Qarz

Tursunboy ko‘zlari qizarib uyga kirib keldi. Onasi­ning yelkasiga bosh qo‘yib yig‘ladi.
— Yana yiqildingmi? — dedi ona o‘g‘lining boshini silab.
— Atay yiqitishdi!
— Bas qil yig‘i-sig‘ingni! Hali ularga ko‘rsatib qo‘yasan! Hozir xonangga kirib, kitoblaringni o‘qi, — dedi Rizvon aya targ‘il sigiriga bir etak poya tashlarkan.

…Tursunboy ko‘chaga otlandi. Ariq bo‘ylab sochilgan toshlarni tepib borarkan, bir guruh ayollar uni g‘iybat
qilardi:
— Anavi Tursunboymi?
— Xuddi o‘zi!
— Eshitdilaringmi, yana o‘qishga kirolmabdi.
— O‘qib olim bo‘larmidi?! Kambag‘alga o‘qishni kim qo‘yibdi!
— Akasi bilan chetga ishlagani ketsa bo‘lmasmidi?!
— Mundog‘ bir ishni eta­gidan tutib, munkillab qolgan otasining qo‘ltig‘iga kirsa bo‘lardi!
— Kuz keldimi, shaharga jo‘navoradi. Mashrab ota bilan Rizvon aya: “Kenjam o‘qisin — odam bo‘lsin” deb, tinim bilmaydi.
— Tursunboy shuncha pulni boshini yeb, har yili yiqiladi. Rizvon aya Tursunboyini tug‘masa yaxshiydi. Ortiqcha bo‘ldi shu bola…
Tursunboyning yuragi go‘­yo zirapcha kirgandek zirqirardi.
Ufq qizardi. Rizvon aya o‘choqda choy qaynatyapdi. Mashrab ota televizor ko‘rib o‘tiribdi. Tursunboy endigina ko‘rina boshla­gan yulduz­larga boqib, og‘ir xo‘rsindi. U taburetkani qo‘ltiqlab, qo‘raning ustuniga ilig‘liq pishiq arqonni olib, hovli burchagidagi yong‘oq daraxtining tagiga bordi-da, o‘ylanib turdi. Yong‘oqning yonga taralgan, yo‘g‘on shoxlariga obdan razm soldi… Mana, dor ham tayyor! Tursunboy dor qarshisida turarkan, ko‘zlarini yumib, chuqur nafas oldi.
Ko‘zlarini ochganda esa ro‘parasida qo‘llarini orqasiga tugib Mashrab ota turardi.
— O‘g‘lim!
— Dada, me-e-n… haligi…
— Mana bu yerga o‘tir-chi!
O‘g‘il seskangancha o‘yladi: “Hozir dadam ursa ham, so‘ksa ham, men baribir…”. Mashrab ota shoshilmasdan, xotirjam so‘z qotdi:
— O‘g‘lim! Bu nima qilga­ning? Qayerga ketyapsan? Mendan qarzingni uzmasdan qayerga qochib ketyapsan? Axir, mening senga qancha mehnatim singdi! Sendan umidim katta. Qani beri
kel-chi.
Ota o‘g‘lini bag‘riga bosgan ko‘yi davom etdi:
— O‘qishga, albatta, kira­san! Onangning orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarasan, yuzim­ni yorug‘ qilasan! Hali meni aytdi deysan. Eh,
bolam-a, Xudoyim ham seni bir imtihon qilibdi-da…
Tursunboyning yuragi sel-sel bo‘ldi. Otasining yelkasi-yu yaktaklari jiqqa ho‘l bo‘ldi…
* * *
Tursunboy mashinasini hay­­dab qishloqqa shoshilarkan, o‘sha voqealarni bir zum ko‘z oldidan o‘tkazdi. Bo‘yinbog‘i nafasini qisganday bo‘ldi. Dadasi qo‘ng‘iroq qilib: “Zudlik bilan yetib kel!” degan. Nihoyat uzoqdan qishloqqa kiraverishdagi chinor ko‘rindi. Rizvon aya
oshxonada sabzi to‘g‘rayapti. Mashrab ota so‘rida yonboshlab choy ichyapti. Tursunboy sovg‘a-salomlar bilan uyga kirib keldi.
— Assalomu-u ale-e-y­kum-m!
— Iya, Rizvon, ana o‘g‘ling ham keldi!
Ona o‘g‘li bilan ko‘rishgach, dasturxon tuzashga kirishdi. Ota o‘g‘lini chorbog‘ga boshlab ketdi.
— Dada, tinchilikmi?
— Tinchilik, tinchilik!
Ota uni yong‘oq daraxtining tagiga olib keldi.
— O‘g‘lim, mana, endi me­ning armonim yo‘q… Endi sendan bir narsa so‘rasam maylimi?
— Nima gap o‘zi? So’rayvering.
— Manov yong‘oqni yiqitib, o’rniga yangi ko‘chat o‘tqaz­sam degandim, shunga nima deysan?
— Shuniyam so‘rab o‘tirasizmi, dada, ixtiyoringiz.
— Ha, endi, tag‘in ho‘-o‘v anov shoxga arqon-parqon ilging kelib qolsa deyman-da!
— Yo‘g‘-e, dada. Esimdan ham chiqib ketgandi. Endi keta­digan ahmoq yo‘q!
— Yasha o‘g‘lim, yasha. Umring uzoq bo‘lsin! Qani beri kel-chi.
Ota-bola quchoqlashdi. Tur­sunboy yana bir bor ota mehrini butun borlig‘i bilan his qildi va qarzini bir umr uza olmasligini angladi.

Muhammad SIDDIQ