Dori

Keng sayhonlikda yolg‘iz o‘zimman. Qizigan qum oyoqlarimni kuydiradi. Atrofdan najot izlayman. Yolg‘izlik, vahimali sukunat tanimni titratadi…
Cho‘chib uyg‘ondim. Olchoq tush. Yonimda turmush o‘rtog‘im uxlar, u qorong‘ilikdan qo‘rqqani uchun xona chirog‘i yoniq edi. Tashqariga chiqdim. Endigina yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, tarnovdan suv tomchilab turardi. Salqin shabada tuproq isini dimog‘imga urdi. Hovli o‘rtasidagi supaga kelib o‘tirdim. Tepamda turgan o‘rikning barglari qorong‘ida qorayib ko‘rinadi.

“Nega bunday tush ko‘rdim ekan? Ishdagi charchoqning ta’siri bo‘lsa kerak. Robotga o‘xshab boryapmiz. Kun bo‘yi ishlayverasan, ishlayverasan. Nafas rostlashga vaqt yo‘q”.
… Kun og‘ir boshlandi. Universitetda talabalarga saboq beraman. Darslardan toliqib, boshim og‘rib chiqdim. Uyga borishga fursat qayerda — kechqurun bir hamkasbimiz to‘y qilyapti. To‘yga borishdan avval bosh og‘riqqa qarshi dori ichib olay, degan xa­yolda dorixonaga kirdim. Bir yigit dori olayotgan ekan. Kutib turdim. Yigit men tomonga burilganda tanibman: ukamning o‘g‘li — Murod. U shu yerda — shaharda o‘qiydi.
— Ey, Murod? Tinchlikmi, nima qilib yuribsan?
U meni ko‘rib biroz dovdirab qoldi.
— Tinchlik, amaki. Ayam qishloqqa chaqirgandilar, uyga kelib ketgin deb…
Qishloqda keksa onam ukam­ning oilasi bilan yashaydi. Ukam chet elga ishlagani ketgan. Onam­ning tobi qochdimikan, degan savol daf’atan miyamga urildi.
— Nega? Buving yaxshimi?
— Ha, tuzuk, — Murod horg‘inlik bilan javob berardi. — Buvim… buvimning tobi qochibdi. Do‘xtirlar bir-ikkita dori yozib bergan ekan, qishloq aptekasidan topilmabdi. Shunga ayam dorilarni topib, uyga tashlab ketgin, degandilar…
Yuragim g‘ash bo‘ldi. Jiyanim negadir mendan begonasirab turar, qishloqqa shoshilardi.
— Pul beraymi? — dedim hushimga kelib. — Bozorlik qilib ol.
Murod boshini chayqadi.
— Kerakmas, amaki, o‘zimda bor. Yetadi. Bo‘pti, amaki, mashi­nam keldi.
Jiyanim shosha-pisha dori­xonadan chiqib, yo‘l bo‘yidagi mashinaga o‘tirdi. Uzoqlashib borayotgan mashinaga qarab qolarkanman, ichimni nimadir tirnay boshladi.
To‘y ham tatimadi. Uyga qaytdim.
— Nima bo‘ldi? Mazangiz
yo‘q? — dedi ayolim avzoyimga boqib.
— Shunchaki, — dedim gapirgim kelmay. — Kunduzi Murodni ko‘ruvdim. Onamning tobi yo‘q emish.
— Yo‘g‘-ey, nima bo‘pti?
— Muroddan so‘rasam, “Hozir tuzuk. Dori olib borishim kerak”, dedi xolos. Boshqa narsa bilmayman.
— Borib kelaylik unda?!
Nima qilishni bilmay turganimda, bu gapdan tanamga jon kirdi.
— Kelinga telefon qil. Vaziyatni bil, — dedim qat’iy…
Ertaga qishloqqa boradigan bo‘ldik. Ishga ham, boshqa yumushlarga ham qo‘l siltadim. Onamni ko‘rgim keldi. Qishloq­qa bormaganimga ham ancha bo‘lgandi. Allamahalgacha uyqim kelmadi. Ko‘zim ilinganda esa bu tush…
Ertalab oilaviy yo‘lga tushdik. Qishloqqa kirib borganimizda yura­gim boshqacha hislarni tuydi. Bolaligim o‘tgan ko‘chalar, bolalik xotiralari. Qishloq markazidagi guzar odamlar bilan gavjum. So‘ritoklar tagida chollar suhbatlashib o‘tiribdi.
“Qishloq baribir yaxshi-da. Har ishni odamlar bamaslahat, ko‘pchilik bo‘lib qiladi. Oqibat bor. Andisha bor”, dedim o‘zimga o‘zim.
Guzardan o‘tib, ko‘chamizga burildik. Uzoqdan naqshinkor yog‘och darvoza ko‘rindi. Ukam­ning kenja qizchasi qo‘lida koptok tutgancha darvoza oldida turardi. U bizni ko‘rishi bilan uyga qa­rab yugurdi. Mashinadan tushib ulgurmasimizdan kelinim, jiyanlarim peshvoz chiqdi. Ular bilan ko‘risharkanman, ko‘zim faqat onamni izlardi. Darvozadan kira­verishda o‘ng tomondagi xonada onam yashaydi. Eshikning oldida oyoq kiyim turibdi.
Zum o‘tmay eshik g‘iyqillab ochildi. Past bo‘yli, guldor ko‘ylak ustidan jun jemper kiygan onam ko‘rindi. Beixtiyor uning qu­chog‘iga talpindim.
— Ona! Onajon!!!
Dimog‘imga rayhon hidi urildi. Bu is menga juda tanish. Chakkasiga rayhon qistirib yuradigan onamni hamqishloqlar ismi bilan emas, “Rayhon xola” deb atardi.
Onam peshanamdan o‘pdi. Ancha keksayibdi. Qo‘llaridan, oyoq­laridan mador ketibdi.
— Keldingmi, bolam? Kir, uyga, kiraqol, bolam!
Xona sarishta, pokiza. Ruhim birdan sokin tortib, kechadan beri yuragimni ezayotgan o‘ylar tarqab ketgandek bo‘ldi. O‘zimda qandaydir yengillikni sezdim. Onamning yoniga cho‘kkaladim. Onam boshimni siladi. So‘ng, qo‘lini duoga ochdi.
— Iloho omin! Qadam yetdi — balo yetmasin! Bolaginam­ning martabasi bundanam ulug‘ bo‘lsin! Uzoqda yurgan Qudratbegim ham eson-omon qaytib kelsin! Omin!
— Omin! Aya, tuzukmisiz? Kecha Murodni dorixonada ko‘rib qoldim…
Onam jilmaydi. Mehnatda qotgan, ammo mehrli qo‘li bilan boshimni siladi.
— Ha, Murodjon-a, qo‘rqitib yubordimi seni? Bola-da, bola. Ha, hechqisi yo‘q. Ayb o‘zimizda, bolam.
— Kelin, — dedim dastur­xon tuzayotgan kelinga. — Mana bu xaltada mayda-chuyda narsalar bor. Yana malham ham. Ayamga kuch bo‘ladi, deb darmondori
olgandim…
— Rahmat, bolam, ovora bo‘lib nima qilarding, shuncha narsa ko‘tarib kelibsan!
Onam o‘zi shunaqa! Kasal bo‘lsa, birovga ziyonim tegmasin, deb sezdirmaslikka tirishadi.
— Hozir tuzukmisiz? Dori ichdingizmi?
Onam siniq jilmaydi.
— Sen ko‘p ham o‘ylanma, o‘g‘lim! Hozir ancha yaxshiman. Murodjon opkelgan dorilarni ichib, o‘zimga kelib qoldim. Do‘xtirlaram vahimachi-da!
So‘ng onam kelinga yuzlandi:
— Kelin, Murodjonga ayting, tandirga o‘t yoqsin. Bolaginam tandir somsani yaxshi ko‘rardi. O‘zim bir somsa qilib beray.
— E, qo‘ying, aya! Ana, o‘zimiz somsa olib kelganmiz. Uvol bo‘lmasin.
— Uvol bo‘lmaydi, bolam, nega uvol bo‘lsin? Jiyanlaring bor, qo‘ni-qo‘shnilar bor. Hamma­ning og‘zi tegadi. Men yopadigan somsa sen uchun. Kelin, un olib chiqing. Xamir qoriyman.
Onamni bilaman. Qilaman dedimi, qiladi. Hay-haylashimizga qaramay, bir zumda somsaga unnab ketdi. Yonida kuzatib o‘tirdim. Harakatlari ilgarigidek chaqqon emas, har nafas olganida ichidan “pixillagan” tovush chiqadi…
O‘zi onamni ko‘rmaganimga qan­cha bo‘ldi?.. Ha, Navro‘z bayrami edi. O‘shanda ham shoshib kelib-ketgandim. “Bir piyola choy ichib ol, och-nahor ketasanmi?”, deya qo‘lida piyola tutib qolgan onamga “Vaqtim yo‘q. Ishim bor. Keliningiz haliroq nevaralaringiz bilan keladi”, deb chiqib ketgandim. Yig‘ilishim bor edi.
Bunga ham besh oycha bo‘libdi. Talabalarga mehr-oqibatdan, odamgarchilikdan ma’ruza o‘qiyman, odam bo‘lishga da’vat etaman, ammo o‘zim amal qilamanmi shu gaplarimga?!
Onam xamir qoriyotib, ishimni, sog‘lig‘imni so‘raydi. Men esa bo‘g‘zimga nimadir tiqilib, gapira olmayman. Faqat “yaxshi”, “durust”, deb qo‘yaman. Onam bir zumda xamir qorib, go‘sht, piyoz to‘g‘rashga kirishdi.
Onamning yuzi kular, quvonib-quvonib ishlardi. Avvallari onam somsa yopganda yonida yonboshlab, she’r, qo‘shiq aytib turardim. Keyin somsa tugi­shardim. Onam meni “Shoir bo­lam!”, deb alqar, un yuqqan qo‘llari bilan peshanamni silab, o‘pardi. Hozir ham yonboshlab oldim. Onam meni ko‘rib jilmaydi. Xayolimdan o‘tganlarini ham payqadi.
— Somsa tugishasanmi,
bolam?
— Maylimi? — dedim qandaydir o‘ng‘aysizlanib.
Ona-bola ishga kirishdik. Bir tekis kesilgan xamir bo‘lagini olib, ichiga qiyma soldim. Shu tob yosh bolaga aylanib qolgandek edim. Qani endi bu damlar hech tugamasa. Bolalikning pok, samimiy, beg‘ubor ko‘chalarida yuraversam…
Onam bir gapirib, o‘n kular, men esa o‘zimdan xijolat bo‘lar edim. Onamga dori emas, biz, biz­ning mehrimiz kerak ekan!

Sherzod MAHMUDOV