“Maqsadimiz bir, Vatanimiz yagona!”

Tobora globallashib, xalqlar va davlatlararo integratsiya jarayonlari jadallashib borayotgan bugungi kunda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni, konfessiyalararo birdamlikni ta’minlash nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning barcha mamlakatlari uchun dolzarb masala hisoblanadi. Dunyoda qancha millat, xalq bo‘lsa, har biri o‘ziga xos fe’l-atvor, urf-odatlarga ega. Insonparvarlik, bag‘rikenglik qatorida millatlararo totuvlikka intilish azaldan xalqimizning yuksak fazilati hisoblangan.

Taassufki, hozirgi kunda tinchlik va hamjihatlikka raxna soluvchi illatlar ko‘p. Ayniqsa, mamlakat kelajagi bo‘lgan yoshlarni diniy, irqiy, hududiy millatchilikdan asrash juda muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezi­denti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assam­b­le­­­yasining 72-sessiyasidagi nutqida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash muammolariga alohida urg‘u berib, qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-mayda qabul qilgan “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘na­lishlaridan biri etib belgilangan”, deya qayd etilgan.
Bosh qomusimizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududi­da istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari hurmat qilinishini ta’minlaydi. Ular­ning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb belgilangan.
Bugungi kunda mamlakatimizda
130 dan ziyod millat va elat, xalq va etnik guruhlarning vakillari yashaydi. 138 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda yashayotgan aholining 27 millionga yaqinini o‘zbeklar, 5 milliondan ziyodini 130 dan ortiq millatga mansub fuqarolar tashkil etadi. Ularning har biri o‘z milliy madaniy urf-odatlari, an’analari, tiliga ega. Ular mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millatlar qadriyatlarini as­rab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash barobarida, yoshlarimizni o‘zaro birdamlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa
qo‘shmoqda.
Shuningdek, umumta’lim maktablarimizda ta’lim yetti tilda olib borilmoq­da. Bir nechta tilda gazeta-jurnallar chop etilayotgani, teleko‘rsatuv hamda radioeshittirishlar efirga uzatilayotgani mamlakatimizdagi bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitining amaldagi ifodasidir.

Yoshlar qanoti

Mamlakatimizdagi rus, uyg‘ur hamda koreys madaniy markazlari qoshida “Yoshlar qanoti” tashkiloti faoliyat yuritadi. Tashkilot o‘g‘il-qizlarning ta’lim, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda muvaffaqiyatga erishishiga ko‘mak bermoqda.
Masalan, koreys milliy madaniy markazining “Yoshlar qanoti” 2012-yilda tashkil etilgan, 300 nafar a’zoga ega. Qanot shu yilning o‘tgan davri mobaynida yoshlarni qamrab oladigan 30 dan ziyod tadbir o‘tkazdi. Markazning bosh maqsadi — koreys diasporasining milliy madaniy qadriyatlarini saqlash, dunyodagi koreys markazlari va diasporalar ittifoqini ta’minlab, turli tadbirlarni o‘tkazish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat.
Masalan, faol yoshlardan biri Li Aleksandra mahoratli qo‘shiqchi. Hozir Janubiy Koreyada tahsil oladi. Ko‘plab muxlislariga ega. Markazning yana bir a’zosi Li Li “WhereBuy” loyi­hasi rahbari. Qator yoshlarni ish bilan ta’minlagan.
Muxtasar aytganda, milliy madaniy markazlar qoshidagi “Yoshlar qanoti” o‘g‘il-qizlarning orzu-istaklari, o‘yla­gan rejalarini amalga oshirishga yordam qilmoqda.

Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ham asr­lar osha qadrlanib kelgan millatlararo do‘stlik, qardoshlik, mehr-oqibat tuyg‘ularini yanada rivojlantirmoqda. Ittifoq qoshidagi Millatlararo totuvlik masalalari bo‘limi bilan hamkorlikda yil davomida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 7-fevralida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va horijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar qo‘mitasida “Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish” mavzusida adabiy-badiiy kecha tashkil etildi. O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi va markaz faollari qatnashdi.
21-fevral kuni Toshkent shahar “Yoshlar markazi”da Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi shahar kengashi hamda milliy madaniy markazlar hamkorligida “Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi — oliy ne’mat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mart oyi davomida Zarafshon shahri, Konimex, Uchquduq, Nurota hamda Tomdi tumanlaridagi qozoq tili­da dars olib boriladigan 68 ta umumta’lim maktablarida o‘zbek-
qozoq madaniyat kunlari bo‘lib o‘tdi.
11-12-mart kunlari Farg‘ona viloyati­da “Kelajakni terrorizmsiz quramiz!” shiori ostida Andijon va Namangan viloyati, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikasiga chegaradosh hududlardagi davlat boshqaruv organlari, yoshlar tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, huquqni muhofaza qilish idoralari, diniy soha vakillari, ekstre­mizm va terrorizmga qarshi kura­shish yo‘nalishida ilmiy-amaliy tajribaga ega mutaxassislar, talaba-yoshlar ishtirokida festival tashkil etildi.
12-13-aprelda Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda “Tojikiston madaniyati kunlari” doirasida “Tojikiston kino kunlari”ning ochilish marosimi o‘tkazildi.
20-aprel kuni “Yoshlar press klubi”da “O‘zbekistonda Qozog‘iston yili: yoshlar nigohida” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro bag‘rikenglik kuni

BMT Bosh Assambleyasining qa­roriga ko‘ra, 1997-yildan buyon 16-no­yabr sanasi butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanadi. Bu sanani yurtimizda ham keng nishonlash an’anaga aylandi. Shu munosabat bilan joriy yilning 11–16- noyabr kunlari “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘ri­kenglik haftaligi” o‘tkaziladi. Haftalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Tashqi ishlar, Adliya, Madaniyat, Xalq ta’limi vazirliklari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idora vakillari qatnashishi kutilyapti.
Haftalik doirasida bir qator festival, forum, konsert dasturlari, xalqaro konferensiya va uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, umumta’lim maktablari va akademik litseylarda o‘quvchilar o‘rtasida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik qad­riyatlarining ahamiyatini keng targ‘ib etish, yoshlarni mamlakatimizda ya­shab kelayotgan turli millat va elatlar­ning madaniyati, urf-odatlari, an’analari bilan tanishtirishga qaratilgan davra suhbatlari, ochiq darslarni o‘z ichiga olgan Bag‘rikenglik festivali bo‘lib o‘tadi.
Yoshlarning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, ularni respublikada istiqomat qilayotgan millatlar tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini asrash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglik hissini yanada kuchaytirish mazkur tadbirlarning bosh maqsadi hisoblanadi.

Javlon VAFOYEV