Mashhurlik kasali san’atimizni barbod qiladi

Mukarrama Turg‘unbo­yeva va Tamaraxonimdek milliy raqsimiz darg‘alarining ijodiga hamisha havas bilan qarayman. O‘zbek raqs san’ati tari­xiga nazar tashlasak, u doimo yuksalish pallasida bo‘lganini ko‘ramiz. Biroq bugun bu jara­yon to‘xtab qolgandek.
Hozir o‘zbek milliy raqs san’atida topganimizdan ko‘ra yo‘qotganlarimiz ko‘proq, nazarimda. Ayrim “raqqosalar” sahna va teleekranlardagi beo‘xshov xatti- harakatlar-u qosh va ko‘z uchi­rishlari zamonaviy tomoshabinning didini o‘tmaslashtirib qo‘ymoqda. Bugun har qanday yallachining nog‘orasiga o‘ynab, kliplarga chiqave­rish “zamon talabi”ga aylanib qoldimi, deb hayron qolaman! Yaxshi raqslar yo‘q, deb kuyinamiz. O‘zbek raqs san’atida professionallar kamayib borayotganidan keyin yaxshi raqslar qayerdan paydo bo‘lsin?! O‘z davrida Tamara­xonim sahnada raqs va laparlar ijro etganida unga nafaqat olqishlar, balki malomat toshlari ham yog‘ilgan. Shunga qaramay, u izlanishdan to‘xtamasdi, ijro mahoratini muntazam oshi­rib, elda katta obro‘-e’tibor
qozondi.
Menimcha, ijodkorlar muxlislarning tanqidiy fikrlarini e’tiborsiz qoldirmasligi, xato-kamchiliklari ustida jiddiy ishlashi kerak. Klipda suratga tushayotgan raqqos-u raqqosa­larga ham e’tirozim bor. Ular ishtirokidagi ba’zi sahnalarda tezkor harakatlar, yorqin rangdagi liboslar, noz-karashmalar haddan tashqari ko‘p. Bu bilan milliy raqs san’ati jar yoqasiga kelib qolgan demoqchi emasman. Ustozlarimiz qanchadan-qancha mukammal uslub­larni yaratib ketgan. Ulardan foydalanish kerak. Bu bebaho meros sayqallantirib boyitilsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
— Bugungi yosh ijodkorlarga qoyil qolish kerak, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Narziddin Shermatov. — Ularda texnika kuchli, liboslar juda chiroyli, musiqani zamonaviy talablar asosida bastalay oladi. Faqat tabiiylik, ichki kechinma yetishmaydi, chamamda. Mana shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratishlarini xohlardim.
Yosh ijodkorlarning asosiy kamchiligi raqs san’ati ustalari ko‘magidan foydalanmasligi, ayrimlarining esa umuman ustoz ko‘rmaganidadir. Ular bebaho bilim, katta tajriba va imkoniyatni boy bermoqda.
Sohamizda “Ustoz-shogird” an’anasi asta-sekin yo‘qolib borayotganidan ham afsuslanaman. Ba’zi raqqosalar ke­chagina sahnaga chiqib, mashhurlik kasaliga yo‘liqmoqda, hatto ustoz­larini mensimay qo‘yyapti. Bundaylardan fidoyi, jonkuyar san’atkorlar chiqishi dargumon.
Donishmandlar “Kitob — tafakkur qayrog‘i, aql chirog‘i, ustoz esa — inson ma’naviyatining me’mori”, deb bejiz aytmagan. Har qanday kasbda kishi faqat o‘qib va o‘qibgina yuksali­shi mumkinligini unutmaylik, tengdoshim.

Injubonu KAMOLIDDINOVA,
Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi talabasi