Nega muzeylarga bormaymiz?

Inson madaniy muloqotdan qancha uzoqlashsa, jaholatga shuncha yaqinlashib boraverishini hech kim inkor etolmaydi. Qalb va tafakkur tarbiyachisi sanal­mish san’at va madaniyat namunalari, adabiy-badiiy asarlarga mehr qo‘yish, ulardan bahramand bo‘lish ko‘nikmalarini egallash shunchaki ish emas. Bu ulkan ma’naviy ehtiyoj, izchil sa’y-harakat ortidan yuzaga keladi. Yoshlar ana shu ehtiyojni his etishi, uni qondi­rish harakatiga tushishida oila tarbiyasi, maktab ta’limi alohida o‘rin tutadi, albatta.

Vatanparvarlik, milliy g‘urur tuyg‘ulari yoki qadriyatlarimiz haqida so‘z ochilsa, biz ko‘pincha bezovta bo‘lamiz. Bu borada, ayniqsa, yoshlardan ko‘nglimiz to‘lmaydi. Ularning nega bu qadar hayotga befarq va o‘z ishiga mas’uliyatsizligidan noliymiz. Biroq aksariyat hollarda muammoning sababini o‘zimizdan tashqarida qidiramiz. Bu harakatimiz esa, tabiiyki, hamisha besamar kechadi.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, biz nega muzeylarga bormaymiz?
Biz bozorga bajon-u dil bora­miz. Axir ota-onamiz bolaligimizdan bozorlarga olib borib, biz uchun yangi, yaxshi narsalar olib berib o‘rgatgan. Xursand bo‘lardik, to‘g‘rimi? To‘y-tantana desa, albatta, boramiz. Chunki bolaligimizdan to‘y-bazmlarda kattalarning favqulodda mehribonligi va ochiqqo‘lligidan yayrab bahramand bo‘lib o‘sganmiz-da. Ko‘cha hayotidagi o‘yin-tomoshalarga, sayillarga oshiqamiz, zero, bolaligimizdan shunga o‘rganganmiz… Biroq hech bir joyimiz og‘rimay turib, shifokorga maslahat uchun boramizmi? Biron bir buyum-jihozimiz buzilib ishdan chiqmasidan oldin uni ko‘zdan kechirib, profilaktika qilamizmi? Yo‘q! Chunki – o‘rganmaganmiz!
Hech e’tibor berganmisiz, kutubxonalar deyarli doim huvillab yotadi. Hatto muzey va teatrlarga ham aksariyat hollarda maj­buran boramiz. Afsuski, bu­ning hayotiy ahamiyatini chuqur anglamaymiz ham. Chunki – o‘rganmaganmiz!
Bolaligimizdan bunday joylarga ko‘pam olib borishmagan-da. Endi o‘zimiz ham bolalarimizni madaniyat va san’at namunalariga oshno qilib, ularni tarixiy me­ros namunalari bilan tanishtirishga, ma’naviy kamolotiga xizmat qiladigan amallarga doim ham hafsala qilmayapmiz. Chunki – o‘rganmaganmiz!
Biz yuqorida bejiz muzeylar xususida so‘z ochmadik. Keling, avval muzeylar faoliyatining o‘ziga xos qirralari bilan tanishib olsak. “Muzey” so‘zi lug‘aviy jihatdan ilhombaxsh his-tuyg‘u va kechinmalar maskani, degan ma’noni anglatar ekan. Ular moddiy va ma’naviy madaniyat yodgorliklarini, tabiiy-tarixiy narsalarni yig‘ish, saqlash, o‘rganish, ommalashti­rish, hatto realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan ilmiy-ma’rifiy muas­sasa hisoblanadi.
Manbalar eng qadimgi muzeylar eramizdan avvalgi uchinchi asrda tarixiy ashyolarni shaxsiy mulk sifatida yakka holda saqlash amaliyoti asosida yuzaga kelganini tasdiqlaydi. Keyinchalik bosqinchilik urushlarida qo‘lga kiritilgan qimmatbaho buyumlarni o‘ziga xos ko‘rgazma-savdolarini tashkil qilish an’analari ham yuzaga kelib, borgan sari xaridorlardan ko‘ra, tomosha qiluvchilar ko‘payib borgan. Bundan iqtisodiy naf ko‘rib, qolish maqsadida tomosha uchun ham arzimas to‘lovlar joriy etila boshlangan.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, kolleksiya ishlarini tizimli yuritish va muzeylarni maxsus muassasa tarzida tashkil etish ishlari ilk o‘rta asrlardan boshlangan Uyg‘onish davriga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy tarixiy muzeylar asosan arxeologik va etnografik yo‘nalishlarga ixtisoslashgan bo‘lsa-da, ulardagi eksponatlar mazmunan bir-biridan farq qiladi. Ayni jihat ularga zamonaviy tabiiy-ilmiy uslublarda faoliyat yuritadigan kichik ekspeditsiyalarni tashkil etgan holda, mustaqil ilmiy-tadqiqot markazi sifatida ham ish olib borish imkonini beradi.
Hozir ko‘plab davlatlarda Xalqaro muzeylar kengashiga a’zo bo‘lib kirgan muzey birlashmalari tuzilgan. Ularning ayrimlari ochiq osmon ostidagi muzey-qo‘riqxonalar ko‘rinishida ham ishlaydi. Buxo­ro, Xiva kabi shaharlarimizdagi muayyan hududlarni ana shunday toifa muzeylar sirasiga kiritish mumkin.
Keyingi paytda milliy etno­grafik yo‘nalishdagi muzeylarga qiziqish ortib borayotgani bois, o‘lkashunoslik va san’at namunalari bilan bog‘liq eksponatlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bunday buyumlarning vizual ko‘rgazma-taqdimot variantlarini maxsus ovozli, tasvirli va slaydli tarzda taqdim etish amaliyoti urf bo‘lib boryapti.
Bugun tarixiy, arxeologik, harbiy, o‘lkashunoslik, adabiy-yodgorlik, uy muzey, milliy, shaxsiy, virtual, musiqiy, ilm-fan, tibbiyot, diniy, reklama muzeylari, hatto qamoqxona muzeylari borligini ko‘pchiligimiz bilmasligimiz mumkin. Biroq noyob, qiziqarli, betakror eksponatlarni reklama qilishda bu usul qo‘l keladi, albatta. Bundan tashqari, shaxsiy kolleksiyalarni muzey eksponatlari tarkibiga jalb etish yoki ko‘rgazmalarga qo‘yish orqali ham ko‘pchilikning muzeyga e’tiborini tortish mumkin.
Keyingi vaqtda yashash uchun kurash va rivojlanish ehtiyoji tufayli ko‘plab muzeylar o‘z muxlislari bilan internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qarata boshladi.
Yirik pavilonlarga ega va tashrif buyuruvchilari ko‘p bo‘lgan muzeylarning eng sara eksponatlari bilan internet orqali ham ta­nishish mumkin bo‘lib borayotgani, uyda o‘tirib, hech qanday chipta sotib olmasdan ham bunday imkoniyatdan bahramand bo‘lishga sharoit yaratadi. Ayniqsa, dunyo­ning istalgan muzeyidagi xohlagan eksponatingizni tegishli ma’lumotlari bilan bir zumda olsangiz, qanday yaxshi.
Yurtimizda ham bu borada muayyan ishlar qilinmoqda. Hududlarimizda muzeylarni zamonaviy bino va jihoz­lar bilan ta’minlash, dunyoga sochilib ketgan madaniy boyliklarimizni yurtga qaytarish, tashrif buyuruv­chilar uchun maxsus sharoitlar yara­tish, o‘quvchi-yoshlarga haftaning muayyan kunlari muzeylarga be­pul kirish imkoniyatini berish, shular jumlasidan.
Kasbimiz taqozosiga ko‘ra, muzeyga keluvchilarni kuza­taman. O‘qituvchi-murabbiylari boshchiligida tashrif buyuradigan yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular ta­rixiy voqeliklar, eksponatlar bilan bir qatorda muzey faoliyatiga ham qiziqish bilan qaraydi. Muloqotlarda yoshlarning juda ko‘p narsalarga qiziqishi, biroq juda kam ma’lumotga ega ekani ayonlashadi. Tabiiyki, tegishli ma’lumotga yoki aniq axborotga ega bo‘lmagan insonning biror narsaga qiziqishi ham rag‘bat topmaydi.
Masalan, aslida xalqimizning mulki bo‘lgan ko‘plab noyob moddiy va ma’naviy meros namunalari, bebaho xazinalar hozir dunyoning turli davlatlari muzeylarida, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotganini ko‘pchilik yoshlarimiz bilavermaydi. Aslida buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temurning o‘z vaqtida butun olam xirojiga teng deb baholangan qimmatbaho javohiri, miloddan avvalgi IV–II asrlarga tegishli, tarixda

“O‘kuz xazinasi” nomi bilan mashhur Amudaryo bo‘yidan topilgan qimmatbaho buyumlar bugun Britaniya muzeylarida saqlanayotgani kabi qiziq faktlarni ular albatta bilishi, bularning tari­xiy sabablari shunchaki ma’lumot emas, balki butun millat uchun katta saboq bo‘ladigan voqealar ekanini anglab yetishi lozim.

Demak, muzeylar bilan jamoatchilik o‘rtasidagi madaniy muloqotimizni samarali yo‘lga qo‘yish uchun qilayotgan ishlarimiz hali yetarli ekan…

Fazliddin RAHIMOV,
Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi