DIN ILMDIR siz ilmni kimdan o‘rganayotganingizga qarang!

Bugun dunyoda kechayotgan globallashuv va millatlararo integratsiya jarayoni insonlar o‘rtasida axborot almashish sur’atini ham tezlashtirdi. Bu kishilarga ko‘pgina ijobiy imkoniyatlar bergani holda, g‘arazli maqsaddagi kimsalar uchun ham o‘zini namoyon etishga sharoit yaratmoqda.

Ushbu jarayonda, ayniqsa, ayrim axborot saytlarida o‘zini “shayx”, deb e’lon qilib, “din homiy­si”, “sof islom da’vogari” sifatida ko‘rsatishga o‘rinayotganlar ko‘payib borayotgani tashvishlidir. Zero, hali media makonidagi axborot xurujlari va sof islom dini ilmidan xabarsiz ayrim yoshlar g‘arazli maqsadda tarqatilgan ma’lumotni haqiqiy manbadan ajrata olmay qolayotgani, ming afsuski, haqiqat.
O‘zini islom himoyachisi deb tanishtirayotganlarning internetda tarqatayotgan g‘arazli maqsaddagi xabar va yolg‘on, buzib foydalanilgan ma’lumotlari tahlil etilsa, ularning asl muddaosi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Yaqinda AQShning Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining navbatdagi 74-sessiyasi hamda Migrantlar va qochqinlar masalasiga bag‘ishlangan Sammiti bo‘lib o‘tdi.
Unda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri so‘zga chiqib, jumladan, shunday dedi:
“Men boshidan bunga (Afg‘onistondagi operatsiyaga — izoh muallifdan) qarshi bo‘lganman. Dastlab biz bu yigitlarni “jihod” qilish uchun o‘zimiz tayyorlaganmiz va bu ajoyib g‘oya bo‘lgan edi. Bugun esa bu yigitlarni “terrorchi”, deb yana o‘zimiz ulardan qutulish chorasini topolmayapmiz”.
Pokiston Bosh vaziri nutqida 1980-yillarda Afg‘onistonda bo‘lib turgan sobiq Ittifoq armiyasiga qarshi kurashish uchun AQSh va Pokiston davlatlari tomonidan tayyorlangan “Tolibon” terrorchilik tashkilotini nazarda tutgani ko‘pchilikka ma’lum. Binobarin, mazkur terroristik tashkilotning o‘sha vaqtdagi asosiy vazifasi — sobiq Ittifoq kuchlariga qarshi kurashish bo‘lgani ochiq tan olinmoqda.
Ma’ruzada qayd qilinishicha, Afg‘onistonda amalga oshirilgan mazkur amaliyot uchun Pokiston hukumati 200 milliard dollar mablag‘ sarflagan. Bundan tashqari, mamlakat o‘sha vaqtda yuzaga kelgan urushlar sababli 2,7 million afg‘on qochqinini qabul qilishga ham maj­bur bo‘lgan.
Bu ma’lumotlardan qo‘shtirnoq ichidagi “jihodiy” guruhlar­ning tashkil topishiga dunyodagi bir-biriga raqobatchi davlatlar va kuchlar asos bo‘lishi oydinlashadi. Eng afsuslanarlisi, bunday kuchlar o‘z siyo­siy maqsadlarini amalga oshi­rish uchun hech nimadan tap tortmaydi. Oqibatda bundan siyosiy jihatdan to‘liq shakllanmagan yoki aholisi turli etnik millatlardan tashkil topgan musulmon o‘lkalar, davlatlar hamda “soxta diniy” g‘oyalarga isho­nib, o‘zini qurbon qilishga tayyor turgan yoshlar jabr ko‘radi.
Eng yomoni, bu kabi targ‘ibotlar zamirida “kofirga qarshi jihod qilish” g‘oyasi ilgari surilib, avom xalqni aynan shu g‘oya asosida jaholatga boshlash oson kechi­shi ham ravshanlashadi. Bunday payt­da soxta “din homiylari” odamlarda o‘z e’tiqodiga qo‘shilmagan va qo‘llab-quvvatlamagan yoki ularga qarshi bo‘lganlarga nisbatan shafqatsiz bo‘lish, murtadlikda ayblab, jazolash va murosasiz kayfiyat uyg‘otishga intiladi.
Qayd etish lozimki, mazkur g‘oyalar o‘sha vaqtda dunyoning ko‘zga ko‘rinmas kuchlari uchun muvaffaqiyat keltirgan bo‘lsa-da, keyinchalik u nafaqat butun musulmon olami, balki “tashkilot­chi”larning o‘zi uchun ham katta muammo tug‘dirdi. Zotan, bugun bu mash’um xatoni na siyosiy, na diniy va na harbiy yo‘l bilan tuzatish mushkul.
Natijada Afg‘oniston va Po­kiston o‘lkalarida yashovchi turli diniy va etnik xalqlar hanuz misli ko‘rilmagan ijtimoiy, diniy, iqtisodiy va demografik yo‘qotishlarni boshdan kechirmoqda. Qariyb 40 yildan buyon millionlab insonlar, norasida go‘daklar, ayollar mazkur mash’um g‘oya asosidagi urushning qurboniga aylanmoqda.
Hozirgi kunda ham musulmon o‘lkalarida islom dini nomidan ish yuritib, qaysidir kuchlarning manfaati yo‘lida xizmat qilayotganlar yo‘q, deb ayta olmaymiz. Sodda, avom musulmonlarni mana shunday chirkin o‘yinlarga chorlayotgan “din homiylari” o‘z cho‘ntaklariga millionlab dollarni solib, ularning qo‘liga qurol tutqazgan holda o‘limga boshlayotgani haqiqat-ku!
Yaqin tarixda bunday mash’um voqealar yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Afsuski, xalqimiz orasida haligacha ko‘zi ochilmagan, adashgan insonlar borligi achi­narlidir. “Oldingdan oqqan suv­ning qadri yo‘q” deganlaridek, o‘zimizning yurtimiz olimlari qolib, na vatani, na ustozi, na o‘zining nasl-nasabi tayin bo‘lgan soxta “shayx”larning ortidan ergashayotganlarni oqlab bo‘lmaydi.
Jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasligimiz, chor-atrofga teranroq nazar tashlashimiz, ilm o‘rganishimiz davr talabidir!
Qolaversa, muqaddas manbalarda dinimizni kimlardan o‘r­ganishiiz kerakligi ham aniq ko‘rsatilgan. Jumladan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, bu din ilmdir, Sizlar ilmni kimdan olayotganingizga qarang”, deb marhamat qilganlar (Muslim rivoyati). Bu borada yana ko‘plab hadis va salaf ulamolari­mizning o‘git va nasihatlarini dalil sifatida keltirishimiz mumkin.
Tarixdan ma’lumki, islom dini ta’limotini g‘arazli maqsadlarda noto‘g‘ri talqin qilish, uydirma ha­dislar to‘qib chiqarish holatlari avval ham bo‘lgan.
Asl mazmun-mohiyati TINCHLIK bo‘lgan muqaddas dinimiz ta’limotini o‘zining g‘arazli maqsadi yo‘lida talqin qilib, xalqimizning e’tiqodidan foydalanishga urinayotgan kimsa­larning so‘ziga ilm va sog‘lom fikr, yuksak axloq va taqvo bilan munosib javob qaytarish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

A’zamxon QAMBAROV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy xodimi