Qachon tenglashamiz?

Yurtimizda erkak va ayollar tengligi mavzusiga ko‘p murojaat qilinadi. Gender masalasiga bu qadar yuqori e’tiborni obyektiv zarurat sifatida qabul qilish mumkin. Demokratik qadriyatlar asosida rivojlanayotgan O‘zbekiston uchun ayollarning teng huquqliligini kafolatlash hamda barcha qonuniy erkinliklaridan foydalanishiga imkon yaratish juda muhim. Bunday yondashuv ijtimoiy tafakkurni global talablarga moslashtirish imkonini beradi. Qolaversa, davlatning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tiborini mustahkamlashda ham qo‘l kelishi aniq.
Umuman olganda, hozirgi holatimiz yomon emas. Masalan, O‘zbekiston gender tafovut ko‘rsatkichlari qayd etilgan 150 ga yaqin mamlakat qatoriga biron marta ham kiritilmagan. Aholining yarmini tashkil qilayotgan opa-singillarimiz ijtimoiy (ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va hokazo) tugul, siyosiy sohada ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Iqtisodiy mustaqil yurtdoshlarimiz orasida esa ayollar salmog‘i salkam 50 foizni tashkil qilyapti.

Biroq keltirilgan raqamlar statistika, xolos. Real hayotda esa gender tengligini ta’minlash oson kechayotgani yo‘q. Eng birinchi va asosiy to‘siq — an’analar. Gazetamizning doimiy eksperti, sotsiolog Azamat SeITOVdan jamiyatimiz mazkur muammoni nechog‘liq anglab yetayotgani, erkaklik shovinizmi hamda radikal feminizm qayerdan paydo bo‘layotgani, an’ana va tendensiyalar qarama-qarshiligini qanday yengish mumkinligi haqida so‘radik.

— Azamat aka, gender tengligiga “og‘riqsiz” erishsa bo‘ladimi?

— Bu qanday jamiyatda yashayotganingizga bog‘liq. Keling, yaxshisi gapni tarixdan boshlaylik. Erkak va ayollar tengligi mavzusi nari borsa 150-200 yil muqaddam yuzaga kelgan.
Insoniyat muayyan vaqtgacha Xudo erkakni birinchi yaratgani uchun u ayoldan ustundir, degan oddiy haqiqatga ishonib yashadi.
Lekin vaqt o‘tgan sayin jamiyat tafakkuri o‘zgara boshlaydi. Ayollar savodini chiqarib, mehnat qilib, pul ishlab topishni o‘rganadi hamda erkaklardan kam emasligini isbotlaydi. Ilmiy-texnik taraqqiyot gender masalasida hal qiluvchi o‘rin tutganini ta’kidlash lozim. XX asrga kelib jismoniy kuchning ahamiyati pasayadi, aqliy mehnatning qadri ortib, ko‘pgina ishlarni ayol-u erkak bab-baravar bajaradigan bo‘lib qoladi. Natijada o‘qimishli ayollar siyosiy huquqlarini talab qilishgacha bordi. Ular avval saylash, keyin saylanish huquqini qo‘lga kiritdi.
Aslida feminizm, ya’ni ayol va erkaklarning shaxsiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa turdagi huquqlarini tenglashtirishga bo‘lgan harakat o‘z holicha salbiy hodisa emas. Biroq u individualizm nihoyatda kuchli bo‘lgan G‘arbda yuzaga kelganini unutmaslik kerak. O‘zga madaniyatlar uchun mazkur fenomen g‘ayrioddiy bo‘lib ko‘rinishi va hatto keskin qarshilikka uchrashi mumkin.
Shunga qaramay, sharqona qad­riyatlarga asoslangan o‘zbek jamiyatida erkak va ayollar tengligiga “og‘riqsiz” erishsa bo‘ladi. Muhimi, fuqarolar buning zaruratini anglab yetishi lozim.

— Evolutsion yo‘ldan borgan afzal demoqchisiz?

— Xuddi shunday. Jamiyat hayotidagi revolutsion o‘zgarishlar hamisha fantom og‘riqlarni keltirib chiqargan.

— Unda ayolni ikkinchi darajali deb qabul qilishga odatlangan erkaklarga genderning zaruratini qanday tushuntirsa bo‘ladi?

— Birinchidan, ayollarimiz orasida ham teng huquqlilikning mohiyatini tushunmaydiganlar talaygina. Gender ayolga tanlash imkoniyatini berish demakdir. Masalan, turmushga chiqqan qiz bir nafar farzand ko‘rishni xohlaydimi yoki o‘n nafar — o‘zi belgilasin! Balki u avval lavozimda ko‘tarilib, keyin oila qurmoqchidir. Balki umuman oila qurmoqchi emas. Ayol birovning tazyiqi ostida, birovning yo‘rig‘i bo‘yicha yashashi noto‘g‘ri! Bu jamiyatni orqaga tortadi.
Men aytayotgan narsalar normaga aylanishi, ya’ni ayolning ongli tanlovini nafaqat oilasi va yaqinlari, balki mahalla-ko‘y, keng jamoatchilik hurmat qila boshlashi uchun kamida 15-20 yil
kerak. Ertami-kechmi ba’zi prinsipial masalalarga qarashimizni baribir o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Aytaylik, hozir ajrashgan, restoranda ishlaydigan yoki chet davlatdan mol olib kelayotgan ayollarni hech kim qoralamaydi-ku. Vaholanki, yigirma yil oldin bunday bo‘lishi xayolimizga ham kelmasdi.
Bugun hatto shariat qonun-
qoidalari amal qilayotgan islom mamlakatlari ham ilmiy-texnik taraqqiyotdan yuz o‘girolmayapti. Yaqinda Saudiya Arabistonida ayollarga mashina haydashga ruxsat berildi. Shu choqqacha haydovchilik guvohnomasiga surat yopishtirish bahsli masala bo‘lib kelayotgandi. Shaxsni identifikatsiyalovchi belgi o‘rniga barmoq izlaridan foydalanilmoqda. Demak, globalizatsiya ta’sirida har qaysi jamiyatda u yoki bu o‘zgarishlar yuz berishi muqarrar.
Erkaklik shovinizmi oyog‘imizga tushov solayotgani haqidagi fikrga qo‘shilaman. Lekin eng katta xavf bu emas. Asosiy muammo o‘zbek jamiyati genderning zaruratini hali to‘liq anglab yetmaganida. Bizga stereotiplar halaqit beryapti. Men nafaqat erkaklar, balki onalar, otalar, qaynonayu qaynotalar, rahbarlar, amaldorlar — hammani nazarda tutib gapiryapman. Ba’zi oilalarda ayolning huquqlarini cheklash, erkini bo‘g‘ish, mustaqil qaror qabul qildirmaslik holatlari kuzatilyapti. Turmush o‘rtog‘idan bir umr kaltak yeb, qismatim shu ekan, deya chidab yashayotgan yoki o‘g‘il tug‘maguncha hayotini xavf ostiga qo‘yib, ketma-ket farzand ko‘rayotgan opa-singillarimiz qancha. Boshqa tomondan, oilasida ro‘shnolik ko‘rib, uy va ishni baravar eplayotgan, aqliy salohiyati yuksak ayollar ham oz emas. Biroq negadir siyosiy jabhadagi rahbarlik lavozimlarida ularni kam uchrata­miz. Masa­lan, Vazirlar Mahkamasi apparatining bor-yo‘g‘i 6,5 foizi ayol xodimlardan iborat. Davlat organlarida ham vaziyat taxminan shunday. Qizig‘i, biz­nesda gender tafovut deyarli mavjud emas.

— Nega?

— Chunki tadbirkor ayol oilasiga daromad keltiradi.

— Erkakning og‘irini yengil qiladi.

— Aynan! Yuqoridagi fikrlarni xulosalab aytmoqchimanki, erkaklik shovinizmi nafaqat o‘zbek millati, balki butun insoniyatga xos. Uni osonlikcha qo‘porib tashlab bo‘lmaydi. Masalaga kompleks yondashish lozim. Targ‘ibot, tushun­tirish ishlarini aholining barcha qatlamlari orasida olib borib, mazkur jarayonga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilsakkina kutilgan natijaga erishamiz.
Gender tengligini ta’minlashdan davlat ham yutadi. O‘zi bu masalaga taraqqiyotning asosiy sharti sifatida qarash kerak. O‘zbekiston aholisi­ning 48 foizi ayollardan iborat. Ular uyda qamalib o‘tirsa, haq-huquqlarini tanimasa va erkinligidan foydalana olmasa, jamiyat salohiyatining yarmi havoga sovuriladi. Kim bilsin, balki shuning natijasida bo‘lg‘usi Nobel mukofoti laureatlaridan mahrum bo‘layotgandirmiz.
Yurtimizda gender bo‘yicha ajoyib qonunlar mavjud. Konstitutsiyaning o‘zidayoq barcha fuqarolar jinsidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yilgan. Faqat amalda ham erkag-u ayol tenglashsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

— Ehtimol, bizga ham feministlar kerak? Axir, ular o‘z vaqtida G‘arb dunyosi vakillarining tafakkur tarzini o‘zgartira olgandi-ku.

— Radikal feminizm O‘zbekistonda hech qachon o‘zlashmaydi! Chunki islom bor. E’tiqod ma’nosida din doimo tiyib turuvchi mexa­nizm vazifasini bajargan.
Biroq genderning boshqa turlari ham mavjud. Masalan, liberal feminizmda faqat teng huquqlilik uchun kurashiladi. Dunyo bo‘yicha uning ulushi taxminan 75 foizga teng va shaxsan men uni eng maqbul variant, deb hisoblayman.
Sotsial-demokratlar talab qilayotgan gender tenglik esa ayolning erkak bilan bir xil mavqega ega bo‘lishini nazarda tutadi. Bunday konseptual yondashuv sovet davrida ancha ommalashgandi. Ya’ni, aytaylik, o‘n nafar farzandni dunyoga keltirgan ona qahramon qilib ko‘rsatilgan va uning obro‘si amaldor erkaknikidan kam bo‘lmagan. Ilg‘or quruvchi, traktorchi yoki mexa­nizator ayollarga ham alohida hurmat ko‘rsatilardi.
Xullas, qanday jamiyatda yashashni o‘zimiz hal qilishimiz lozim. Dunyoviy demokratik davlat qur­moqchi bo‘lsak, ayol va erkaklar­ning tengligini nafaqat qog‘ozda, balki amalda ham ta’minlash zarur. Boshqa yo‘l yo‘q! Bordi-yu, an’analarga sodiq qolishni xohlasak, unda ijtimoiy taraqqiyotning ayrim shartlaridan voz kechishga to‘g‘ri keladi.

— Mamla­katimizda gender teng­ligi targ‘ibotiga qaratilgan aksariyat loyihalar xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiril­moqda. Bu esa O‘zbekis­tonga G‘arb formati eksport qilinayotganini anglatadi. Undan ko‘ra o‘zimizga xos va mos formatni yaratganimiz ma’qul emasmi?

— Mulohazangizning birinchi qismiga qo‘shilmayman. Sababi biz o‘zgalar formatiga muhtoj jamiyat emasmiz. Xorijiy fondlar gender masalasida “yordam berayotgan” bo‘lsa ham buni azbaroyi o‘z PR kampaniyasi uchun qilyapti.
O‘zbekistonda gender siyosati allaqachon shakllanib bo‘lgan. Milliy axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, tibbiyot va ijtimoiy xiz­mat ko‘rsatish sohalarida xotin-
qizlarning ulushi 82 foiz, ta’lim, fan, madaniyat va san’atda —
72 foiz, qishloq xo‘jaligida —
45 foiz, sanoatda — 38 foizni tashkil qiladi. Qolaversa, deputat va senatorlarimizning 33 foizi ayollar. Davlat hamda jamoat tuzilmalarida esa 1 ming 400 nafar ayol rahbarlik lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Lekin o‘zbek millati uchun ayol, avvalambor, onadir. U millat genofondining davomchisi sanaladi. Shu bois yurtimizda qizlarni turmushga tayyorlash, oila muqaddasligini saqlashga katta e’tibor qaratil­moqda. Mana buni o‘zimizga xos va mos format desa bo‘ladi.

P.S.: Mavzuning ko‘p qirrali va ancha bahstalab ekanini inobatga olgan holda, genderda psixologik omilni ham ochib berishni rejalashtirdik. Tajribali psixolog Luqmon KAZAKOV bilan suhbatni gazetamizning keyingi sonida o‘qing.

Nargiza Umarova