Yolg’on va olov xavfi uning ildizini o’z vaqtida kesish darkor

Yosh ota-onalar uchun yangi loyiha!

Luqmoni Hakim shunday degan edi: “Ey aziz farzand! Saodat nishonasi to‘rttadir: to‘g‘rilik, odob, muloyim muomala, omonotga xiyonat qilmaslik”.
Inson bu fazilatlarga tarbiya orqali erishishi mumkin. Tarbiya shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma’naviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon hisoblanadi. Afsuski, yagona tarbiya modeli mavjud emas. Qaysi usul ko‘proq samara berishini bilish ham mushkul. Chunki uning natijasi birdan ko‘zga tashlanmaydi. Shu bois yosh ota-onalar bola tarbiyasida qiyinchiliklarga duch keladi, xatoliklarga yo‘l qo‘yadi.
Tarbiya bobida har bir oilaning o‘z an’ana va tutumi mavjud. Ota-ona bolalik yillarini eslab yoki bugungi kun talabiga qarab, farzandini
to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltiradi. Ya’ni bu jarayon nazariy bilimlarga emas, ko‘roq amaliy tajribaga tayanadi.
Xalqimizning boy moddiy-ma’naviy bisotida nodir pedagogik texnologiyalar juda ko‘p.
Oila pedagogikasini rivojlantirish, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga munosib hissa qo‘shish maqsadida “Oila pedagogikasi” ruknini ochdik. Unda bolalarga aniq hayotiy vaziyatlarda qanday munosabatda bo‘lish, muayyan ko‘nikmalarni qanday singdirish bo‘yicha amaliy tajribaga asoslangan materiallar e’lon qilib boriladi. Shunday ekan, bu sahifa katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan olimlarimiz, ota-onalarning maydonidir. Xalqimizning oila pedagogikasiga oid boy tajribalarini o‘rtoqlashish va keng ommalashtirishda faol ishtirok etasiz degan umiddamiz.

Hamma bolalar onasini juda yaxshi ko‘radi. Onaning bag‘rida farzand o‘zini himoyalangan, erkin va dadil his etadi. Ona va bola o‘rtasidagi mushtarak rishta muqaddasdir. Shu sababmi, onasiga zarar yetishidan farzandlarimiz juda qo‘rqadi. Ushbu tuyg‘udan samarali foydalanish mumkinligini hayotimda sinab ko‘rdim…
Kuz payti. Kichik o‘g‘lim birinchi sinfda o‘qirdi. Ishxona telefoni jiringladi. Go‘shakni ko‘tarsam, turmush o‘rtog‘imning xavotirli ovozi eshitildi:
— Uyga tez bor, o‘g‘ling qog‘oz yoqib, tepadan pastga tashlayotgan ekan! Uchinchi qavatdagi qo‘shnining derazasiga tushibdi. Qo‘shnilar xabar berishdi… Uyga uchib borgin!

Hamma ishim joy-joyida qolib, uyga yugurdim. Qadamimni qancha tezlatsam, shuncha sekinroq yugurayotgandek bo‘lardim. Vaqt to‘xtab qolgan-u, xuddi mashina g‘ildiraklari orqaga aylanayotgandek edi. Xayol uchqur otdek ming bir ko‘chaga kirib chiqdi… Nihoyat yetib bordim, deraza tagida qurigan kuzgi barglar bilan birga 11 dona qog‘oz yonganu, hali parchala­nib ulgurmagan bo‘laklari yotardi.
Ha aytgancha, otasi bolani urishmasligimni, urib-so‘kishdan biror natija chiqmasligini ham alohida uqtirdi.
Uyga kirdim, o‘g‘limning ko‘zlari jav­dirab turardi. Aftidan u o‘zining aybini tushunib yetgan-u, bundan mening xabarim borligini bilmasdi.
— Ayajon, bugun erta kelibsizmi?
To‘g‘risi, shu onda kuchli xavotir va hayajonda bo‘lganimdan o‘zimni qo‘lga olish qiyin bo‘ldi, ammo zo‘rg‘a jilmaydim.
— Ha, o‘g‘lim, o‘zing yaxshi o‘qib keldingmi? Nimalar qilyapsan?
— Shunchaki, tajriba o‘tkazayotgandim…
— Qanday tajriba ekan?
— Bugun atrofimizdagi olam darsida o‘qituvchimiz kislorod yonishga yordam beradi, deb aytdilar. Shuni sinab ko‘rmoqchi, bo‘ldim. Keyin bitta qog‘ozni uyda yoqib ko‘rdim, uncha yaxshi yonmaganday tuyuldi. Yana bit­ta qog‘ozni oldim-da, yoqib, tash­­qarida kislorod ko‘p bo‘ladi deb, derazadan uchirdim…
O‘g‘lim gapirarkan, deraza oldida 12 ta yongan gugurt cho‘pi, bitta kulga aylangan qog‘oz va ulardan qolgan kuyuk izlari diqqatimni tortdi.
— Atigi bittagina yoqdingmi?
— Ha, faqat tajriba uchun uyda bitta, tashqarida bitta yoqdim.
Uning ko‘zlari alang-jalang edi.
— Qara, o‘g‘lim, derazadagi gugurt cho‘plarini sana, — de­dim, o‘zimni bosishga harakat qilib. U sanar ekan, yolg‘oni fosh bo‘lganidan yuzi qizarib, boshi egildi.
— Nechta ekan?
— 12 ta.
— Endi ikkalamiz birgalikda pastga qaraymiz.
Yerda yongan qog‘oz parchalari­ni ko‘rgan o‘g‘limda aybdorlik hissi yanada kuchaydi.
— Endi o‘zing ayt, qanday xatolar qilding? — dedim.
— Olov yoqdim, yolg‘on gapirdim…
Shu payt katta qizim bilan o‘g‘lim ham maktabdan keldi. Tarbiyaviy soat o‘tishning ayni mavridi edi. Uchala farzandimdan olov bilan o‘ynashning zararli tomonlarini so‘radim. Ular olov o‘ynash natijasida yong‘in chiqishi, faqat o‘zimiz emas, boshqalarning mulkiga, salomatligiga jiddiy ziyon yetkazish mumkinligini misollar bilan aytdi.
— Barakalla, shuncha narsani bilarkansiz, olov bilan o‘ynashdek xatoga yo‘l qo‘yishingiz mumkinmi?
Birvarakayiga “Yo‘q”, deb javob berishdi-yu, kichkinamning ko‘zlarida yosh yiltiradi. Shunda tarelkaga gugurt cho‘pini yoqib, bankani ustiga yopdim. Shu ondayoq olov o‘chdi. Ikkinchi gugurt havoda gurkirab yondi. Keyin bu ishni bolalar­ning o‘ziga takrorlatdim. Ularga bu jarayon juda qiziq tuyildi. Shaxsan o‘zlari bajarib ko‘rgani uchun yoqdi. Shunda ularga bunday tajribalarni kattalar bilan birgalikda amalga oshirish mumkinligini tushuntirdim. Otasi ishdan qaytgach, bolani urishmaganimni va yuqoridagi tafsilotlarni aytdim.
— Agarda hamma xatolar jazolanmay qolaversa, bola erka bo‘lib ulg‘ayishi, ularga bo‘lgan mehr-muhabbatimizni suiiste’mol qilishi mumkin. Kel, shuning uchun ovqatlanib bo‘lgach, ular bilan gaplashib olamiz…
Kechki ovqatdan keyin:
— Bolalarim, bugun onangizdan ranjigan joyim bor, — deya gap boshladi turmush o‘rtog‘im. Uchalasi bir-biriga qaradi, ikkala kattaning ni­gohi ukasiga qadagandi. — Bu birgina Mirzohidning aybi emas, hammada ham uchrashi mumkin bo‘lgan xato. Men sizlarni jonimdan ortiq ko‘raman. Sizlarni urishish, qattiq gapirish meni qiynaydi. Shuning uchun gaplarimni onangiz orqali sizlarga yetkazaman. Bu yerda ayb onangizdan o‘tgan. Sababi har doim “Bolalarga ayt, yolg‘on gapirmasin, kattalarni hurmat qilsin, olov bilan o‘ynamasin”, deb takrorla­ganman. Lekin onangiz sizlarga aytmagani sababli, bugun xunuk voqea sodir bo‘ldi. Agar buni sizlarga aytganida shunday holat yuz bo‘lmasdi. Yaxshiyamki, baxtsiz hodisa yuz bermadi. Ko‘p qavatli uyda yashovchilar bir-biriga xalaqit qilmasligi, qo‘shnilarni noqulay vaziyatga solmasligi kerak.
Shu gaplarni ayta turib, oilamiz boshi mening ikki qo‘limni havoda muallaq ushlab, sal uzoqroqdan gugurt chaqa boshladi.
— Dadajon, nima qilyapsiz? Ayamning qo‘llarini yoqmang…
Voqea ishtirokchisi bo‘lmagani uchun kattalarim dovdirardi-yu, kichkinam holatning mohiyatini tushunib turardi.
— Nimaga endi, sening qo‘lingni kuydirishga mening yuragim dov bermaydi, sizlarga yaxshi tarbiya bermayotgani uchun onangni jazolaymiz…
Pinagini buzmagan otasining qo‘llariga farzandlarimiz yopishdi:
— Dadajon, iltimos, bizni kechiring, endi hecham olov bilan o‘ynamaymiz…
— Yolg‘on gapirgan insonning har doim yuzi qora bo‘ladi, unda kelinglar, onangizning yuziga shu qorakuyani suramiz…
U yongan gugurt cho‘pini yuzimga yaqinlashtirarkan, uchala bolam ham yig‘idan o‘zini to‘xtata olmasdi.
— Dadajon, endi bu xatoni hecham takrorlamaymiz. Ayamni xafa qilmang…
Ha, farzandlarimiz bizni juda yaxshi ko‘radi. Yuz-u ko‘zimizda g‘am ko‘rishni istamaydi. Shundan bo‘lsa kerak, bu voqeadan keyin yillar o‘tsa-da, bolalarimiz gugurt o‘ynaganini, yolg‘on gapirganini sezmadim…

PS: Har bir oilaning o‘ziga xos qadriyatlari bo‘ladi. Aziz gazetxon, agarda sizning oilangizda farzand­laringiz bilan shunday holat yuz bersa, nima qilgan bo‘lardingiz? Urib-urishish muammoga yechim bo‘lmasligini bilgan holda ta’sirchan tarbiya usullari barchamizni qiziqtiradi, shunday emasmi?
Axir, tarbiyada qat’iy belgilangan formula bo‘lmasa… Balkim, farzand tarbiyasi borasida o‘zaro fikr almashsak, tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashsak, eng sara tarbiya usullaridan o‘quvchilarimiz voqif bo‘lib borisharmidi, nima dedingiz?

Nasiba ERXONOVA