Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamkorligida “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyada yurtimizda inson omilining oqilona nazariy asoslarini yaratish, yoshlar­ning ijtimoiy va mehnat faolligini oshirish, bo‘lajak rahbarlarda jamiyatni boshqarishda liderlik, ijodkorlik sifatlaridan foydalanishning ijtimoiy mexanizmlarini ishlab chiqish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ilmiy tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, mutaxassis va yoshlar “Yoshlarni tarbiyalash va ularning tafakkurini kengaytirishda 5 ta muhim tashabbusning o‘rni”, “Yoshlarda innovatsion potensialni shakllantirish imkoniyatlari” va “Liderlik psixologiyasining zamonaviy muammolari” sho‘balariga bo‘lingan holda ish olib bordi.
Konferensiyada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullayev so‘zga chiqdi.

Alisher Sa’dullayev, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi:

— Muhtaram Prezidentimiz yoshlarga oid davlat siyosatini rivojlantirish bo‘yicha yangi qadamni qo‘yish, yangi fikrni yaratish, yoshlar ittifoqining mana shu tizimdagi rolini oshirish bo‘yicha bir qator ko‘rsatmalar bergan. Tahlillarga ko‘ra, 2060-2061-yillarda O‘zbekiston aholisi 50-60 million nafar atrofida bo‘lishi mutaxassislar tomonidan bashorat qilinmoqda. Shunda ham aholining eng katta qismini yoshlar tashkil etadi. Ularning bilimli va salohiyatli bo‘lishi, o‘z hayot yo‘lini to‘g‘ri tanlay olishi uchun yanada ko‘proq izlanish, yangicha fikrlaydigan yoshlar qatlamini tarbiyalab bera oladigan professional kadrlarni yuzaga chiqarish zarur. Ana shunda barcha ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya sifati yuksaladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev “Yoshlarda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishning dolzarb masalalari” mavzusida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Rasul Kusherbayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

— Tahlillar dunyo miqyosida yoshlar axborotning 90 foizini ijtimoiy tarmoqlardan, ya’ni internet orqali olayotganini ko‘rsatadi. Afsuski, internet tarmog‘ida 9 mingdan ortiq o‘z joniga qasd qilishga undovchi, 4 mingdan ortiq axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi saytlar bor. Bundan tashqari, 42 foiz yoshlar online tarzda uzatiladigan turli xil pornografik axborotlar ta’siriga tushib qolgan. Xohlaymizmi-yo‘qmi, mana shunday omillar yoshlarimizga salbiy ta’sir etyapti. Tarbiya masalasida ba’zi ota-onalar mas’uliyatsizlik qilayotgani, yosh oilalarda ota ideal shaxs sifatida ko‘rilmayotgani ham bor gap. Qolaversa, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasi shakllanishiga ta’limning 9 yillik, 11 yillik, lotin, kirill alifbosiga dam-badam o‘tilishi xalal beryapti. Ta’lim jarayoniga jalb etilgan, bevosita yoshlar bilan yaqindan ishlaydigan pedagoglarning ijtimoiy jihatdan kuchli qo‘llab-quvvatlanmayotgani ham og‘riqli nuqtalardan biri. O‘rta va oliy ta’lim mehnat bozori bilan nomutanosib: yoshlarimiz ta’limni tugatgach, ishga joylashish bo‘yicha to‘siqlarga duch kelmoqda.

Tadbirda o‘qituvchilarning kasbiy daxlsizligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “O‘qituv­chi maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Res­publikasi qonuni loyihasi to‘g‘risida ham so‘z bordi. Qonunda o‘qituvchi shaxsiyati, uning ijtimoiy himoya kafolatlari, masalan, kommunal to‘lovlarda, kredit olish, farzandini maktab yoki bog‘chaga joylashtirishda, pensiyaga chiqishda, soliq to‘lashda qanday imtiyoz yoki ustuvorlikka egaligi va boshqa me’yorlar aks etishi ko‘zda tutilgani ta’kidlandi. Asosiy e’tibor o‘qituvchilarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning jamiyatdagi mavqeyini oshirishga qaratilgan.
Sho‘balar kesimida o‘tgan muhokamalarda yoshlarning bugungi kundagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga mustaqil yondashuvi, o‘zining shaxsiy pozitsiyasi nuqtayi nazari to‘g‘risida fikr almashildi. Tarmoq sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan yetuk mutaxassislar, iqtidorli yosh olimlar o‘zlari bajarayotgan hamda amalga tatbiq etayotgan innovatsion ishlanmalari, kashfiyot va ilg‘or g‘oyalarini namoyish etdi. Liderlikni shakllantirish, qaror qabul qilish, xodimlar bilan ishlash, ularni boshqarish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Ro‘ziqul OCHILOV