimsiz shahar shovqini eshitiladi.

Boboning quloqlari ostida beshafqat hayotning yoqimsiz kuyi taralib, azob beradi. Shunday kunlarning birida u ertalab ochib qo‘yilgan deraza tavaqasini yopishga cho‘zilarkan, nigohi tokchadagi ona qishlog‘idan olib kelgan ko‘zadagi tuproqqa tushdi. O‘rab qo‘yilgan matoni ochib, qopqoq­ni buradi. Saharlikda kelini ichish uchun olib kelgan dog‘ suvni ohista oldi-yu, tomchilatib tuproq sathiga sepdi. Dimog‘iga tuproqning yoqimli hidi urdi. Boboning qalbini sog‘inch hissi chulg‘ab, ko‘z oldiga qadrdon qishlog‘ining aziz go‘shalari, chiroyli tabiat qo‘ynidagi unutilmas damlar, bir-biriga shirinsuxan va hammaslak insonlar birma-bir kelaverdi.
— Yo‘ldoshboy, bitta-yu bitta o‘g‘lingni shuncha o‘qitding, endi nega poytaxtda qolishiga ruxsat beryapsan? O‘zing yolg‘iz bo‘lsang, qizlaring olisda, nabiralaring kichkina. Bunaqada yolg‘izlikda kasal bo‘lib qoli­shing ham mumkin, do‘stim, — derdi yaqin jo‘rasi Orif domla.
— Muhammadrizoni Toshkonda o‘qitishdan maqsad yaxshi joylarda ishlashi edi. Yaratganga shukr, mana vazirlikda ishlayapti — Vazirning o‘rinbosari. O‘g‘limning kelajagiga qanday to‘sqinlik qilaman? Hali nabiralarim katta bo‘lsa, albatta, men bilan qishloq­da yashaydi. Sabr qilib turay. Sendek qadrdon oshnam bor, issiq-sovug‘imdan boxabar bo‘lib turarsan.
— O’zingga qara, do‘stim. Men-ku yaqiningdaman, ammo doim yo­ningda bo‘lolmayman-da. Rizobekni ishlaridan xursandman, biroq seniyam tashlab qo’ymasin. Mayli, kechga hovliga chiq. Masturaxon achchiqqina mastava tayyorlayapti. So‘rida otam­lashib yotamiz, ko‘cha boshidagi maktabdoshimiz Rahmatqulniyam chaqirtiraman, bahonada uyam yurak chigilini yozib ketadi.
— Yaxshi bo‘lardi, — Yo‘ldosh boboning ko‘zlarida uchqun paydo bo‘ldi. — Bahriniso o‘tgandan keyin Rahmatqul po‘panakdek bo‘shashib, qaddi egilib qoldi. Kelsa, Qur’on tilovat qilib, o‘tganlarni yodga olardik.
— Albatta, duoda hikmat ko‘p. Men ungacha egatdan pomildori ham terib qo‘yaman. Tunov kuni suv qo‘ygandim, boya peshin qarasam, qizarib turganlari g‘arq pishibdi. Yozning soz­ligi shu sabzavotlar-u ko‘katlar bilan, do‘stim.
Yo‘ldosh bobo nimtabassum bilan devor osha gapirgan do‘stiga roziligini sezdirdi. Kechga yaqin tilovat ham, qizg‘in gurung ham bo‘ldi. Yaxshi xotiralar insonni to‘lqinlantirib, har eslanganda maroqli lazzat beradi. Chol o‘sha qo’shnisi Orif domlaniyam, har gapining birida suyuklisi Bahrini­soni yodga oladigan Rahmatqulniyam ich-ichidan qo‘msaganini his etdi. Qishloqdoshlar bolalikdan birga o‘sgan, rahmatli onasi To‘lanoy kampirning aytishicha, ular hatto bir beshikda ham yotgan, urush davrlaridan keyin ancha qiyinchiliklar ko‘rgan. Orif domlaning egizagi yoshlikda o‘lgan. Uydagilar irim qilib, boshqa ism qo‘ygan. Mana Orif ota saksondan oshdiki, qaddi tik. Sababi doimo yonida g‘amxo‘ri, kuyunchagi Masturaxon bor-da.
Yo‘ldosh bobo tuproqni yanada qattiqroq hidladi. Undan boshqa hech qayerda topilmaydigan, bolalikning shirin, beg‘ubor damlari cho‘kkan pastqam hovlisining isi kelardi. Ayniqsa, kechga yaqin bog‘ biqinida oqib o‘tadigan ariqdan olib sepilgan suv hovlidagi tuproqning muattar hidini atrofga taratar edi.
Muhammadrizo gohi yarim yilda bazo‘r vaqt topib oilasi bilan ota uyiga qadam ranjida qilsa, Yo‘ldosh bobo mehmonlarni o‘tqizishga joy topolmas edi. O‘shanday tashriflarning birida bobo nevarasi Sabriyabonuni quchog‘iga olib, ichidagini aytgandi.
— Jonim qizim, xuddi mening onamga o‘xshaysan. Quyuq qoshlaring rahmatli mehribonimni eslatib turadi. Qaniydi, sochlaringni uzun kokil qilib o‘rganingda, shaharda bunday qilmaydi-da. Bolaginam, men bilan qishloqda qolmaysanmi?
O‘shanda Sabriyabonu ruschalab bir nimalar degandi. Yo‘ldosh bobo­ning yodida qolgani nevarasining bolalarga xos soddalik bilan emas, balki qanaqadir begonalikka yaqin norozi kayfiyatda javob qaytargani bo‘ldi.
Oradan bir oy ham vaqt o‘tmay, Yo‘ldosh bobo bandalikni bajo keltirdi. Vasiyatga ko‘ra, uni ona qishlog‘iga ko‘mishdi. Janozaga tumonat odam yig‘ilib, barcha otaning haqiga chin ko‘ngildan duo qildi. Muhammadrizo o‘zi u darajada anglab-tushunmay, uyi derazasi tokchasida turgan ko‘zadagi tuproqni marhum otasining issiq qabri uzra sepdi.
Kechqurun Muhammadrizo g‘alati tush ko‘rdi. Otasi chiroq ko‘tarib olib, yoniga kelibdi-da, o‘limidan oldingi vasiyatini yana takrorladi:
“O‘g‘lim, o‘limimdan keyin ota uyim hovlisidan olingan bir siqim tuproqni qabrim ustiga sepgin. Unda urushga ketib qaytmagan padarimning, otamni kuta-kuta umrini o‘tkazgan jannati onamning izlari qolgan. Bo­lam, o‘sha uyni sotmagin, bilaman, sen endi qishloqda yashamaysan, lekin ota-bobolarimiz o‘tgan muqad­das joylarni asrab qo‘yishing kerak. Hovlini qishlog‘imizdagi yosh bolali bir beva ayolga qoldirib kelganman. Vaqting bo‘lgan chog‘ ulardan xabar olib turgin. Bolam, hammangizdan roziman!”.
Muhammadrizo tong yorishmay uyg’ondi. Ostonaga chiqarkan, hovli chetidagi tuproqni ko‘zlariga surtdi, bag‘riga qattiq bosib yig‘ladi. Qo‘lidagi bir siqim tuproq bu dunyodagi eng mehribon insonlarining vujudi bilan ruhi qorishib ketgan laziz Vatan ekanini angladi. Ancha vaqtgacha sershovqin shaharda uchratmagan toza, yengil qishloq havosidan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Olisdagi viqorli tog‘lar ortidan O‘zbekiston atalmish marvarid o‘lka uzra quyosh chiqa boshladi…

Dostonbek RAHMATULLAYEV