O‘zbekka do‘stlik yarashadi

Inson qalbini, xalq qalbini avvalo uning madaniyati, adabiyoti va san’atiga, milliy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish orqali zabt etish mumkin.

Shavkat MIRZIYOYeV

Davlatimiz milliy siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri mamlakatimizda yashab kelayotgan barcha millat va elatlar ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratishdan, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdan iboratdir. Millatlararo hamjihatlik o‘z-o‘zidan vujudga keladigan hodisa emas. Bu xalqimiz bag‘rikengligining ifodasi va davlatimiz
tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosati­ning hosilasidir, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Asrlar davomida o‘zbek xalqi turli millat vakillari bilan o‘zaro sav­do aloqalarini olib bordi. Bunday munosabatlar aholining turmush tarzi, madaniyati, adabiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Sho‘rolar davrida xalqimizning mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik fazilatlari suiiste’mol qilindi. O‘z yurtidan majburan ko‘chirilgan, badarg‘a qilingan necha elat va millat vakillariga xalqimiz bag‘rini ochishdan, mehr ko‘rsatishdan qo‘rqmadi, eng og‘ir damda ularga yordam qo‘lini cho‘zib, bir burda nonini baham ko‘rdi. Koreyslar, nemislar, turklar, polyaklar, greklar, qrim-tatarlar bu bag‘rikeng zaminda o‘zining ikkinchi vatanini topdi.
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Va­zirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi yurtimizda millatlararo do‘stlik va birdamlik munosabatlarini mustahkamlash, barcha millatlar­ning rivojlanishi, o‘z qad­riyatlarini saqlab qolishi uchun teng sharoitlar yaratib berish, milliy madaniy markazlar faoliyatini kuchaytirish kabi qator dolzarb vazifalarni amalga oshirib kelmoq­da. Aytish joizki, qo‘mita O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PF-5046-sonli farmoniga binoan Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O‘zbekis­ton xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negi­zida tashkil qilingan edi.
Shuningdek, Konstitutsiyamizda barcha fuqarolar teng huquqli­ligi qat’iy belgilangan. Ya’ni 8-modda: “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi­ning fuqarolari tashkil etadi”, deb belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitut­siyasi­ning 4-moddasida shunday qayd etilgan: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

“O‘zbekiston xalqi” tushunchasi mamlakatimizda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik tuyg‘ulari mustahkamlanib borayotganining huquqiy-ma’naviy asosi bo‘lib xiz­mat qilmoqda.
Respublikamizdagi barcha milliy madaniy markazlar davlat darajasidagi va umumxalq bayramlari, tadbirlarida faol ishtirok etib keladi. Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkazila­digan “O‘zbekiston — umumiy uyimiz”, “Vatan bitta, Vatan yago­na”, “Bizning kuchimiz — birlik va hamjihatlikda” kabi festivallar millatlararo do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xiz­mat qilmoqda.
Xalqaro huquqda milliy ozchilik degan tushuncha bor. Lekin O‘zbekis­tonda bu ibora ishlatilmaydi. Chunki bu ibora zamirida oz sonli millatlarni kamsitish, xalqni ko‘pchilik va ozchilikka bo‘lish tushun­chasiga ishora bordek. Bizda O‘zbekiston fuqarolarining teng huquqliligi davlat tomonidan kafolatlangan.
Respublikamizda ta’lim 7 tilda — o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib boriladi. Shu tillarda, ham o‘rta, ham oliy ta’lim olish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, yurtimizda 138 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatyapti. Ko‘pgina madaniyat markazlarida yakshanba maktablari ochilgan. Ularda yoshlarga ona tili va davlat tili, urf-odat va an’analar, madaniyat va san’at o‘rganiladi.
Respublikamizda 12 tilda gazeta- jurnallar chop etilib, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilayotgani ham xalqimiz hamjihatligining isbotidir.
Tarixdan ma’lumki, Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida ham o‘lkamizda diplomatik munosabatlar yuksak darajada rivojlangan. Sohibqiron bobo­mizning Fransiya, Angliya, Ispaniya, Vizantiya, Misr, Xitoy, Hindiston, Usmoniylar imperiyasi kabi ko‘plab davlatlar­ning hukmdorlari bilan olib borgan diplomatik aloqalari va yozishmalari buni yaqqol tasdiqlaydi. Amir Temur saroyiga dunyoning turli mamlakatlaridan, jumladan, Yevropa davlatlaridan o‘nlab elchilar kelgan. O‘sha davr manbalarida salkam o‘n yil ichida Amir Temur nomidan Xitoyga
9 marta elchi yuborilgani qayd etiladi.
So‘nggi uch yilda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida juda katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Buni jahon hamjamiyati vakillari, xalqaro eks­pertlar, turli davlatlarning siyosiy arboblari ham e’tirof etib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev­ning siyosiy irodasi bilan Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qayta tiklangani, azaliy rishtalar yangicha mazmunda davom ettirilayotgani xalqimizning xohish va istaklarini, orzularini o‘zida ifoda etmoqda.
Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar qatori qardosh turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Bugun sayyoramizda yashayotgan turkiy xalqlarning umumiy soni 250 million kishidan oshadi. Ularning asosiy qismi oltita mustaqil turkiy respublika – O‘zbekis­ton, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda istiqomat qiladi. Mazkur davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 14-15-oktabr kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitidagi nutqida xalqlarimizni o‘xshash til, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligi, mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelayotgani, ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Turkiy til jahondagi eng qadi­miy adabiy tillardan hisoblanadi, uning lug‘at boyligi ham beqiyos hisobla­nib, ko‘p asrli tarixga ega. XV asrda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy turkiy dunyoni adabiy til darajasida birlashtirib, shunday degan edi:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Davlatimiz rahbarining 21 oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillari tomonidan qizg‘in kutib olindi. Zero, davlat tiliga e’tibor ona Vatanga ehtirom va sadoqat ramzidir.
— Dunyoda 7 mingdan ortiq til mavjud. Shular ichida biz uchun, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari uchun o‘zbek tili eng nufuzli boy til hisoblanadi, — deydi Respublika qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Rahmatilla Jabborov. — O‘zbek tilini qozoq, qirg‘iz, turkman, turk, ozarbayjon, hatto tojiklar ham tushunadi. Chunki o‘zbek tilining qirralari ko‘p. Buyuk alloma Ali­sher Navoiy ham o‘zining ijodida turkiy tildagi eng inja, nozik, go‘zal so‘zlarni terib-terib ishlatgan. Men O‘zbekistonda turli millat vakillari uchun teng sharoitlar yaratilganini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman.
O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov o‘z fikrlarini bayon etar ekan, ona tilini hurmat qilgan, vatanini ham hurmat qilishini ta’kidladi. “Men o‘zim 1972-yilda qozoq maktabini bitirganman va 47 yil davomida o‘zbek tilini o‘rganib kelaman, — deydi u. — Bu bilan bolalarimiz, nevaralari­mizni o‘zbek tiliga o‘rgatib kelamiz va ular bugungi kunda uchta-to‘rtta tilni bemalol o‘zlashtirib olgan. Biz, albatta, mustaqilligimizni, davlat tilimizni asrashimiz, uni avaylab, kelajak avlodlarga yetkazishimiz kerak”.
Milliy madaniy markazlar jamoat birlashmalari sifatida turli millatlar­ning o‘ziga xos madaniyatini rivoj­lantirish va targ‘ib qi­lish bilan birga, yoshlar o‘rtasida bag‘rikenglik, mehr-oqibat fazilatlarini ham targ‘ib etib kelmoqda.

BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan bu­yon 16-noyabr butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan O‘zbekistonda ham qator madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etiladi. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan shu yil 11—16-noyabr kunlari mamlakatimizda Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik haftaligi
o‘tkaziladi.
Madaniy, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar haftaligi doirasida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik qadriyatlarining ahamiyatini keng targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini ochib be­rish, xalqimizning urf-odatlari va tarixiy merosimizni asrab-avaylash, yoshlarni mamlakatimizda ya­shab kelayotgan turli millat va elatlarning madaniyati, urf-odatlari, an’analari bilan tanishtirishga qaratilgan qator festival, forum, konsert dasturlari, xalqaro konferensiya va uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu kabi tadbirlar aholining, ayniqsa, yoshlarning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, ularni respublikada istiqomat qilayotgan millatlar tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini asrash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

G‘ayratulla ShUKUROV,
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi

axborot xizmati boshlig‘i