Salomatlik o‘z qo‘lingda!

Yoshlar press-klubida “Lirika va tramadol kabi psixotrop moddalarning yoshlar o‘rtasida noqonuniy aylanishi: jamoatchilik va yoshlar fikri” mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar ittifoqi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda psixotrop moddalar­ning inson salomatligiga nojo‘ya ta’siri, bu moddalarga ruju qo‘yish oqibatida kelib chiqadigan illatlar va bir umrlik pushaymonliklar borasida tushun­chalar berildi. Mazkur dorilarni noqo­nuniy sotish jarayonida qo‘lga olingan shaxslarning ayanchli ahvoli haqida ma’lumot keltirildi. Videolavhalar namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 6-sentabrda “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralari­ni kuchaytirish to‘g‘risida“gi qarorni imzolagan edi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur qaror mamlakatimizda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solish va aholi sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tarkibida narkotik moddalar mavjud psixotrop dorilar asosan shifokor tavsiyasiga ko‘ra, og‘ir xastaliklarda, jarrohlik operatsiyalarida og‘riqsizlantirish maq­sadida ishlatiladi. Ular mamlakatimiz qonunchiligida rasman narkotiklar ro‘yxatiga kiritilgan. Mutaxassislarning fikricha, aholi, ayniqsa, yoshlar bu moddalarning aslida nima ekanini bilmasdan turib iste’mol qilmoqda va afsuski, unga qaram bo‘lib qolyapti.
— Yoshlarimiz bunday dorilarni iste’mol qilganda dastlab o‘zida favqulodda kuch-g‘ayrat sezadi, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri Zarifjon Ashurov. — Ammo bu aldamchi taassurot bo‘ladi. Ular bu holat vaqtinchaligini, ko‘p o‘tmay organizmdagi tabiiy qobiliyatlarning yemirilishiga sabab bo‘lishini bilmaydi. Qaramlik hissi boshlanib, moddalar salomatlikka salbiy ta’sir qiladi.

Muxbirimiz