VELOYO‘LAKLAR, YASHIL HUDUDLAR VA YANGICHA ARXITEKTURA

kelajak shaharlariga yana qanday talablar qo‘yilmoqda?

Sershovqin, dimiqqan, tirband… Bugun aksariyat odamlar shaharlarga taxminan shunday ta’rif beradi. Yashash uchun qanchalik qulay bo‘lmasin, shaharlar hayot uchun xavfli hududlarga aylanayotganini ham inkor etolmaymiz. Muammo shu qadar dolzarbki, uni hatto Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z nazoratiga olgan.
Xalqaro tuzilma Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda bergan bayonotida yer yuzi aholisining yarmidan ko‘pi shaharlarda isti­qomat qilishini aytdi. 2050-yilgacha bu salmoq 75 foizga yetishi mumkin. Urbanizatsiya jarayoni­ning jadallashuvi sanoat rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Biroq atrof-muhit ifloslanishi va ijtimoiy tengsizlikning kuchayishiga olib kelayotgani ham bor gap.
BMT axborot xizmati xabar beri­shicha, dunyo miqyosida shaharlar infratuzilmasini qaytadan ko‘rib chiqish yaqin o‘n yillikdagi dolzarb muammo sanaladi. Uni hal etish uchun shaharsozlik masalasiga tamoman yangicha yondashish kerak. Masalan, aholi gavjum joylarda velosiped hamda piyodalar yo‘laklari, yashil zona­larni ko‘paytirish juda muhim. Bu avtotransport vositalaridan chiqayotgan zaharli tutunlardan qisman xalos bo‘lish imkonini beradi.
“Kelajak shaharlari uchun bir qancha yechimlar ishlab chiqqan­miz, — ta’kidlaydi Antoniu Guter­rish. — Chiqindilarni qayta ishlash, elektr tokida yuradigan jamoat transporti hamda muqobil energiya manbalaridan foydalanish shular jumlasidan. Bunday yangiliklar odamlar hayotiga asta-sekin kirib kelmoqda. Endi ular normaga aylanishi kerak”.
BMT Bosh kotibining so‘zlariga qaraganda, jahon yalpi ichki mahsulotining 80 foizidan ziyodi shaharlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Zamonaviy kentlar intellektual faoliyat, ijtimoiy rivojlanish, savdo-sotiq, ilm-fan va madaniyat markazlari vazifasini o‘tamoqda. Shu sababli odamlar shaharlarga intilyapti. Lekin bu jarayonni nazoratsiz qoldirish mumkin emas. Aks holda, tizginsiz urbanizatsiyadan nafaqat sayyoramiz, balki insoniyatning o‘zi jiddiy talafot ko‘radi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotida aytilishicha, shaharlar salmog‘i bo‘yicha Shimoliy Amerika dunyoda birinchi o‘rinda turibdi. Qit’a ahorlisining 82 foizi shaharlik. Osiyo va Afrikada esa shaharlar nisbatan kam. 2030-yilga kelib yevropaliklarning 77 foizi shaharlarga ko‘chib o‘tishi taxmin qilinmoqda.
Tokio, Dehli, Mexiko, Nyu-York va Shanxay aholisi eng zich shaharlar sirasiga kiradi. Birgina Yaponiya poytaxtida 37 milliondan ortiq kishi istiqomat qilishi juda ajablanarlidir.
Eslatib o‘tamiz, 31-oktabr — Xalqaro shaharlar kuni etib belgilangan. Shu munosabat bilan uNeSKOning Parijdagi bosh qarorgohida “Dunyoni o‘zgartirib: kelgusi avlodlar uchun innovatsiyalar va munosib hayot tarzi” mavzuidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Rohatoy QODIROVA