“Hammasi o‘zimizga bog‘liq!”

Respublikamizning turli viloyatlaridan ta’lim olish maqsadida poytaxtga kelgan yoshlar talaygina. Ular ota-onasidan, tug‘ilib o‘sgan go‘shasidan uzoqda bo‘lib, turli sinovlarni boshidan
kechiradi. Ota-onasi, ustozlari ishonchini oqlash, malakali mutaxassis bo‘lish maqsadida tinmay harakat qiladi. Bu jara­yonda har kim turlicha yo‘l tanlaydi. Kimdir mashaqqatli mehnat rohatini istasa, yana kimdir oson yo‘lni qidiradi.

21 yoshli Hamidaxon Qahramonova ham tinib-tinchimas yoshlardan biri. U Surxondaryo­ning Jarqo‘rg‘on tumanida unib-o‘sgan. 2017-yilda poytaxtga ilm olish uchun kelgan Hamidaxon hozir
O‘zDJTU koreys tili filologiyasi fakulteti­ning 3-bosqich talabasi. Iqtidorli talaba joriy yilning sentabr oyida Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi va KBS televi­deniyesi tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Quiz on Korea” televizion musobaqasida ishtirok etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Hamidaxonning tanlovdan keyingi xulosalari, taassurotlari va kelajak rejalari haqida qiziqib, uni suhbatga tortdik.

— Tanlov 3 bosqichda bo‘lib o‘tdi, — deydi Hamidaxon Qahramonova. — 20 nafar ishtirokchidan 8 nafari ikkinchi bosqichga o‘tdi. Ikki nafar a’zodan iborat 4 guruh shakllantirildi. Birinchi shart natijasiga ko‘ra, ikki raqibimning ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgani bois, ularga o‘zi xohla­gan ishtirokchini sheriklikka tanlash imkoniyati berildi. Har ikkisi ham meni tanlamadi, natijada hakamlar germaniyalik Sharlotta ismli qiz va meni bir jamoa qildi. U bilan do‘stlashib, bir-birimizga yordam berdik. Shartni ijobiy yakunlab, uchunchi bosqichga o‘tdik. Buni qarangki, bizni tanlamagan ikki ishtirokchi keyingi bosqichga o‘ta olmadi. O‘shanda har qanday vaziyatda ham inson o‘zini tuta bilishi, tushkunlikka tushmasligi, o‘ziga va Allohga ishonishi kerakligiga yana bir bor amin bo‘ldim. So‘nggi bosqichda men, Sharlotta va yana bir ishtirokchi bellashib, men birinchi o‘rinni, ikkinchi o‘rinni Sharlotta qo‘lga kiritdi.
Maqsad o‘z-o‘zidan shaklla­nib yoki paydo bo‘lib qolmaydi. Mukammal, uzoqni o‘ylab qi­lingan reja asosida kelajak maq­sadlar hosil bo‘ladi. Men amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishimni reja asosida bajaraman. Har bir shaxsda kunlik, haftalik, oylik va yillik reja bo‘lishi kerak. Shunda insonning bo‘sh vaqti yoki
“Vaqtni qanday o‘tkazsam ekan?”, degan o‘ylar paydo bo‘lmaydi. Dastlab, oylik yoki yillik reja tuzib, keyin unga eri­shish uchun bajarishim kerak bo‘lgan haftalik va kunlik ishlarimni belgilayman. Umuman olganda, maqsadning chegarasi yo‘q. Fikrimcha, ideal insonlar­dagina maqsad mukammal bo‘ladi. “Mana maqsadimga
erishdim, marra meniki”, deguvchilar eng katta xatoga yo‘l qo‘ygan hisoblanadi. Aslida maq­sad maqsadni chaqirishi kerak.
Toshkentdagi ba’zi litseylarda koreys tili darslari o‘tiladi. Chekka viloyat hududlarida esa bunday imkoniyat yo‘q. Shu bois universitetga kirganimda koreys tilini umuman bilmas edim. Toshkentlik ikki kursdoshim koreys­chani bilardi. O‘shanda ularga havas qilardim. Koreys tili darsida hech nimani tushunmaga­nimdan, nahot endi shu zaylda o‘qishni tamomlasam, degan o‘ylar girdobida qolib, tushkunlikka tushardim. Bir kuni koreys tili o‘qituvchim Li Nan Yong darsdan so‘ng xohlovchilarni koreys tilini bilish darajasini belgilovchi topik imtihoniga tayyorlashini aytdi. Dastlab 10 nafar talabadan iborat guruh shakllandi. Bora-bora talabalar soni kamayib, bir o‘zim qoldim. Ustozim xushmuomala va juda talabchan, har kuni soat 13:10 dan 17:30 gacha men bilan shug‘ullanardi. U qiyinchilik muvaffaqiyatning qiymatini ku­chay­tiradigan bezak ekanini doim uqtirardi. “Qiynaldim, mayli shunisi ham bo‘ladi”, deb yarim yo‘lda maqsaddan voz kechish dangasaning emas, qo‘rqoqning ishi”, derdi. Qiziq tomoni shundaki, qo‘shimcha dars o‘tgani uchun unga na men va na universitet pul bermasdi. Bir yarim oy tinimsiz tayyorlanib, topik imtihonidan 4-darajani olishimga 1 ball yetmay, 3-darajani qo‘lga kiritdim. Ustozim meni yana harakat qi­lishga undab, mehnatning tagi rohatligiga ishontirib, dars o‘tishda davom etdi. U o‘zbek tilini, men esa ba’zi koreys atamalarni tushunmasdim. Shuning uchun ba’zida o‘qituvchim rasm chizib bo‘lsa ham mavzuni tushuntirardi. Tinimsiz bir oy tayyorlanishdan so‘ng topikdan 5-darajani oldim. Imtihondan keyin ertalab darsga kelsam, ustozim meni qattiq quchoqlab tabriklaganda butun guruh hayron qolgandi. Chunki koreys xalqi juda ehtiyotkor bo‘lgani uchun begona millat vakiliga yoki tanimagan insonga qo‘l tekkizmaydi. O‘zga diyor, o‘zga millat vakili bo‘lishiga qaramay, men uchun jon kuydirib dars o‘tgan, bilim bergan o‘qituvchimni bugun “koreys onam“ deb atayman.
Ustozimga havas qilib, o‘qituv­chi bo‘lgim keladi. Ammo ular­ning zimmasidagi hujjatbozlikni ko‘rib, bu fikrdan qaytaman ba’zida. O‘qituvchi o‘quvchilarga bilim berishi, o‘qitishi kerak. Ammo bugun aksariyat o‘qituvchilari­miz xat-hujjat ishlari bilan ovora. Xorijda, jumladan, Janubiy Koreyada esa o‘qituvchilar faqat dars berish bilan shug‘ullanadi. “Kasbini, o‘tayotgan fanini yaxshi ko‘rganidan shunday jonboz­lik qilsa kerak-da”, deyishingiz mumkin. Ammo ularda mas’uliyat juda kuchli.
Janubiy Koreyada oliy o‘quv yurtlaridagi bitta mashg‘ulot
(1 “para” dars) rosa ikki soatga (120 daqiqaga) teng. O‘qituvchi darsning dastlabki bir daqiqasini talabalarni yo‘qlama qilish uchun sarflab, qolgan 119 daqiqada faqat berilgan topshiriqni qabul qilib, yangi mavzuni tushuntiradi. Kelasi darsda talaba nega mashg‘ulotga kelmaganini, bu hol boshqa takrorlanmasligi ke­rakligi haqida va’zxonlik ham qilinmaydi. Bizda-chi? Aksariyat ta’lim muassasalarimizda o‘qituv­chilar daftar to‘ldirib, kons­pekt yozib, reja tuzadi-yu, ammo bajarmaydi. Aniqrog‘i, bajarishga ulgurmaydi. Tan olish kerak, vaqt­ni to‘g‘ri taqsimlay olmaslik, dars uchun mo‘ljallangan vatqda boshqa ishlarni muhokama qilish kelajakda ijobiy natija bermaydi. Biz­da bilimli, malakali o‘qituv­chilar talaygina, ammo ular­ning asosiy vaqtini hujjat ishlari
o‘g‘irlayapti.
Tanlovdan keyin korealik ustozim tabriklar ekan, shunday dedi: “Mana, g‘olib bo‘lding, barchasiga o‘z mehnating bilan erishding. O‘zbekistonga qaytganingdan keyin bu yerda ko‘rganlaring, o‘rganganlaringni tengdoshlaringga ham o‘rga­tib, kelasi yilgi tanlovga tayyorla. Keyingi tanlovda ham o‘zbekis­tonlik g‘olib bo‘lsa, bergan bilimlarim besamar ketmaga­nidan faxrlanaman”. Ustozning samimiy tabbassum ila bergan topshirg‘i meni yanada kuchliroq o‘qib izlanishga chorlayapti.
Kelajakda malakali sinxron tarjimon bo‘lmoqchiman. Ammo bu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q. “Quiz on Korea” kabi tanlov yurtimizda o‘tkazilsa, qanday bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring. “Quiz on Uzbekistan” deb atala­digan xalqaro musobaqa tashkil etib, dunyoga o‘zbek madaniyati va tarixini tanitmoqchiman.
Sababi koreys madaniyatini o‘rga­nib shuni angladimki, tariximiz va madaniyatimiz ularnikidan-da boyroq va chuqur ildizga ega ekan.

Ma’mura XO‘JAQULOVA
yozib oldi.