O‘ZBEKISTON – BELARUS YOSHLAR IT-FORUMI

Belarus Respublikasi yoshlar ittifoqining barcha hududiy bo‘linmalari vakillari II O‘zbekiston – Belarus yoshlar IT-forumida ishtirok etish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari bilan tajriba almashish maqsadida poytaxtimizga tashrif buyurdi.
Forumda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi mutaxassislari, Respublika Innovatsion rivojlanish hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari vakillari, yurtimizdagi yirik tadbirkorlar va startapchilar, Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘qituvchilari, shuningdek, belaruslik va o‘zbekistonlik ko‘ngillilar ishtirok etmoqda.
Belarus Respublikasi yoshlar ittifoqi markaziy qo‘mitasi kotibi Aleksandr Goncharovaning so‘zlariga ko‘ra, I O‘zbekiston – Belarus yoshlar IT-forumi joriy yilning
5-9-avgust kunlari Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillaridan iborat delegatsiya qatnashgan. Forum doirasida har ikki mamlakat yoshlar tashkilotlari o‘rtasida AKT sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan.
Ikkinchi forum ham birinchisi singari 2018-yil 15-dekabrda Belarus Respublikasi yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq tashkil etildi. Ushbu hujjat ikkala mamlakat yoshlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Ikkinchi forum ishtirokchilarga qulay bo‘lishi uchun oltita mavzuga doir sessiyalarga bo‘lindi. Ular­ning har biri yoshlarni qiziqtiradigan alohida yo‘nalishlar va masalalarga bag‘ishlandi. Bu orada tadbir ishtirokchilari nafaqat axborot texnologiyalari, mobil servislar va robototexnika bilan, balki shu­ningdek, yoshlar siyosati, yoshlar tadbirkorligini amalga oshi­rish va takomillashtirish, ayniqsa, talaba­lik otryadlari, ko‘ngillilar harakatlarini tashkil etish, hududiy va madaniy-gumanitar hamkorlik istiq­bollari, yoshlar turizmi kabi masa­lalarni ham muhokama qiladi.
Shuningdek, poytaxtimizga taj­riba almashish maqsadida belaruslik ko‘ngillilar ham tashrif buyurdi.
— Bizning ko‘ngillilar jamiyati­miz 1976-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida o‘zi­ning samarali faoliyatini davom ettirdi, — deydi “Pyotr Ivanovich Bloxin nomidagi me’morlar” talabalar qurilish otryadi komandiri, Polotsk davlat universitetining to‘rtinchi bosqich talabasi Vladislav Shenkevich. — Otryadi­miz a’zolari xayriya qurilishi va rekons­truksiya ishlarida ishtirok etibgina qolmay, ayni damda tadbirlar ham o‘tkazib turadi. Biz o‘zbekistonlik ko‘ngillilar bilan ko‘ngillilar qurilish brigadalarini tashkil etish, ularning jamoalarini birlashti­rish bo‘yicha tajriba­miz bilan o‘rtoqlasha­miz, ularga ko‘ngillilar jamoalari ishtirokchilari o‘rtasidagi majburiyatlarni samarali taqsimlash haqida so‘zlab beramiz.
Forum doirasida Belarus Respublikasi yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi yangi memorandum imzolandi. Ushbu hujjat ikki mamlakat yoshlar tashkilotlarining yaqin istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilaydi.

Roman BONDARChUK,
O‘zA muxbiri