Yosh tadbirkorlar imtiyozli kredit olib faoliyatini kengaytirmoqda

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Yosh tadbirkorlar” II respublika forumi boshlandi.

Forum doirasida “Yosh­lar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit olib tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan 100 ga yaqin yosh tadbirkor, shuningdek, Xitoyning 40 ta yetakchi kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar va mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazma yosh tadbirkorlarga hamkorlar va xaridorlar bilan muzokaralar olib borish, bitim va shartnoma imzolash hamda manfaatli kelishuvlarga erishish maydoni bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida joriy yil boshidan yoshlarning 1 ming 991 biznes loyihasiga jami 458,3 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish orqali ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Respublika bo‘yicha 10 “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi hamda 54 “Yoshlar mehnat guzari” kompleksi qurilib, foyda­lanishga topshirildi. Ularda jami 573 yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Mazkur komplekslarda 51 savdo do‘koni, 49 tikuv sexi, 43 ayollar va erkaklar saloni,
26 novvoyxona va qandolat sexi, 29 avtoservis, 16 umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 14 hunarmandlik ustaxonasi, 10 o‘quv markazi, 6 tadan “Book cafe”, kitob do‘koni, telefon tuzatish ustaxonasi, kompyuter xizmati, fotostudiya, dorixona va boshqalar tashkil etildi.
Davlat dasturi doirasida yosh­larning umumiy qiymati 15,3 milliard so‘mlik loyihalariga “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi kafilligi asosida ular tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun amaliy yordam berildi. Shuningdek, davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit ajrati­lib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlarning 750 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlari chet elga eksport qilindi.
Ko‘rgazma oziq-ovqat va qadoq­lash, qurilish materiallari, ki­yim-kechak, poyabzal, metall tarmoq­larni sotish kabi ko‘plab sohalarga bo‘lindi.
— O‘tgan yili jamg‘armadan 1 milliard 200 ming so‘m 7 foiz­li imtiyozli kredit olib qandolat se­xini ishga tushirdik, — dedi
“Aziya art” MCHJ rahbari Shohrux Man­surov. — Unda 30 nafarga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Bugungi kunda o‘ttizdan ortiq tur­dagi mahsulotlarni aholiga yetkazib beryapmiz. Faoliyatimizni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlarni ham boshlab yuborganmiz.
Jamg‘arma O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yigit-qizlarning bilimini oshirish maqsadida “Tadbirkorlik sirlari”, “Biznes reja tuzish”, “Tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish”, “Kredit va soliq siyo­sati” kabi mavzularda biznes seminarlar tashkil etilib, 50 ming nafarga yaqin yosh yigit-qizning malakasi oshirildi.
Yoshlarni nafaqat loyihalarini moliyalashtirish, balki ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar bozorini topishga ko‘maklashish “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
— Biz faoliyatimizni kengay­tirish maqsadida “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasining Quvasoy shahar bo‘limidan 150 million so‘m 7 foizli imtiyozli kredit olgan edik, — dedi “Munis fayzli mebellari” MCHJ rahbari Rahmonali Mahkamov. — Shundan so‘ng
11 yoshni ishga oldik, ishchilar soni esa jami 50 nafarga yetdi. Bugungi kunda ellikdan ortiq turdagi mahsulotlarni ishlab chiqar­yapmiz. Forumda o‘tgan yili osh­xona mebellari bilan qatnashgan edik. Bu safar ofis va yotoqxona mebellari bilan ishtirok etyapmiz. Ko‘rgazmalar doirasida xaridorlar soni ham ko‘paymoqda.
Forum davomida muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar, biznes trenerlar va ekspertlar­ning seminar va mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Forum 14-noyabrga qadar davom etadi.

Xurshid QODIROV, O‘zA muxbiri