“Spark” egasini topdi

Yurtimizdagi eng shov-shuvli loyihalardan biri — “Yosh kitobxon” tanlovi bu yil ham yangi kitobxonlarni kashf etishda davom etadi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbe­kiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq uchinchi bor tashkil etilayotgan tanlovning respublika bosqichiga start berildi. Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan mazkur tanlov 10-14, 15-19 va 20-30 yosh toifasidagi kitobsevarlarni qamrab oladi. Ishtirokchilar “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni”, “Buyuk mutafakkir va adib” hamda “She’riyat” kabi 4 ta shart bo‘yicha bellashmoqda.
Joriy yil 19-mart kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakl­lantirish, yoshlar o‘rtasida kitob­xonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda ham yoshlarning kitob mutolaasi­ga muhabbatini oshirish yuzasidan alohida ko‘rsatmalar berilgan edi. Tanlov oldidan respublika­mizning barcha hududlariga jahon va mumtoz adabiyotimizning 10 mingdan ziyod durdona asarlari yetkazib berildi.
12-aprel kuni “Yoshlar­ning ma’naviy dunyoqarashini yuksal­tirish va kitobxonlikni
ommalashtirish — eng dolzab vazifa” mavzusida “Yoshlar press klubi”ning navbatdagi sessiyasi o‘tkazilib, unda “Yosh kitob­xon” tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingandi.
Buyuk mutafakkirlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgan tanlovda 10-14 yosh toifasi bo‘yicha g‘olib aniqlanib, “Spark” avtomobili o‘z egasini topdi. Bunday sharafga Toshkent viloyatidan Otabek
Eshpo‘latov loyiq deb topildi.
— Tanlovning respublika bosqichida ikkinchi bor qatnashishim, — deydi Otabek Eshpo‘latov. — O‘tgan yilgi xatolarim ustida ishlab, bu yilgi bellashuvlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdim. O‘zim sevib o‘qiydigan Abdulla Avloniy, Chingiz Aytmatov kabi ijodkorlar, “Alpomish” dostoniga oid savollar chekimga tushganidan juda xursand bo‘ldim. Xurshid Do‘stmuhammad, Isajon Sulton va Bahodir Karim kabi ustoz ijodkorlar bizga hakamlikdan tashqari dalda berib, ruhlantirib turdi. Hammasi uchun kitobdan minnatdorman!
Mazkur yosh toifasida Buxo­ro viloyatidan Umidjon Shahobov 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, kompyuter jamlanmasi (monoblok), o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi va boshqa qimmatbaho sovg‘alarga sazovor bo‘ldi. Samarqand­lik Gulsanam Abulhakimova esa 3-o‘rinni egallab, o‘zbek va jahon adabiyotining 100 ta durdona asarlari, tashkilotchi­larning maxsus sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tanlov davom etmoqda.

Ro‘ziqul OCHILOV,
Abdulaziz AHMEDOV