Tashqariga “kirish”

Quduq chuqurmi, arqon kaltami?
Xitoy xalq maqoli

I chorraha:

— Oyi? Oyi-i?
— Nima deysan?
— Ko‘chaga kiriladimi, chiqiladimi?
— A?
— Ko‘chaga… kiriladimi?
— Uf-f, shunaqa gaplaringni qachon yig‘ishtirasan-a? Kap-katta bola…
— Ayti-ing, ko‘chaga…
— E, bo-or, o‘sha ko‘chaga… daf bo‘l! Indamasa, to-ozza…
Olti yashar, “kap-katta” bolakay, tumtaygancha tashqariga yo‘naldi. Eshikni ochdi-yu, turib qoldi. Baland qilib qo‘yilgan “tilbuzar” tinimsiz “jinoyat ko‘chalariga kirib ketayotgan” yoshlar haqida javrardi.

II chorraha:

…Milodiy XIII asrning ikkinchi yarmi. Bag‘dod. Hukmdor saroyi. Ahli ulamo qizg‘in bahsga berilgan. Mavzu: “Alloh e-eng avvalo, ibtidoda nimani yaratgan?”. Peshvolar bir necha tarafga bo‘linib olgan, har bittasi o‘zinikini o‘tkazishga tiri­shardi. To‘rda o‘tirmishlaridan birigina allanechuk xomush, sukutda edi. Ahyon-ahyon tegrasiga nazar tashlab, bilimlar namoyishiga nimtabassum-la “qatnashib” qo‘yardi. Og‘izlaridan tupuk sachratgan ko‘yi baqirib-chaqirayotgan zamona ziyolilaridan yuragi uvishar, ular avjlangan sari unsizlashib, nafas olishi ham sezilmay borardi.
Ilm-urfon bobida uncha-muncha­sini “bir cho‘qish”da qochiradigan, basharti hozir so‘zlaganda ham, anavi “analhaq”larni yer chizdirib qo‘yadigan bu alloma nechuk jim, munozaradan xorijda?.. Yo‘q, buning boisi na befarqlik, na bepisandlikdir. Bil’aks, g‘alayon uning botinida borardi: “…ulus ochliq, muhtojliqdin muk tushub, o‘layotg‘on bir pallada bular… Uh-h, ilm bisyor o‘lub, idrok yetishmasa-da muammo… Valek, ko‘ngul bu kun… bo‘lak bir taraddud ichra? Go‘yo, hademay u… munosib habibini, hamrozini topg‘usi… Vallo-oh!..”.
Nihoyat, ul zotga ham dov berishdi:
— …Mavlono, Siz ne fikrdasiz?
— …So‘ylang, taqsir, qulog‘imiz Sizda?
— …Ulamolar kutib qolishdi, hazrat?
— …Uxlab qoldilar, chog‘i?
— …Ko‘zlarini ochib-a?

III chorraha:

…Qishloq. Yoz o‘rtalari. Tik tush. Yangi hovlining chala-yarim sozlangan xonalaridan birida ikki yigitcha, yonma-yon o‘tiribdi. Bittasi — yoshi kichikrog‘i, ikkinchisi — “ko‘p ko‘ylak yirtgan”rog‘iga beo‘xshov chiqqan muhabbatini aytib beryapti:
“…e-e, aka, shetib men uni behaz-zil yaxshi ko‘rib qoluvdim. Lekin… ani­shu gapidan so‘g‘in… sovublar ketdim-ey, qan­daydir. Endi, kimdi bolasi bo‘sayam, qishloq haqida, qishloqliqlar haqida… bundaychikan gap qilishi… nato‘vri-da. Keyin-chi, aka, bir narsaga hayron qoldim: betida, tamaqlarida, qo‘llarida… mayda-mayda, oqish dog‘lari borakan. O‘ziyam… mendan battar qaracha, qovjiraqqina qizakan. Tovba-a, deyman haligacha, nimasini yaxshi ko‘rganakanman?..”.
Dardkashining dami ichiga tushib borar, axir uning-da olamidagi bir shahar “shalola”si — faqat tok kuchi, sun’iy quvvat bilan ishlaydigan “favvora”ga do‘nib borardi, nazdida.

IV chorraha:

…1917-yil. Dekabrning boshlari. Petrograd. Muvaqqat markazqo‘m binosi. Navbatdagi maxfiy kengash. O‘ng‘aysiz sukunat. Aftodahol a’zolar bir-biriga savolomuz qarab qo‘ymoqda: sa-al oshirvormadimikan?
Nima emish: “Agar hokimiyatni qo‘lda tutib qolishga muvaffaq bo‘linsa… mamlakatning hamma boyligini ham qo‘lga olish kerak… Hamma g‘allani, hamma oziq-ovqat mahsulotini, hamma turarjoylarni, xullas, odamlarning tirikligi nimaga bog‘liq bo‘lsa, shularning barini egallash kerak. So‘ngra ularni shunday taqsimlash kerakki, sillasi qurigan va ochlikdan ko‘p xo‘rliklar ko‘rgan odam, bor-yo‘g‘i non kartochkasi uchun bajonidil mehnat qiladigan va umuman, buyurilgan har qanday ishni bajaradigan bo‘lsin. Juda oddiy va dohiyona!”.
Ha, chakkimas. Ammo… qanday qilib? Shusizam xalqni bir sidra shildik, shilyapmiz. Oyiga hatto yuz so‘m daromadi borlarniyam “burjuy”ga chiqarib, bilganimizni qilyapmiz. Bu­yog‘i… qanday bo‘larkin?
Juda oddiy buyog‘iyam, janoblar, dohiyona fikrning davomini, asosini eshiting: “…badavlat odamlarga qo‘llanadigan majburiy mehnat prinsipini asta-sekin… ishchi-dehqon mehnatkashlarga nisbatan qo‘llashga o‘tmog‘imiz kerak”.
Ana xolo-os, kerakmidi! Cho‘g‘ ustida o‘tirganday g‘imirlab qolishdi. Toqatsiz tomoq qirib qo‘yishar, azbaroyi jig‘ildonlarini jizg‘inak qilayotgan savollarni yutishga, qaytarishga chiranishardi.
— …Rossiyadan nima qoladi, axir? — yurak yutib ming‘irladi bittasi. — Buning oqibatida ming yildan beri yashab kelgan Rossiya butunlay mavh bo‘ladi-ku?!
Shundog‘am mum tishlagan mashvaratchilar badtar pildirpis bo‘lib, javobni kuta boshladi. Dahriylar dohiysi “bemavrid vatanparvar”ga qattiq tikildi:
— Esingizda bo‘lsin, azizim… Rossiyaga tupuraman! Chunki men — bolshevikman!
A’zolar ilonni ko‘rgan baqaday tang qotishdi. Vaqt qo‘rg‘oshinday quyilib, o‘rtaga cho‘kib qolganga o‘xshar, izg‘irinning izillashigina jimlik­ning jig‘iga tegayotgandek edi.

V chorraha:

…Yetti yil bo‘ldi (balki o‘n yildir?) — u ish qidiradi. Topganday, yol­chiganday bo‘lgan “shans”lar ham uchradi-yu, evaziga… O‘shanday paytlarda faqat bir narsadan — erkak emasligidan g‘ijinardi. Yo‘qsa, bitta-ikkitasining hech injilmay, ichini ezardi…
O‘ziyam shu dardisar ish ilinjida eshikma-eshik yuruvrib, turfa xotinaklarni ko‘ruvrib… erkakbitish bo‘p ketdi. Har tur so‘kinish-u qarg‘ishlar­ning kiftini keltirar, bir necha shevalarda bafurja hangama qila olardi. Kamiga: tumanida nechta muassasa-yu tashkilot bor, qaysi biri qayerda joylashgan, kattalari kim, ularning o‘rinbosar-u kotibalari qanaqa kimsa­lar, oyliklari qancha-yu “olish”lari qan­cha, birgina o‘zlari nechtalab o‘rinni “band”lab o‘tirishibdi, urug‘-aymoqlari-chi… hamma-hammasi borasida “spravochnik”ka aylanib qolgandi.
Sirasini aytganda-ku, shuncha vaqt oralig‘ida birorta institut-pins­titutda o‘qib chiqsayam bo‘larkan. Ming qilsayam, “o‘rta ma’lumot” bilan… “o‘tirib” qolish hech gapmasakan-da. Unday desa, shu, “o‘rta”niyam yolchitmagan qa-anchasi ishli-joyli-ku?.. Jonga tegdi, nomiga bo‘sayam ish chiqsa, bas, har qanday o‘rlig-u o‘smoqchilashni yig‘ishtirib, ko‘nadi!
Ich-u tashida shunaqa ahd, mana, yarim kundirki, ishberar idorada soat bilan “ko‘z urishtiryapti”. Ertalab xabar berishgandi(to‘g‘rirog‘i, o‘zi, necha son minginchi marta xabar olganda, aytishgandi): bitta ish o‘rni bor, shoshilmasa undanam…
Qanaqa ish, nima ish… tayin-tuturuqli gap aytishmadi hozircha. “Mas’ul xodim” bilarmish, qay go‘rgadir ketganmish, kutib tursa kelarmish o‘zi aytarmish…
Dunyoda qabulxonaday diqqi­nafas joy va unda biqsib kutishday yurakni qon qiladigan mashg‘ulot bo‘lmasa kerak. Anavini o‘tirishini-chi: telefonda valaqlashish-u internetni ijikilashdan boshqa baloyam qilgani yo‘q-ku… nimaga tirishadi? O‘zicha “ishchi”da shuyam, oylik oladi… parazit! Manov radiosiyam xit qildi-da xish-shilluvrib. Birortasi turib, to‘g‘rilab qo‘ysa, o‘ladimia-ey… Uf-f, qachon keliykan endi, u go‘rso‘xta?..
Va nihoyat, keldilar, “salom”namo bosh irg‘adilar, sovuq choyni idish-pidishi bilan ko‘tarib ichdilar, chuqu-ur “uh” tortdilar, taxlam qog‘ozlardan birini olib, jon-jahd bilan yelpindilar, tevarakka ser sola boshladilar… Bo‘ldi-da-ey:
— …Kechirasiz, men… ish bo‘yicha keluvdim?
— Ish? Qanaqa ish?
— Bugun ertalab… telefon qiluvdim-ku. “Ha, bitta ish o‘rni bo-or”, dedingizlar-ku?
— Shunday debmidik? Zamzamaxon?
— Yo‘-o‘-o‘(q), Bosar Tusarovich, ha-amma o‘rinlar za-aynit, uje!
— Ana?!
— Ebi-iy, aka, tepamda Xudo, bugun… ertalab… o‘zlaringiz…
— Tushunmovchilik, vsyo!
Odamning eng tez to‘ladigan va o‘ta xavfli tariqa toshadigan narsasi — sabr kosasi, hoynahoy. U qan­day turib ketdi-yu, katta stol uzra qanday yopirilib bordi… o‘zi ham ilg‘amagan chiqar:
— …Hov, bundaychikan nag‘mangizdi nevarangizga qilasiz! Men silarga, o‘qishini kecha tugatib-tugatmay, bugun ishsirab kep o‘tirgan, o‘zi labini… maymundikiday qip bo‘yash-u, hiring-hiring qilishdan boshqasiga yaramaydigan, yigirma yashar qizchamasman! Nechchi yildan beri qatniyman: “erta”, “indin”, “bu hafta”, “keyingi oy”… E, to‘tiyam charchab qolgan bo‘liydi, buncha qaytarishdan!..
— Hay… singil… o‘zingizni
bosing…
— Iy-y, qachongacha-a? Shu qabulxonalaringda qarib, o‘lib-po‘lib qolginchami? Bo‘ldi, e-endi o‘zlaringdan o‘pkalanglar…
Telefonini olib, raqam tera boshladi. Tergandaki, tani-ish, “tepa”ga taalluqli raqamlarni zarda ila, ovozini qo‘yib-qo‘yib, terardi. “Mas’ul xo­dim”, biroz shuursiz, serrayib turgach, bir hatlab kelib, qizning qo‘llariga yopishdi:
— …Hay-hay-hay, og‘ir bo‘ling, singi… qizim, nima keragi bor shuni? Ishmi, bo‘pti-da… Qani, hujjatlaringizni bering-chi? Ha-a, yasha-ang! Ta-ak… o‘tiring, o‘tirvoling… Aha, shunda-ay… Hm-m, xo‘sh-sh…
“…iqtisodiyot kolleji”… bugalteriya… Yaxshi, juda yaxshi-da… Xo‘-o‘p, ro‘yxatga yana bir sira, yaxshilab qaraylik-chi-i… Hm-m-m…
Qizning yuz-ko‘zlari chiroy ochib borar — umid, ishonch unga ich-ichidan pardoz berardi: “…nahotki, shu bugun… hozir… E, Xudojonim-eyy!”.
— …Xo‘-o‘p, qizim, imennoy sohangiz, diplomingiz bo‘yicha bo‘masayam… ish borakan bitta.
— Ihi?
— Lekin…
— Maktabmi, bog‘chami, ambulatoriya… Farqi yo‘q, ishluvraman!
— Shunday-ku…
— Aka, chaynalmang, iltimos?!
— Xay, qabriston qorovuli… Bib-bo‘ladimi?..
— A?..
— …
…Nimadir portladi: qattiq, bor tovushida portladi. Yo‘q, u atom ham, vodorod bombasi ham emasdi. U — qahqaha edi. Qiz… kulgidan o‘zini tiyolmas, xona o‘rtasida tizzalagancha xandon otar, qizarib, bo‘g‘riqib ketgan yuzlariga sochlari to‘zg‘ib tushardi. Tevarakdagilar qaqqayib turar, radio, “xsh-psh”lararo, uzuq-yuluq g‘o‘ldirardi: “…tadqiqotlar…xsh-sh…bugun mamlakatimizda…xsh-sh…olti yuz ming nafar…xsh-sh…ularning bandligiga ko‘mak…xsh-sh…quyidagi chora-tad…xsh-sh…kun tartibiga…xsh-sh…”.

VI chorraha:

…Buyuk Tug‘ilishdan to‘rt asrcha avval. Afina. Qatlgoh. Qafas ichida “siyosiy mahbus” tegrasiga vazmin boqadi. Negadir nimtabassum qal­qadi yuziga. Xuddiki, tashqaridagilar — mahkumlar-u o‘zi — mahkamachi.
Bu beo‘xshov, ko‘rimsiz kasni aybsiz atab, tarafini oluvchilar — ikki yuztadan ortiq kishilarning ko‘zida achinish, hamdardlik, yosh… Biroq uni tezroq tinchitishlarini ilhaqlik-la kutayotgan uch yuzga yaqin “hush­yor”larning kepatasidagi quvonchning salmog‘i mo‘lroq. “Adolat qaror topishini” betoqat kutishyapti:
— …Boshlashsa-chi-a? Namuncha cho‘zishdi?
— Shuni ayt. He-ey… Femida haqqi, anavini tezroq bir yoqlik
qiling­la-ar!
Mahkumning miyig‘ida hanuz siniq kulgi. U o‘ylardi, faqat o‘ylardi. Nimalarni? O, bunga Zevsning ham fahmi yetmasov! Qarshisida uning o‘limini tusab, shovqinlayotganlarga bir necha kun oldin, sudda so‘zlagan nutqining qanchalik haqiqat, fojey haqiqatligiga xavotir ichra iqror bo‘layotgandir, ehtimol.
O‘sha kuni u o‘zini — so‘naga, afinaliklarni esa — katta, olijanob, ammo semiz va yalqov otga mengzagandi: “…bunday otlarni birorta so‘na cha­qib, choptirib turishi lozim. Fikrimcha, Tangri meni kun bo‘yi kezib, har biringizni uyg‘otish va tinmay tanbeh berib, to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun yuborgan. So‘zlarimga ishoning, afinaliklar, men kabilarni topish sizlarga oson bo‘lmaydi. Menga ishonsangiz, hayotimni saqlab qolasiz, biroq siz so‘na chaqib, tuyqusdan uyg‘ongan va g‘azabga mingan odamlar kabi meni osonlik bilan urib, o‘ldirishingiz ham mumkin. Unda Tangri yana kimnidir yo‘llagunga qadar, qolgan umringizni g‘aflatda o‘tkazasiz!”.
Aloha hukm ijrosiga kirishishdi. Unga zahar — zangpoyani ezib ichi­rishdi… Odatda, tanni tark etgan ruhni “kapalak”, “oqqush”, “kabutar”… ga qiyoslashadi. Shulardan biriga evrilgan ruh, sekin-sekin balandlab, uchi-ib ketdi… kabi o‘xshatmalar so‘qishadi.
Yo‘q, bu safar ularning hech biri bo‘lmadi. Ya’ni yuqoridagilarning birortasi, shoirona aljirasak, xalo­yiq uzra sarsari keza-keza, osmon toqiga, mangulik sari parvoz aylamadi. Ortidan xurshidi jahon yuzini abri balo qoplab, jazokor jala ham quymadi. Sarkash shamol qo‘pib, javonibni junbishga keltirmadi ham… Hech narsa o‘zgarmadi. Bari burungiday, manzara o‘sha-o‘sha, olomon, tabiiy ravishda tarqalardi.
Faqat bir… so‘na… qayoqqa ketarini bilmay, garangsib o‘rmalardi. “Tomosha”ni tugatib, asta-asta siy­raklashayotgan odamlarni oralab, jonhalak izg‘irdi:
— …Ax-x, la’nati jondor!
— Nima bo‘ldi?
— So‘na chaqdi… Tutolmay qoldim…
— Hm-m… Bilasanmi, anavi haqida… sa-al… kalta o‘ylagan ko‘rina­miz…

VII chorraha:

…Teatr binosi. Avji muhokama. O‘n-o‘n beshtacha bilgichlar biri olib-biri qo‘ygancha gapiryapti. Aniqrog‘i, yulqilashyapti — yarim soatcha muqaddam taqdimoti tugagan spektaklni. Paxsa qo‘llar-u palag‘da so‘zlarning barchasi, hu-uv, burchakda bo‘g‘riqib o‘tirgan mardumga qaratilgandi.
Ha, u — shu muhoraba… yo‘­­­g‘-ey, muhokamaning bosh “aybdor”i — rejissor bo‘lib, gazetchilar tilida laqillasak: yosh, umidli, iste’dodli va… “o‘zboshimcha”. Yo‘q, bu oxirgi “fazilat”ni unga gazetchilar emas, manavi “mulki turon”lar hozirgina taqashgandi.
Zalni yoppasiga shularning shovuri tutgan, o‘sha “jonli burchak”dan boshqa barchasining dahani dam bilmasdi:
— …nu, slishkom pissimistik pyesa bo‘pti…
— Bir minut, kechirasiz, sizning­cha, shu… pyesami? Sha-axsan mani o‘ylashimcha, bunda bir-rortayam konkret elementi yo‘q, pyesaning!
— Nu, da-a… Endi, man… umumiy qoidalar deganday…
— Qanaqa qoidalar? Xo‘p,
muzi­ka, xo‘p, aktyorlar ijrosi, xo‘p ana, dekoratsiyasiyam borakan. Uyam boshdan-oyoq bir-r xil: sahnani aylanasiga o‘rab, o‘rnatilgan eshiklar, eshiklar… I orasida qaqqaygan “qahramon”. Shumi?..
— To‘g‘ri-i, nu…
— Yo‘q, siz, gappi eshiting mundoq! Uzr-u tag‘in… Bu, sahna asarida ja-anr, tugu-un, kolliziya, kulminatsiya… degan narsalar bo‘lardi. Qani, anshular?..
— Shunday-shunday! Nu… birinchi ishi ekan… tajribasizlik…
— Xo‘-o‘p, nazariyani o‘tishgandir, o‘qitishgandi-ir? I kegin… “geroy”. O‘zi-i o‘n besh yashar bola… To‘g‘ri tushungan bo‘sam-de, agar? O‘n besh yashar. Mu-uncha manologlari anaqa… falsafiy? Munaqa gaplarri aytish-chun odam… kamida qirq beshshi urib qo‘ygan bo‘lishi kerak, ka-amid-da! Yana… Gapimmi bo‘lmiy turing, iltimos? Yana, voqealarni bir-biriga ulasham qiyin: abstrakt, absurd…
— Ihm, Zohirjon aka?..
— Gde kompozitsiya?!
— Zohirjon aka-a?..
— Gde-e garmo-oniya!..
— Zo-ohirjon aka… Bo‘ldi, qizishmang, mana, suvdan ichvoling, aka… E-ey, omon bo‘ling, ishqilib. Sizday professional jonkuyarlari­miz borakan, sana’timiz ham bor! Ha-a, borizga shukr, aka… Xo‘-o‘p, siz… be-emalol o‘zizzi uspokoit qip turing… Ungacha manam… ikki og‘iz, a? Rahmat. Ta-ak… ovolambor, man, bu… tomoshaning nomini chustvit qilomiyapman — “Mening otam Amerikada”. Mani bitta “ayb”im bor, logik fikrlashshi yaxshi ko‘raman. Ha, bu… “qahramon”, Zohirjon aka aytganlariday, o‘n besh yashar bolapaqir. Aftidan, afg‘on yo eroniy… Iroqimi yoki?.. Ishqilib-de, islomiy bir dovlatti fuqarosi. Xo‘p, otasi Ameri­kada nima qiladi: ishga ketganmi, qochoqmi, sotqinmi? Yo kandidat naukmi, ma’ruza qilishga ketganmi?.. (kulgisifat pixillashlar). Onasini oti Shafaq bo‘ganakan. Toshbo‘ron qip o‘ldirishganakan… Hm-m, bu-ku tushunarli… Valadizinoni — haligi bolapaqirri tuqqani-chun. Shafaqday chiroyli ayol bo‘ganakan… Xo‘p, qaysi shafaqday: tonggimi, kechki? Birovi — ko‘tarilish, hayot, umid… degani. Ikkinchisi, nabarot — tushkunlik, charchoq, o‘lim… effektlarini beradi. Qaysi biri imenno? I yana bir gap, nima uchun bola harbiy zotidan o‘lguday qo‘rqadi? Ayniqsa, kelgin­dilarni ko‘rsa, shaytonlaydi, pachti? Lekin shu qo‘rquv baravarida
qa­naqadir quturishmi-ey, vahshiylikka o‘xshash xiltlar ko‘piradi qonida… Bunisi vapshe-e paradoks! Umuman, tushunarsiz personaj. Temboli-i, oxiri, epilogidagi nutqini eshitgan odam sovsem chalg‘ib ketadi. Erinmay bloknotimga yozvoluvdim…
Ho-ozir… mana, o‘qiyman:
“…Men — bugunman. Xayol va hayot oralig‘idagi ostonada turgan bugunman. O‘tmish ro‘daposiga o‘ralashgancha, kun sayin kaltarib borayotgan ertaning etaklariga qarab-qarolmayotgan bugunman(shu joyini boplabdi, dayus!). Ortimdan hovliqma vaqt turtkilaydi: bo‘lsang-chi, bo‘-o‘l! Oldimda — tashqarida esa buqalamun hayot. Ming bir tusda jilva qilib, o‘ziga chorlaydi: kelsang-chi, ke-el! Arosatda alang­layman. Qadam qo‘ysam, bas, tashqarida bo‘laman. Va qo‘limga qurol tutqazishadi: ma, vataningni, qavmingni himoya qil! So‘ngra men otishga tushaman — odam otishga. Otaveraman, otaveraman… To o‘zimni otgunlaricha. Vassalom. Tashqaridagi hayotimga yakun
yasaladi…
Yo‘-o‘q, meni cho‘chitayotgan o‘lim emas, undan-da og‘irrog‘i — sharmsorlik, isnod. Axir, men… otamga qarata otaman. Uning qav­miga, balki bolalariga — nosha’riy esa-da… og‘a-inilarimga qarata. Balkim, uning o‘zi… Yo‘q-yo‘q, istamayman, yuraversin Amerikasida! yetar, shuncha shafaqlarning be­vaqt so‘ngani!..
Demak, tashqarida meni kutayotgan vazifa… ona yurtni… otadan himoyalash — sharaf siyoqidagi sharmandalik! Ichkarida esa: tiyiqsiz malomatlarga chidash, dahshatli yolg‘izlik… Bas-s, o‘zing ayt, Alloh, tashqariga… chiqyapmanmi?!..”.
Sho‘tga keganda qiy-chuv, portlash, otishma ovozlari qo‘yilib, sahna chirpirey bo‘p aylanvotti. Anuv… “so‘taqul” bo‘sa, arenaning o‘rtasida cho‘nqayvolib, yo‘-o‘q, yo‘-o‘q, deb dodlavotti(pixillashlar kuchayadi)… yetmagandiy, chiroq o‘chib, qop-qorong‘ilik ustidan parda tushirilvotti… Nima, bu zagadka? Anuvga nima bo‘ldi: o‘q tegdimi, uyiga bomba tushdimi… Tomoshabin pol ochadimi, o‘tirgan joyida? Ili… sahnaga chiqib, borib, pardaning tegidan o‘tib, tepasida fonar yoqib qaraydimi: o‘libdimi bu, qoptimi, deb?..
…Pixillashlar qiyqiriqqa, undan qarsaklarga aylanadi. Rejissorning rangi siniq, qizib borayotgan boshini kaftlariga tiragancha, horg‘in o‘tiribdi. Shu so‘nggi soatlar ichida bir necha yilga qariganday tuyardi o‘zini. Yaxshiyam deraza oldida o‘tirgan ekan — toza havo. Nigohlarini nimagadir qadagan, mijja qoqmay kuzatardi. Olisda past-baland imoratlar uzra bir alvon varrak ojizgina, ingragannamo sas chiqarib uchardi. O‘zicha qaylargadir “bosh olib” ketishga urinar, yana-da yuksaklarga intilar, ammo ingichka, pishiq ipdan qutulolmas, tortqilab-tortqilab qo‘yishardi…

Sherbek Bobonor o‘g‘li