Tilni tovlantirgan olim

XX asr o‘zbek tilshunosligi ilmiga tamal toshini qo‘ygan olimlardan biri professor Ayyub G‘ulomov mustabid tuzum sharoitida yashab, ijod qilgan. Uning ijod va hayot yo‘li oson kechmagan. Zug‘umli til siyosati hukmron bo‘lgan jamiyatda ona tilimizning o‘ziga xosliklarini, afzalliklarini mohirona tahlil qilgan. Olim 1914- yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Ayyub G‘ulomov Toshkent pedagogika ins­tituti o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan. Uzoq yillar davomida oliy o‘quv yurtida kafedra mudiri, katta ilmiy xodim, dotsent lavozimlarida ishlab, talabalarga dars berib kelgan. Uning ilmiy asarlari o‘zbek tilshunosligining fonetika va garammatika, leksikologiya sohalari, o‘zbek tili tarixi va dialektologiyasi masalalariga bag‘ishlangan.
Ayyub G‘ulomov nafaqat hamma havas qilsa arzigudek yirik olim, mohir pedagog, balki katta va kichik ishlarga birdek mas’uliyat bilan qaragan faol jamoatchi, talabchan ustoz bo‘lgan. Bu buyuk zot ko‘p yillar davomida talabalar ilmiy jamiyatiga rahbarlik qilgan. Shu yo‘l bilan ularni fanga qiziqtirib, kafedraning salohiyatini ko‘tarishga harakat qilgan. Ijodkor Ozod Sharfiddinov olim haqida shunday xotiralarni yodga oladi.
“Ayyub G‘ulom hozirgi zamon o‘zbek tili­dan ma’ruzalar o‘qirdi. Dastavval bu odam o‘ziga bino qo‘ygan oliftadek ko‘rinadi, uni “Ha endi, bu kishi ham ko‘pgina tilchilarning bittasi-da, nima karomat ko‘rsatardi”, deb bepisandroq kutib oldik. Bunday qilishimizga bizda ma’lum darjada asos ham bor edi. Bunda gap domlada ham emas edi. Yashiradigan joyi yo‘q — tilshunoslik fanlar ichida eng zerikarlilaridan. Ammo o‘sha kuni Ayyub G’ulomning birinchi darsidayoq mo‘jiza ro‘y berdi — bizning tilshunoslik ilmi to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz shamolda qolgan qoqiguldek to‘zidi-ketdi. Biz ana shu birinchi darsdan boshlaboq, bir narsani g‘ira-shira anglay boshladik — gap tilshunoslikning zerikarli ekanida emas, balki bu fanni qanday o‘qi­tishda ekan. Ayyub G‘ulomning har bir darsida tilshunoslik tasavvurimizdagi jamiki salbiy sifatlarini yo‘qotib, bamisoli chinakam she’riyatga, betakror bir narsaga aylanib ketardi”.
Olimning ilmiy merosi son jihatidan boy bo‘lmasa ham, sifati, ilgari surilgan g‘oya va qonuniyatlarning ko‘lami bilan ajralib turadi. Ayyub G‘ulomov ilmiy faoliyati 1935-1936- yil­larda boshlangan. Dastlab 1937-yilda “O‘zbek tili sintaksisi” darsligi chop etilgan. Matbuotda esa o‘zbek tili va darsliklari haqidagi bir qator taqrizlari e’lon qilingan va bu nashrlarning har biri xalqning savodini ko‘tarishga xizmat qilgan. Shundan keyin birin-ketin “O‘zbek tilida aniqlovchilar”, “O‘zbek tilida kelishiklar”, “O‘zbek tilida ko‘plik kategoriyasi”, “O‘zbek tilida urg‘u” kabi kitob va monografiyalari e’lon qilindi.
Ayyub G‘ulomovning orfoepiya, orfografiya, stilistika, shevashunoslikka oid ishlari ham talaygina. “O‘zbek tilida so’z tartibi”, “Badiiy asarning tili haqida”, “Ona tiliga o‘rgatish sifatini yaxshilash haqida”, “Shevalar lug‘ati tuzilishining ba’zi prinsiplari” singari maqolalarining har biri o‘z salmog‘i va ilmiy-amaliy ahamiyati bilan ajralib turadi.
Professor Ayyub G‘ulomov ilmiy merosi­ning sara namunalaridan biri, shubhasiz, “O‘zbek tili tarixiy so‘z yasalishi muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasidir. Olimni o‘zbek tilshunosligida birinchi fan doktori sifatida tanitgan, mashhur turkologlar­ning yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan mazkur ishning 2 jild, 800 sahifaga teng hajmda, rus tilida yozilganining o‘ziyoq bu shaxsning “olmos iste’dodi” dan, ilmiy qamrovi keng­ligidan dalolat beradi.
Ayyub G‘ulomov bilan birga ishlagan adabi­yotshunos, munaqqid Umarali Normatov quyidagicha yozadi: “Olimning 1954-yili chop etilgan “Fe’l” risolasidan mana bu parchani o‘qib ko‘ring-a (u bizga ma’ruza o‘qigani ilk bor kirganida, shu havorang muqovali kitobcha qo‘lida borligi yodimda, lekin u ma’ruza chog‘i biror marta ham kitob sahifalariga qaragan emas). Risola dabdurustdan mana bunday boshlanadi: “Fe’l harakat yoki holatni ifodalovchi so‘z turkumidir. Fe’llardagi bu leksik xususiyat ularning ikki to‘daga ajralishiga asos bo‘ladi: harakat fe’llari va holat fe’llari. Fe’ldan anglashiladigan bu harakat va holat odatda shaxs yo predmet bilan bog‘langan bo‘ladi” (3-bet). Hech qanaqa “kirish”siz fe’lga berilgan lo‘nda ta’rif, barchaga birdek tushunarli, harakatdagi jumlalar… 88 sahifalik risola boshdan-oxiri­gacha ayni shu tarzda, shu ohangda, shu usulda bitilgan… Shu satrlarni bugun qayta mutolaa qilayotgan chog‘imda domlamizning oltmish yil burun universitet auditoriyasida fe’l turkumi mavzusida o‘qigan g‘oyat maroqli ma’ruzasidagi holati, xatti-harakatlari shundoqqina ko‘z oldimda gavdalandi, so‘zlash yo‘sini, ohangi baralla eshitilib turdi”.
Ayyub G‘ulomov o‘z sohasini juda chuqur bilardi. O‘zbek tiliga muhabbati tufayli u tilning ichki qonuniyatlarini kashf etib, ularni fan tiliga ko‘chirar va bu bilan ham cheklanmay, o‘zbek tilining nafosatini, jilosini, boyligini ochishdan tolmagan. Uning ma’ruzlari tufayli ona tilimiz sir-sinoatga to‘la javohirlar sandig‘iday ko‘rinardi. Ayyub domla nafaqat o‘zbek tilini, balki o‘zbek adabiyotini ham juda yaxshi bilgan. 60-yillargacha yaratilgan o‘zbek asarlaridan ko‘pchiligi uning nazaridan chetga qolmagan. U badiiy asarda tilning grammatik xususiyatlarigina emas, emotsional ta’sir quvvati ham qanday namoyon bo‘lishiga katta e’tibor berar, tilning estetik qimmatini g‘oyatda nozik did bilan tahlilga tortardi. Bugungi kunda turkologiya ilmi bilan shug‘ullanadigan biror kimsa Ayyub G‘ulom asarlarini chetlab o‘tolmasa kerak. U XX asrning ikkinchi yarmidagi turkiyshunoslik ilmining Borovkov, Baskakov kabi atoqli namoyandalari bilan bir safda tura oladigan olim va pedagog edi.

Dinara YUSUPOVA