Insoniyat yaratayotgan «tog‘»lar

Mo‘ysafid: “Bolaligimizda kattalar “suvga tupurmanglar, supurindi tashlamanglar, yomon bo‘ladi”, desa, aytganini qulog‘imizga ilardik. Yomon bo‘lish nimaligini ham o‘zimizcha tasavvur qilardik. Bugun-chi? Bugungi kun bolasiga yomon bo‘ladi deyishning o‘zi bilan ish bitmayapti”.
Stiven Hoking: “Biz global isish ortga qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib keladigan burilish oniga yaqin turibmiz”.
“Science Advances” jurnali: “1950-yildan beri jahonda sakkiz milliard tonnadan ortiq plastik ishlab chiqarilgan. Shuning to‘rtdan uch qismi chiqindiga aylangan va ularning 9 foizigina qayta ishlanmoqda. Oddiy plastik idishning parchalanib ketishi uchun 500 yil kerakligini inobatga olsak, dunyoda ulkan chiqindi tog‘lari paydo bo‘layotganini tasavvur qilish qiyin emas”.

“Ertalab turib, o‘z sayyorangni tozala!”

— Assalomu alaykum!
— Vaalaykum assalom! Keling, mehmon! Kecha rahbarimiz aytgan jurnalist yigit siz bo‘lsangiz kerak-a?
— Ha, amaki, shunday. Ismim — Nozim.
— E-e, Nozimjon, bor bo‘ling! Biz haqimizda yozmoqchi ekansiz.. Zap ish boshlabsiz-u, lekin “Maxsustrans” mashinasida ertalabdan kech­gacha chiqindi tashiydigan bizga o‘xshaganlar ishining kimga qizig‘i bor, hayronman?! Odamlar yaltir-yulturga qiziqadi. Tag‘in yozganlaringiz o‘qilmasa, bizdan o‘pkalab yurmang, uka!
— Gapniyam oldingiz-da, amaki.
— Ismim Tohir. Mana shu “Maxsustrans” mashinasi haydovchisiman. Anavilar Farhod va Ne’mat akalaringiz. Biz uchovlon bir jamoa. Yosh ham ellik beshdan o‘tdi, ishlayapmiz. Yana besh yilni amallab o‘tkazib, pensiyaga yetvolish qoldi.
— Soat ham olti bo‘p qoldi. Gapla­ringiz tugamasa kerak. Qolganini yo‘lda davom ettirasizlar, — deb suhbatni bo‘ldi Farhod aka. — Salqinda ishni qilib olmasak, kun isigach chiqindilarning hidi boshni og‘ritib, odamni behol qilib qo‘yadi.
— Qani, chiqinglar bo‘lmasa mashi­naga… Jurnalist ukamizni bir sayr qildirib kelamiz.

***
— Ekzyuperining “Kichkina shah­zoda” asaridagi bolakay: “Bizda shunday qoida bor: ertalab uyqudan turib, yuz-qo‘lingni yuvgach, u yoq-bu yoqni yig‘ishtirgandan so‘ng, darhol sayyorangni tozalashga kirishmog‘ing lozim… Men o‘z sayyoram, feruza gulim uchun javobgarman!” — deydi. Sizlar ham har kuni shahrimizni chiqindilardan tozalab, uning ozoda turishini ta’minlar ekansizlar-da!..
— Har kuni Toshkent shahridan 3 ming tonnadan ortiq chiqindi olib chiqiladi. Bir kun ishlamasak, nima bo‘lishini tasavvur qilavering endi. “Maxsustrans” ishchilarining ikki-uch nafari bitta jamoani tashkil qiladi. Har bir jamoaga muayyan hudud biriktirilgan.

Energiya va xomashyo 50 foizgacha tejaladi

— Mutaxassislar hozirgi kungacha chiqindining 800 dan ortiq turini aniqlagan, kelgusida bu salmoq ortib borishi mumkin, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sobit Tursunov. — Atrof-muhitni asosan
energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati materiallari, qurilish materiallaridan hosil bo‘ladigan chiqindilar ifloslantiradi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi chiqindilarning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko‘rsatmoqda. Hatto ayrim mamlakatlarda chiqindi­larni saralab yig‘ish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada qog‘oz, plastik, aluminiy kabi foydali xomashyo qay­ta ishlanadi. Masalan, Yaponiyada rezina mahsulotlarining 34 foizi, qog‘oz va kartonning 54 foizi, shisha buyumlarning
43 foizi chiqindini qayta ishlash hisobiga tayyorlanadi. Xitoyda esa metaldan yasalgan buyumlarning 33 foizi, jun, ipak va charm mahsulotlari, hatto attorlik mollarining 34 foizi chiqindilarni
qayta ishlashdan olinadi. Bunda ener­giya va xomashyoni 50 foizgacha tejash mumkin.
Respublikamizda yiliga taxminan 100 million tonnadan ortiq sanoat hamda 35 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Maxsus poligonlarda salkam 2 milliard tonna chiqindi saqlanayotgani hamda ular 12 ming gektar maydonni egallaganini inobatga olsak, chiqindilar atrof-muhitga nechog‘liq salbiy ta’sir ko‘rsatishini tasavvur qilish qiyin emas.
Prezidentimizning 2017-yil 21-ap­reldagi “2017 – 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida chiqindilarni boshqarishning yangi mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilgan.
“Qora mehnat”ning qadri

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “MAN” mashinasi kabinasiga to‘rtovimiz bemalol joylashdik.
15 metr kub yukni ko‘tara oladigan ushbu zamonaviy texnika “Maxsustrans”chilarning ishini ancha yengillashtirishiga “sayohat” davomida guvoh bo‘ldim.
Hamrohlarimga Uchtepa tumanidagi 14 ta chiqindi yig‘ish punkti hamda “Farhod” bozori hududi biriktirilgan. Birinchi manzilga yetib keldik. Bizni chiqindixona qorovuli, bir vaqtning o‘zida shu yerning ozoda­ligiga javobgar inson kutib oldi. Yuklovchi amakilar abjirlik bilan mashinadan sakrab tushib, ishga kirishdi. Haydovchi ikkimiz ichkarida qoldik. Tushmoqchi bo‘lganimda ular: “Ustingiz chang bo‘ladi, chiqindi “sharbati”ning hidi o‘tirib qoladi”, — deb qo‘ymadi.
Birozdan so‘ng qorovul daf­tar uzat­di. Tohir aka bir nimalarni yozib, qo‘l qo‘yib berdi. Bu “Maxsustrans”chilar­ning kelib-ketgani qayd etiladigan daftar ekan. Yuklovchi amakilar ishini tamomlagach, mashi­na joyidan qo‘zg‘aldi.
Yo‘l-yo‘lakay hamrohlarga yaqinda mahalliy nashrlarning birida chop etilgan “Tungi Namangan: koshki edi, bu manzara bo‘lmasa…” sarlavhali maqolaning mazmunini so‘zlab berdim. Unda yozilishicha, kun botishi bilan shaharning markaziy ko‘chalari bo‘yiga tonnalab chiqindi tashlab ketishadi. Masa­lan, Boburshoh va Navoiy ko‘chalarida bu holatni har 50-100 metrda uchratish mumkin. Ertalabgacha maxsus xizmatchilar hammayoq­ni chiqindidan tozalashga majbur. Amakilarga: “Sizlarda ham shunday holat bo‘ladimi?”, degan savol bilan murojaat qildim. Ne’mat aka chuqur xo‘rsinib, gap boshladi:
— Aslida biz faqat qo‘riqlanadigan chiqindixonalarni tozalashi­miz kerak. Lekin odamlar duch kelgan joyga: yo‘l yoqalari, uylar oldiga, eski garaj­lar o‘rniga chiqindi paketlarini tashlab keta­veradi. Bunaqa uyumlar juda ko‘p. “Qoidabuzar”larga tushuntira­miz, tanbeh beramiz, befoyda. Jabrini esa biz tortyapmiz.
Birinchi chiqindixona katta yo‘l bo‘yida bo‘lgani uchun birmuncha ozoda ekan. Lekin ikkinchisida manzara umuman boshqacha bo‘lib chiqdi.
— Mana, jurnalist uka, mahalla­ning ichiga kirib boryapmiz. Atrofga qarang, hammayoq chiqindiga to‘lib yotibdi, — dedi Tohir aka.
Qarasam, chindan ham ahvol chatoq. “Maxsustrans” xodimlari­ning o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rdim. Dastlabki punktda chiqindilarni mashinaga ortishga ular 7-8 daqiqa sarflagan bo‘lsa, hozir naq 20 daqiqa ter to‘kdi. To‘g‘ri-da, axir, har-har joyda uyib qo‘yilgan chiqindi­larni yig‘ib olishning o‘zi bo‘ladimi?! Ochig‘i, ishchilarga jonim achidi.
Keyingi maydoncha uzoq emas ekan. Birpasda yetib oldik. Ishga endi kirishgan edik, konteyner ustiga tashlab ketilgan eski unitazga ko‘zimiz tushdi. Agar uni payqamaganimizda mashinaga zarar yetgan bo‘lardi. Farhod akaning aytishicha, mashina ichidagi yog‘och va boshqa maishiy chiqindilarni maydalab, ichkariga tortadigan qurilmaning unitazni bo‘laklashga “tishi o‘tmas” ekan. Shu bois uni qoldirib ketishga to‘g‘ri keldi.
Keyingi manzilda chiqindi punkti yonida turgan, tomigacha plastik buyumlar ortilgan “Moskvich” egasini savolga tutdim. U plastik­ni chiqindi­larni qayta ishlaydigan korxonaga topshirar ekan. Shuning orqasidan ro‘zg‘or tebratadi. Demak, qayta ishlanadigan chiqindi­larni to‘plab sotishning o‘zidan yaxshigina daromad olsa bo‘lar ekan. Ishyoqmas, boqimanda ba’zi yurtdoshlarimiz bundan o‘ziga xulosa chiqarsa qani edi!
Ba’zi hududlarda qog‘oz, plast­massa va boshqa turdagi mahsulotlar uchun alohida chiqindi konteynerlari qo‘yilganidan buyon chiqindilarni qay­ta ishlash sanoatida o‘sish kuzatilmoq­da. Afsuski, yaratilgan qulayliklarga qaramay, fuqarolar hali ham chiqindi­larni saralashni o‘rgangani yo‘q. Bu esa ancha og‘riqli masala.
Ne’mat aka nabiralarini “Ekopark”ka olib borganini aytib qoldi:
— Juda yaxshi ish bo‘libdi, — dedi u. — Turfa gullar, o‘simliklar, dov-daraxtlar insonlarni tabiatga yaqinlashtiradi. Bunday maskanlarni ko‘paytirish kerak. Nozimjon, siz ham borib ko‘ring.
— Iye, aka, ikki marta borganman axir, — dedim maqtanchoqlik bilan. — “Ekobog‘”ning bir jihati menga juda yoqadi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, u yerdagi arg‘imchoqlar faqat inson kuchi bilan harakatga keltiriladi. Hech qanday elektronika yo‘q. O‘rindiqlar tosh va yog‘ochdan qilingan. Bu ham tabiatni ardoqlashga da’vat bo‘lsa kerak.
Shunday qilib, so‘nggi — o‘n to‘rtinchi maydonchaga ham yetib keldik. Mashina chiqindiga liq to‘la. Amakilar nihoyatda charchagan, xuddi qop ort­moqlaganday og‘ir nafas olardi. Ular­ning “qora mehnati” har birimiz uchun qanchalar qadrli bo‘lishi kerakligini ich-ichimdan his qildim.

Manglaydagi terga qarab…

— Endi, Nozimjon, chi­qindilarni Yakkasaroy tumanidagi maxsus yukxonaga olib boramiz. U yerda ikki-uchta mashinadan tushirilgan chiqindilar bitta katta mashinaga zichlab joylanadi va Ohangarondagi maxsus poligon — “Chiqindi tog‘i”ga olib ketiladi.
Maxsus yukxonaga yo‘l olganimizda kechki soat to‘qqiz edi.“Farhod” bozori oldidagi chorraha tirband. O‘ttiz besh yildan buyon bunday holatni ko‘raverib, ko‘nikib ketgan haydovchimiz chidolmay dardini to‘kdi: “Jurnalist uka, yo‘lni qarang, oxirgi uch-to‘rt yil ichida shunchaga yetdi. Yana yigirma yildan keyin nima bo‘lar ekan, bilmayman!”.
— Yaqinda Toshkent shahar hokimligi xorijdan mashhur arxi­tektorni taklif qildi, — dedim men. — U poytaxtni aylanib chiqqach, “Toshkentda asfaltlangan joylar haddan ziyod ko‘p. Bu avtomobillar sonining keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda. O‘n yildan keyin xuddi Pekindagidek oxiri yo‘q tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin”, deb javob bergandi.
— Shu odam to‘g‘ri gapiribdi, — tasdiqlab qo‘ydi Ne’mat aka. — Bu ketishda Toshkent avtomobilga to‘lib ketadi. Zararli tutunni odamlar yutadi.
Xullas, Yakkasaroydagi manzilga yetib keldik. To‘plaganlarimizni belgilangan joyga ag‘dardik. Atrof shunchalik badbo‘yki, nafas olga­ning sayin ko‘ngling behuzur bo‘lib ketaveradi. Hamrohlarimning peshanasidan oqayotgan terni ko‘rib, xayolimdan ko‘p fikrlar o‘tdi. Ulardan behad minnatdorman!
Shu yerda hikoyamni yakunlayman. Endi “Chiqindi tog‘i”ga bori­shim kerak…

Nozimjon AShURALIYeV