Hayot darsi

Hayot tashvishlari bilan yelib-yugurib, taqdir hukm aylagan kunlarimizni yasharkanmiz, umr yo‘llarimizda bizga yelkadosh, hamfikr, hamroh bo‘lgan yaqinlarimizsiz hayotimizni tasavvur eta olmaymiz.

Har kuni shu tanish ko‘chadan o‘tarkanman, nogoh o‘yga tolaman. Dunyoda qancha ota-onasi yo‘q bolalar, farzandi yo‘q ota-onalar bor. Paradoks…
Bir kuni doimgidek o‘qishga yo‘l oldim. O‘sha ko‘cha. O‘sha daraxtlar, o‘sha uy… Qaysi uy deysizmi? Hamma narsasi bor, sarxil mevalar, televizorlar, turli yosh va fe’l-atvordagi do‘stlar, tarbiyachi opalar. Ammo tug‘ishgan jigarlarning muhabbati, ota-ona mehri yo‘q joyda yashashga mahkum bo‘lgan bolalar uyi. Yo‘lakchadan o‘z xayollarim bilan ketarkanman, sal narida yiqilgan 10-11 yoshlardagi bolakayga ko‘zim tushdi.
— Ehtiyot bo‘l, kel, yordamlashib yuboray. Sumkang buncha og‘ir? — de­dim bolaning bezovtalanayotganini ko‘rib. Sal nariroqda bolaning o‘rtoqlari bor edi. Lekin ular yordamga shoshilmadi.
— Tizzam bilan yiqildim, og‘riyapti.
— Uying yaqinmi, o‘zim oborib qo‘yaman. O‘rtoqlaring nega qochdi?
— Uyim ana, — dedi Mehribonlik uyini ko‘rsatib. — Ular meni o‘rtoqlarim emas. Bir sinf yuqorida o‘qiydi. Masxara qilishadi. So‘kishadi.
Yuragim uvushib ketdi. Nima deyishni, qanday ovutishni bilmay qoldim. Uning o‘pkasi to‘lib, ko‘zidan yosh dumaladi. Ko‘z yosh… Bola oqsoqlanib keta boshladi. Uni chalg‘itdim.
— Isming nima?
— Sobir.
— Nechanchi sinfda o‘qiysan?
— 2-sinfda.
— Ularga e’tibor berma, qo‘limga tushsa, ta’zirini beraman.
— Sumkamda tosh bor!
— Tosh?! Nima qilasan uni?
— Kichkina, chiroyli toshlardan oyimga sovg‘a yasayman.
— Undan qanaqa sovg‘a yasash mumkin?
— Oyim meni bu yerga tashlab ketayotganda “Men bag‘ritoshman”, degan.
Bolani kuzatib, telefonimni oldim.
Tanish raqamlarni terdim.
— Allo, assalomu alaykum. Bilasizmi, bu gaplarni sizga hech aytmabman.
— Vaalaykum assalom, nimani aytmabsan, yaxshimisan?
— Men sizni juda yaxshi ko‘raman, oyi, rostdan!
— …
— Allo, oyi…
— Men ham, qizim…
Go‘shak ortidan chuqur xo‘rsiniq va yig‘i ovozi eshitildi.

Cho‘lponoy AHMADZODA,
O‘zJOKU talabasi