Ilk qadam — katta odim

Bilimli, sog‘lom, salohiyatli avlodni tarbiyalash uchun maktabgacha yoshdagi bolalar o‘quv-tarbiyasi faoliyatini takomillashtirish dolzarb masalaga aylangan. Bu jarayonda oila va jamiyat hamkorligi juda muhim.

“O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish borasidagi Davlat talablari”ga muvofiq “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi ishlab chiqilgan hayotga tatbiq etilmoqda. Bu dastur davlat maktabgacha ta’lim tashkilot­lari, maktabgacha ta’lim xizmatini ko‘rsatuvchi nodavlat muassasa­lar, maktabgacha yoshdagi guruhlarga ega bo‘lgan Mehribonlik uylari, shuningdek, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limni nazorat qiluvchi boshqaruv organlarida qo‘llanadi. U yetti bobdan iborat va har bir bob muayyan maqsadga yo‘naltirilgan. Xususan, birinchi bobda davlat o‘quv dasturini qo‘llash,
uning maqsad va vazifalari aks
ettirilgan. Ota-onalarning bog‘chadagi ta’lim-tarbiya dasturiga e’tiroz bildirganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Shu talabga binoan, endigi ishchi o‘quv dasturi muassasa pedagoglari tomonidan ota-onalarni jalb etgan holda tuziladi va qonunchilik talablari asosida tasdiqlanadi.
Hozir bolalar birinchi sinfga chiqqunga qadar yozish va o‘qishni o‘rganib olyapti. Bola bog‘chaga faqat vaqt o‘tkazish uchun bormaydi. U yerda shunday muhit yaratilishi kerakki, bola o‘z xohishi bilan bu dargohga kelsin, kerakli mashg‘ulotni bajarsin.
Shu bois maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim jarayoni bola huquqlari, o‘ziga xos rivojlanish xususiyati va salohiyatdan kelib chiqib tashkil etilmoqda. “Ilk qadam” dasturi 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bosqichma-bosqich rivoj­lantirishni ko‘zda tutadi. Odatda bu yosh oralig‘idagi bolalarda jismoniy zo‘riqish kuzatiladi. Shuning uchun ularning salomatligini asrash va mustahkam­lash, o‘yinqaroqlik, serharakatlik borasidagi ehtiyojlarini qondirish, ijodiy qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash zarur. Bolaning qiziqishlaridan kelib chiqib, uni ma’lum sohaga yo‘nalti­rishda tarbiyachining roli katta.
Davlat dasturida bola rivojlanishi va jamiyatga ijtimoiy moslashishi uchun qulay muhit yaratish ko‘zda tutilgan. Eng muhim masalalardan biri MTTning oila, mahalla, maktab bilan hamkorligini tashkil qilishdir. Endi har bir ota-onaning maktab­gacha ta’lim tashkiloti haqidagi fikr-mulohazalari hisobga olinadi. “Ilk qadam” dasturiga binoan, ilk rivojlanish masalalarida ota-
onalarga bilim beriladi, ular o‘quv-tarbiya jarayoniga faol jalb etiladi.
Dastur asosida maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetensiyaviy yondashuv us­tuvorlik kasb etib, u beshta yo‘nalish­ni o‘z ichiga oladi. Bular:
— jismoniy rivojlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
— ijtimoiy-hissiy rivojlanish;
— nutq, muloqot, o‘qish va yozish malakalari;
— bilish jarayonining rivojlanishi;
— ijodiy rivojlanish.
Katta guruh bolalarining maktabga tayyorgarlik xaritasi to‘ldiriladi. Bu xaritada Davlat dasturi­ga muvofiq, bola rivojlanishining beshta sohasi bo‘yicha egalla­nishi kutilayotgan kompetensiyalar
ifodalanadi.
Dasturning afzalligi shundaki, u bolaning rivojlanishiga individual yondashuvni, shaxsini hurmat qilishni, manfaatlari, ehtiyojlari va darajasini hisobga olib, hissiy g‘amxo‘rlik qilishni ko‘zda tutadi. Shu sababli bolaning rivojlanishini kuzatib borish pedagog faoliyati­da muhim ahamiyat kasb etadi. Peda­gogik kuzatuvlar asosida ta’lim faoliyati rejalashtirilib, takomillashtirib boriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti — bu o‘ziga xos olam, unda bolalar, ota-onalar, tarbiyachilar va xodimlar manfaatlari to‘qnash keladi. Muhimi, bog‘chada sog‘lom muhitni yaratish dasturning ham, biz, pedagoglarning ham bosh maqsadimiz. Toki, jajji o‘g‘il-qizlar bu yerda bilmaganlarini o‘rgansin, ertaga yana shu maskanga
talpinib tursin.

Surayyo SHODIYEVA,
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 471-MTT mudirasi