Ijtimoiy tarmoqlardagi negativ axborotlar: muammo, taklif, yechim

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi bir necha yillardan buyon yosh jurnalist kadrlar kasb mahoratini oshirish, ularda jurnalistik tafakkurni boyitish va dunyoqarashini kengaytirish bo‘yicha qator ijtimoiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, yaqinda poytaxtimizdagi “Matbuotchilar uyi”da kengashning “Ijtimoiy tarmoqlardagi negativ axborotning yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’siri” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mas’ul xodimlari, ustoz jurnalistlar, markaziy gazeta va jurnallarda faoliyat olib borayotgan yosh jurnalistlar, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari ishtirok etdi.

Bugungi kunimizni internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etish qiyin. Shu bois yoshlar ma’naviyati, dunyoqarashi va milliy qadriyatlarga tahdidlar bevosita ommaviy kommunikatsiya vositalari orqali bo‘layotganini e’tirof etish joizdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda negativ axborot oqimi ortib borayotgani media savodxonligi past, axborotni analiz va sintez qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan yoshlar ong-u tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Aytish joizki, internet orqali qabul qilinayotgan salbiy axborotning ta’sir kuchli tarmoqdan foydalanuvchilar sonining ko‘pligi bilan xarakterlanadi. Masalan, Xitoyda 500 million, Rossiyada 50 million, O‘zbekistonda esa 11 million nafardan ziyod aholi internetdan foydalanadi. Yurtimizda “YouTube”, “Facebook”, “Instagram”, “Telegram”, “Twitter” kabi ijtimoiy tarmoqlar ommalashgan. Foydalanuvchilarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Yoshlar internet yordamida mustaqil ta’lim olish, foydali ma’lumot­larni qidirish o‘rniga aksar hollarda uning tuzog‘iga ilinayotgani sir emas.
Davra suhbatida mutaxassislar bunday negativ axborotlarga yondashuvlarni aniq belgilash, muammoni hal etish uchun kelgusida qanday vazifalarni amalga oshirish yuzasidan aniq taklif va mulohazalarni o‘rtaga tashladi.

Nozima MURODOVA,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori:

— Ijtimoiy tarmoq materiallarini saralaydigan bo‘lsak, u yerda jurnalistlar tomonidan ishlangan; qayta ishlanmagan; shunchaki oddiy kuzatuvchi nigohi bilan ifo­dalangan, blogerlar tomonidan fikr manipulyatsiyasiga qaratilgan axborotlarni ko‘ramiz. Ular yoshlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri, saralanmasdan yetib boryapti. Auditoriya ma’lumotni nafaqat iste’molchi sifatida qabul qilib oladi, balki messenjerlardagi bo‘lishish, ulashish kabi xizmatlar orqali tarqatib ham yuboradi. Bilib-bilmay turli axborotlarning tarqalib, ommalashi­shiga sababchi bo‘ladi. Bu jarayon­da yoshlarni salbiy axborotdan himoyalash uchun ularda tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini rivojlantirish talab etiladi. Afsuski, biz ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilayotgan salbiy axborotlardan yoshlar ongini himoya qilish borasida ancha kech qolyapmiz. Shunga qaramay media ta’limni rivojlantirish, media madaniyat va media savod­xonlikni shakllantiri­shimiz kerak. Mening nazarimda,
bu borada “Yoshlar ovozi” gazetasi yaxshi vosita, maydon bo‘la oladi. Chunki gazeta respublika miqyosida yoshlar orasiga kirib boradigan respublika nashri hisoblanadi.

Eshmuhammad QODIROV,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar doktori:

— Bu auditoriyada “to‘rtinchi hokimiyat” vakillari o‘tiribdi. Mening nazarimda, jurnalistikaning maq­sad-muddaosi jamiyatda kishilar fikrini shakllantirish va o‘zgartirish­dan iborat. Buning uchun siz, avvalo, sohaga oid qonunchilikni yaxshi o‘rganishingiz, o‘z vakolat doirangizni aniq bilishingiz ke­rak. Afsuski, bugun aksar jurnalistlar o‘z huquqlarini bilishda oqsamoqda.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 67-moddasida OAV erkinligi mustahkamlab qo‘yilgan. Ayniqsa, bugun­gi kunda so‘z va mat­buot erkinligi yanada yorqinroq namoyon bo‘lmoqda. Lekin unut­maslik kerakki, OAV qonunga muvofiq ishlaydi. Ya’ni so‘z aytish mas’uliyati, unga nisbatan javobgarlik masalalari ham bor.
Jabbor Razzoqov, Safar Ostonov kabi tajribali jurnalistlar bu mas’uliyatni chuqur his etgan holda, ortiqcha ehtirosga berilmay dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqmoqda, odamlarning murojaatlari bilan ishlamoqda. Bunday jurnalistlar qonun doirasidagi vakolatlaridan erkin va keng foydalanmoqda. Siz, yosh jurnalistlar ham bunga e’tibor qaratishingiz kerak.
Bugun jurnalistlarimiz ham, blogerlar ham faollashdi. Ularning fikrlari, ko‘tarayotgan masalalari jamiyat uchun foydali bo‘lish bilan birga, ayrim shaxslarning huquqlariga ham daxl qilmoqda. Bu ularning huquqiy bilimlari pastligidandir.

Mirjalol QOSIMOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi doktoranti:

— Bismillahir Roh­manir Rohiym… Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, aziz talabalar! Bugun O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlari kengashida muhim va dolzarb mavzu yuzasidan ko‘rishib turibmiz. Alloh taolo xayrli qilsin.
Men aytmoqchi bo‘lgan gaplar so‘z erkinligi, global axborot maydonida buzg‘unchi g‘oyalardan himoya­lanish muammolari to‘g‘risida. Xo‘sh, musulmonchilikda, islomda, Qur’oni karim va hadisi shariflarda bu haqida nima deyilgan?
Alloh taolo Qur’oni karimning Hujurot surasida, jumladan, shunday deydi: “Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmasin…” (Hujurot surasi, 12-oyat).
Bu ijtimoiy tarmoqlardagi jara­yonlarga bevosita aloqador oyat. Ya’ni bir-biringiz bilan josuslashmang, bir-biringizning aybingizni izlab, orqasidan gapirib, uni g‘iybat qilmang, deyilmoqda. Turli xil bo‘hton, tuhmatlarni musulmon musulmonga qilishi joiz emasligi oyati karimada va hadisi sharifda aytilgan.
Shunday ekan, biror hodisaga baho berish, fikr bildirish, tarqatish uchun uning rostligini tekshirish, manbasini, maqsadini aniqlash dinimiz talabiga to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki ha­disi shariflarda Rasululloh (s.a.v.)ning eng yomon narsa haqida aytgan fikri keltiriladi. Payg‘ambarimiz juda ham kamgap bo‘lgan. Jiddiy zarurat bo‘lmasa, bir narsani ikkinchi marta qaytarmagan. Ammo bir sahoba eng yomon narsa nimaligini so‘raganda, “… ya’ni yolg‘on gap, yolg‘on gap, yolg‘on gap…”, deb qaytarib turganlar. Yolg‘onga hadislarda shunday munosabat bildirilganki, Rasululloh (s.a.v.) bu iborani bir necha marta takrorlaganining o‘ziyoq uning juda yomonligini ko‘rsatadi…

Yoqutxon MAMATOVA,
filologiya fanlari doktori:

— Axborot ortiga berkingan g‘arazli mafkura eng kuchli qurolga aylanmoqda. Ayniqsa, bundan hali shaxs sifatida shakllanmagan, o‘zligini anglash darajasiga yetmagan yoshlar aziyat chekyapti.
Bugun ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilarning 58 foizini yoshlar tashkil etadi. Bir o‘ylab ko‘ring, 12–18 yoshli o‘g‘il-qizlarimizning tafakkur darajasi qanday? Internetdagi axborotlarni sintez qila ola­dimi? Yo‘q, albatta. Ular hali bunga qodir emas. Buning uchun media ta’limni rivojlantirish zarur. Yoshlar orasidan faollarini topib, media ta’limni o‘rgatish, targ‘ib etish muhim. Ularga Twitter, Instagram, YouTube kabi ijtimoiy tarmoq­lardagi ekstremistik, axloqsizlik ruhidagi, ma’naviyatimizga zid axborotlar zamiridagi asl maqsadni ilg‘ash ko‘nikmasini o‘rgatish kerak.
Bu borada gazetalarning ahamiyati katta. Masalan, “Yoshlar ovozi” gazetasi dizayn jihatidan jahon standarti darajasiga chiqib bo‘lgan. Salmoqli materiallari bor. Endi yoshlarni o‘ziga yanayam jalb etadigan, fikrini shakllantiradigan materiallarni ko‘paytirish kerak.

Jabbor RAZZOQOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

— Hozir axborot asri. Axborot olamida esa bo‘ron bo‘lyapti. Axborot makonimizga blogerlar kirib kelib, bu olam­da to‘s-to‘polon boshlandi. Xo‘sh, nima uchun bu voqealar yuz beryapti?
Aslida axborot ijod mahsuli, ya’ni u o‘ylab, fikrlab yozilishi, so‘ngra tarqatilishi kerak. Telefonda suratga olib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga yoki ijtimoiy tarmoqlarga axborot joylashtirish esa butunlay boshqa narsa. Biz bularni farqlab olishimiz kerak. Blogerlarning yarmidan ko‘pi yoshlar. Yoshlar qiziqqon, o‘yinqaroq. Ular axborot olamini o‘yinchoq sifatida qabul qilyapti, nazarimda. Ijtimoiy tarmoq­larni kuzatsam, ayrimlar o‘zini videoga olib, axborot tarqat­yapti. Maqsadi nima? Shunchaki, o‘yinqaroqlik!
Jurnalistlar axborot makonidagi tashabbusni blogerlarga berib qo‘ydi. Bu yangi axborot olamidagi texnika rivojlanishi va jurnalistlar­ning kompyuterga bog‘lanib qolishi oqibati deb bilaman. Muxbirlar joylardan axborotni qidirib, izlab topmayapti, o‘zi axborot ishlab chiqarmayapti. Shunchaki, bor, aniqlangan axborotni uzatish bilan cheklanmoqda. Ular keyingi o‘n, yigirma yilda axborot olami qay darajada o‘zgarib ketganini o‘z tanasida chuqur his etishi kerak.
Axborot qabul qilish va tarqatishda hozirjavoblik juda sust biz­da. Biz rivojlangan mamlakatlar jurnalistikasidan mahorat maktabini o‘rganishimiz lozim.
Yaqinda “Til millatning qalbi” degan maqo­lam O‘zbekiston Milliy axborot agentligining saytida e’lon qilindi. Oradan 15-20 daqiqa o‘tib, materialni dunyoning narigi chekkasida faoliyat olib borayotgan “Dunyo o‘zbeklari” manbasi ko‘chirib bosdi. Qarangki, chet elda ham bizni kuzatib turishadi. Shunday maho­ratni, tezkorlikni yosh jurnalistlari­miz o‘rganishi kerak. Biz haqiqiy axborotni tezkorlik bilan izlab topib, qayta ishlab, ishlab chiqarib, auditoriga uzatmas ekanmiz, matbuotda rivojlanish bo‘lmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar­ning ko‘pi yetarlicha o‘ylanmasdan, fikrlanmasdan — bir qaynovi ichida yozilyapti. Fikrlamay yozilgan axborotni xolis deb bo‘lmaydi. Xolislik va oshkoralik esa tirnoq tagidan kir qidirish degani emas. Buni yosh jurnalist do‘stlarimiz yaxshi tushunib olishini istardim.

Safar OSTONOV,
“O‘zbekiston ovozi” va “Голос Узбекистана” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

— XXI asrda negativ axborot, axborot xurujlari avj olib ketdi. Axborot texnologiyalari rivojlangan ayni davrda dunyoning narigi chekkasidagi mamlakatga biror salbiy axborotni kiritish uchun u yerga borib o‘tirishning hojati yo‘q. Istalgan axborotni internet orqali kiritish mumkin. Informatsiya tarqatish borasida internetning imkoniyati shamoldan ham, tovushdan ham, o‘qdan ham tez.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda salbiy axborot tarqatayotganlarni bir necha guruhlarga bo‘lish mumkin. Birinchi toifa, oddiy qilib aytganda, axborotni bilib-bilmay tarqatadi. Shu axboroti nima bilan tugashini yoki kimlargadir yomon, salbiy ta’sir qi­lishini o‘ylab o‘tirmaydi. O‘ylashga, ehtimol, qurbi yet­maydi.
Ikkinchi toifa — alamzada odamlar. Hayotda ishi yurishmagan bu odamlarning kimdandir yoki nimadandir alami bor. Dunyoda yorug‘likni, yaxshilikni, oq narsalarni “ko‘rmaydi”. Taskin topish uchun kecha-yu kunduz salbiy axborot tarqatishga harakat qiladi.
Uchinchi bir toifa borki, ular eng xavflisi. Bu toifa maxsus idora va maxsus kuchlar manfaatlaridan kelib chiqib axborot tarqatadi. Ular ishlab chiqargan, yaratgan har bir axboroti uchun haq olib turadi. Bundaylar bizning oramiz­da ham yuribdi. Shunday ekan, birov kurakda turmaydigan, yolg‘on, bo‘hton, nizo qo‘zg‘atuv­chi xabar tarqatsa, unga nisbatan befarq bo‘lishimiz, soddalik qilib: “Bir savodsiz bola axborot tarqatayotgan ekan-da” yoki “Shu ahmoqqa teng bo‘laymi?!”, deyishimiz kerak emas.
Blogerlar masalasida so‘nggi paytda ko‘p gaplar bo‘lyapti. Doim bir gapni takrorlayman: O‘zbekiston jurnalistikasini bo‘limlarga, taba­qalarga bo‘lish, o‘rtaga devorlarni qo‘yib tashlash kerak emas! Radio, televideniye, matbuot, internet jurnalistikasi — hammasi yurtimizning boyligi, Bloger va internet jurnalistikasi degan tushunchalar OAV makoniga nisbatan yangi kirib keldi. Ular ham bizning safimizda. Ularni ajratmaylik, yomon ko‘z bilan qaramaylik. Balki so‘zni his etish malakasini, mas’uliyatini oshiraylik. Ular orasida sog‘lom, to‘g‘ri fikrlaydiganlari bor. Lekin jurnalistika alohida soha, fan. Bunga o‘qitiladi, o‘rgatiladi. Agar hamma o‘qimasdan jurnalist bo‘lib keta olganida jurnalistika universiteti, fakultetlari­ni ochishga hojat qolmagan bo‘lardi…
Yoshlar negativ axborot faqat O‘zbekis­ton hududidan tarqatilyapti, deb tushunmasligi ke­rak. Xuruj­lar dunyo­nining hamma burchagidan, aynan o‘zbek tilida bo‘lyapti. Ona tilimizda O‘zbekistonga nisbatan tuhmatlar uyushtiril­yapti. Ularga qarshi munosib javob berish­da yosh jurnalistlar­ning hissasi katta bo‘ladi.

Amrullo KARIMOV,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dekani:
— Agar O‘zA, “O‘z­bekiston-24” yoki mar­kaziy nashrlar tashabbus ko‘rsatib, yosh kadrlarni xorijga jo‘natmas ekan, yurtimizda xalqaro jurnalistlar yetishib chiqmaydi. Afsuski, bu muammo doim moliyaviy masalalarga kelganda, hal bo‘lmay qolib ketyapti.
Xalqaro jurnalist aslida kim? U faqat chet elga borib ishlaydimi? Bu savollarga ham aniq javob yo‘q. Afsuski, bugun matbuotda ham, radio-televideniyeda ham xalqaro sharhlovchilar juda kam. OAVda xalqaro hayot deyarli aks etmaydi. Ayniqsa, matbuotda. Biz faqat yurtimizdagi voqea-hodisalar­ni yoritish bilan cheklanyapmiz.
Axborot xurujlariga qarshi munosib javob berish uchun bizga ko‘plab malakali, mahoratli xalqaro jurnalistlar kerak, deb hisoblayman!

Mahliyo MIRSOATOVA,
O‘zMU jurnalistika fakulteti dekani:

— Ijtimoiy tarmoqlar qanchalik rivojlangani bilan odamlarda matbuotga ishonch yuqori. Biz, jurnalistlar shu ishonchni yo‘qotmasligimiz kerak. Global tarmoq­da yaxshi-yomon, oq-qora — barcha axborot baravar oqyapti. Biz ularning to‘g‘ri-noto‘g‘risini ajratib oli­shimiz, uni analiz va sintez qilishni yoshlarga ham o‘rgatishimiz kerak. Jurnalistlar faqat haqiqatni yozishi, auditorini ishonchli axborot bilan to‘liq ta’minlashi ke­rak. Jurnalistikaning bu oltin qoidasini yosh jurnalistlarimiz o‘ziga shior qilib olishi kerak.

To‘lqin EShBeK,
O‘zMU jurnalistika fakulteti dotsenti, “Do‘stlik” ordeni sohibi:
— Marhum ustozimiz Rustam Shog‘ulomov boshchiligida “Matbuotchilar uyi”da yosh jurnalistlar mahorat maktabi faoliyat yuritardi. Men birinchi bo‘lib, jurnalist diplomini shu maktabda olganman. Bungayam qariyb 40 yil to‘libdi. Bugun Faxriddin Karimov ham amaliyotchi, ham nazariyachi jurnalist-mutaxassis sifatida mahorat maktabini tashkil etgani ustozlari­miz ezgu an’anasining davomidir.
Loyqa suvni yo‘qotishning yagona yo‘li — tiniq suvni ko‘paytirishdir. Shundagina loyqa suv cheki­nadi. Demoqchimanki, ijtimoiy tarmoqlar negativ axborotdan xoli bo‘lishi uchun tizimda ijobiy ma’nodagi axborotlar ko‘payishi kerak. Zabardast jurnalistlarimiz, ziyolilarimiz, mustaqil fikriga ega faol yoshlarimiz har kuni bitta yaxshi xabar qoldirsa, tarmoq tozalanadi. Faqat yoshlarimiz unutmasligi kerakki, bu materiallarimiz imloviy va uslubiy xatolardan xoli, to‘g‘ri, ishonchli, eng muhimi, foydali bo‘lishi kerak. Ana shundagina ular onasining sutini, otasining molini, ustozining ta’limini oqlagan bo‘ladi.