2019-yil qanday o‘tdi?

Yangi yil eng qadimgi bayramlardan. Dastlab Bobil va qadimgi Misrda eramizdan avvalgi 3000-yillikda nishonlana boshlagan. Garchi Yangi yil sanalari ma’lum sivilizatsiya jarayonlari natijasida o‘zgarsa ham bayramning tub mohiyati bir xilligicha qolgan. Ya’ni bu yangilanish, yangi maqsadlar va poyoniga yetayotgan yilda bajarilgan ishlarni ijobiy tahlil qilishga asoslangan.
Yangi yil — yangi orzu-umidlar ro‘yobi. Yangi yilni oila davrasida ezgu niyatlar bilan kutib olamiz. Bu bayram mo‘jizalarga boy, ertakdek go‘yo.
Ayni paytda har bir xonadonda yangi yil shukuhi kezib yuribdi. Archalar yal-yal yonib, bayram maydonlarida qorbobo va qorqizlar yurtdoshlarimizga o‘zgacha quvonch ulashmoqda.

Shu lahzalarda eski yil sarhisobini qilib, yangi rejalar tuzamiz, erishilmagan marralarni zabt etishni niyat qilamiz.
Biz 2019-yilda turli muvaffaqiyatlarga erishgan, yangi yilda o‘z oldiga reja va maqsadlarni qo‘ygan yoshlarni suhbatga tortdik:

Sadoqat JALOLOVA,
O‘zJOKU talabasi:

— Vaqt hech kimni kutmaydi, u hech kimga shafqat qilmaydi. Kechagina boshlangan 2019-yil bugun nihoyasiga yetish arafasida turibdi. Bu yil kim uchundir baxt, quvonchga to‘la, yana kimgadir mashaqqatlarga boy bo‘ldi. Ammo har ikkisida ham hikmat bor.
Men uchun orzularim amalga oshgan yil bo‘ldi. Ijodiy ishlarim tuman, viloyat va respublika nashrlarida chop etildi. Shu bilan birga, Ispaniya, Polsha, Angliya va AQSh kabi davlatlarda maqolalarim e’lon qilindi. Bundan tashqari, Yaponiya va UNESCO hamkorligida o‘tkazilgan “Creating a society full of kindness” tanlovida qatnashib, munosib taqdirlandim. Asosiy orzularimdan biri amalga oshib, O‘zbekis­ton jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi bo‘ldim. Ayni damda Xalqaro jurnalistika yo‘nalishida tahsil olyapman.
Hayotingizda ijobiy hodisa ro‘y berishi uchun tinimsiz harakat qilishingiz lozim. To‘g‘ri harakatlanish uchun esa aniq maqsad va unga asoslangan reja kerak bo‘ladi. Kirib kelayotgan yangi yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lishni maqsad qildim. Yuksak maqsad yo‘lida chin xohish, tinimsiz harakat va, albatta, yaqinlaringizning ishonchi bilan har qanday to‘siqni yengib o‘tish mumkin. Chunki ishonch insonni harakatga undaydi. Harakat esa muvaffaqiyatga sabab bo‘ladi. Natijada maqsadlaringiz ko‘lami kengayib, hayotga qarashingiz o‘zgaradi. O‘tayotgan har bir yilda shunday yashaylikki, kun kelib, yillarni afsuslanib emas, balki har bir erishgan yutug‘ingiz, muvaffaqiyatingiz bilan yodga oling.

Nigora QURBONOVA,
Samarqand davlat chet tillari instituti talabasi:
— 2019-yil men uchun muvaffaqiyatlar eshigini ochdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ingliz tili olimpiadasining viloyat bosqichida yuqori o‘rinni qo‘lga kiritdim. Joriy yilning fevral oyida nemis tilini bilish darajasini belgilovchi imtihondan yaxshi natijaga erishdim. A1 sertifikatini qo‘lga kiritib, germaniyalik safdoshlarim bilan sayohat qilish, o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Germaniya Federatsiyasi tashkil etgan 20 kunlik sayohat o‘zbek va xorijlik yoshlarning o‘zaro fikr almashishida, do‘stlashishida katta ahamiyat kasb etdi. DTM tomonidan tashkil qilingan chet tillarni bilish va egallash darajasini aniqlovchi imtihonda B1 sertifikatini qo‘lga kiritganim oliy o‘quv yurtiga kirishimda asqatdi. Shunda angladimki, tinimsiz mehnat va izlanish o‘z samarasini bermay qolmas ekan. Inson qachonki, yaxshi narsalar haqida o‘ylasa, ularni so‘zida, amalida aks ettirsa, o‘ylaymanki, hayotimiz muvaffaqiyatlarga boy bo‘ladi.
Asosiy orzularimdan biri amalga oshib, Samarqand davlat chet tillari institutining roman-german tillari fakulteti ingliz tili filologiyasi yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga kirdim. Oxirlab borayotgan yil ham quvonchli, ham omadli bo‘ldi. 2020-yil har birimizning qalbimizdan joy olsin. Erishgan yutuqlarimiz kalit misoli yangi muvaffaqiyatlar eshigini ochishdan to‘xtamasin!

Ulug‘bek ISMATOV,
Yoshlar media markazi rahbari, “Be Creative Holding” kompaniyasi asoschisi:
— O‘tgan yilimdan afsuslanmayman. Mehnat qancha og‘ir bo‘lsa, mevasi shuncha shirin bo‘ladi. Yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, harakat qilishda davom etdim. 2019-yilning may oyidan Yoshlar media markazida faoliyatimni boshladim. Sentabr oyida boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandim. “Intilganga tole yor” deganlaridek, Belarus, Turkiya davlatlariga sohaviy sayohat davomida xalqaro tajribaga ega bo‘ldim. Muxtasar aytganda, 2019-yil katta loyihalarda ahil jamoa bilan ishlash, katta natijalar va ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘lib esda qoldi.
Maqsadsiz hayot — zerikarli kitobga o‘xshaydi. Rejali ish esa hamisha foyda keltirgan. Shu bois kelasi yil uchun ham reja tuzganman. Xususan, 2020-yilda O‘zbekistondagi barcha start-uplar jamlanib, dunyoviy darajada tan olinishi rejalashtirilgan “Start-upmarket” loyihasini rivojlantirishni hamda xalqaro tajriba yuzasidan AQSh va Xitoy start-up ekosistemasini o‘rganishni maqsad qilganman. Yigitning baxtini mehnat ochadi, yangi yilni hayotning yangi bosqichiga chiqish — oila qurish bilan kutib olaman.

Sitora MAMARASULOVA,
O‘zJOKU talabasi:
— Qay zamon, qay makon bo‘lishidan qat’i nazar, ishonch inson uchun eng katta mukofot sanaladi. Ishonchni his etgan inson buguniga, bajarayotgan ishiga va hayotiga mas’uliyatli bo‘ladi, xato qilishdan qo‘rqib, o‘ylab ish tutadi. Maktabni a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilar medal bilan taqdirlanishini eshitib, “Men medal olarmikanman, buni uddalay olmasam kerak”, deb o‘ylagandim. Ota-onamning “Albatta, uddalaysan, biz senga ishonamiz”, degani kechagidek esimda.
2019-yil Baxmal tumanidagi 1-maktabni a’lo baholarga tamomladim, kumush medalni qo‘lga kiritdim. Davrlarning zo‘ri bo‘lgan — talabalik darvrini surish menga nasib etdi. Talabalik baxti yangi maqsadlarni, orzularni, yangi do‘stlarni, yangi g‘oyalarni tuhfa etdi.
Xursandman! Muvaffaqiyatimdan emas, balki ota-onam, ustozlarimning ishonchini oqlay olganimdan baxtiyorman! 2020-yilda tengdoshlarim kabi televideniyeda amaliyot o‘tab, ishga kirmoqchiman.

Dilshod TURDIBOYEV,
O‘zJOKU talabasi:
— Yangi yildan hamma nimadir kutadi. Yodimda, men ham o‘tgan yili talaba bo‘lish istagi bilan yonardim. 2019-yil mendan bu tuhfasini ayamadi. O‘tib borayotgan yil menga yana boshqa ko‘plab o‘zim kutmagan hadyalar berdi. Yangi muhit, yangi dunyo ochildi.
O‘qish bilan bir vaqtning o‘zida mutaxassisligim bo‘yicha ishga ham joylashdim. O‘qish va amaliyotni birgalikda olib borish yaxshi mutaxassis bo‘lishimga zamin yaratadi. Lekin bu yil ham yo‘qotgan narsam — VAQT bo‘ldi. Yangi yil tilaklari orasida “Eski yilda ulgurmagan ishlaringizga yangi yilda erishing”, deyishadi. Ammo o‘ylab ko‘rsak, bu yil ulgurmagan ishimizga keyin ulgurmaymiz. Chunki yangi yil — yangi yoshimizda qiladigan boshqa ishlarimiz bor. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov shunday yozadi:
Bo‘y taratsin olam bo‘ylab yashil ma’vo,
Gurkirasin kuchga to‘lgan yurt doimo,
Salom bo‘lsin o‘n ikki oy sarvariga,
Salom bo‘lsin yilning to‘ng‘ich Yanvariga!

Mohira XUSHVAQTOVA,
O‘zMU talabasi:
— Har chorak yakunida o‘qituvchimiz faxriy yorliq bilan taqdirlardi. Yutuqlarim haqida so‘zlab turuvchi faxriy yorliqlarni necha yillardirki asrab, yig‘ib kelaman. Ular orqali maktab yillarimni yaxshi eslayman.
Bu yilgi sarhisobimdan yutuqlarim yana bir nechtaga ko‘payganiga amin bo‘ldim. Yil boshida ingliz tilidan B1 darajani qo‘lga kiritdim. Dastlabgi muvaffaqiyatim keyingilariga debocha bo‘ldi. Bahorda nemis tilidan A1 darajaga ega bo‘lib, iyun oyida Germaniyaga 20 kunlik sayohat qilish baxtiga musharraf bo‘ldim.
Oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlaridan o‘tib, otaxon dargoh — O‘zbekiston Milliy universitetiga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. “Scientific and innovative methods of teaching English language” nomli maqolam universitet ilmiy maqolalar to‘plamidan joy oldi. 2020-yilda soham rivojiga hissa qo‘shadigan maqolalar yozib, respublika nashrlarida chop ettirmoqchiman. Kelajakda jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilmoqchiman.
Yil sarhisobini qilar ekanman o‘ylanib qoldim. Nazdimda faqat bir yillik emas, balki so‘nggi 4-5 yillik rejalar hisobotini qilish kerak. Shunda yillik kichik rejalar asosida erishgan yutuqlarimiz katta bir muvaffaqiyatga aylanganiga guvoh bo‘lamiz. Bu insonni doimo harakatda bo‘lishiga, faqat olg‘a intilishiga turtki beradi. Shuningdek, yutuqlar g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi.

Mashhura NASRIDDINOVA,
O‘zJOKU talabasi:
— Har gal yangi yil bayramini oila davrasida nishonlar ekanmiz, ota-onam duoga qo‘l ochib, “Farzandlarimiz esli-hushli, mamlakatimizga nafi tegadigan inson bo‘lib yetishsin. Oliy o‘quv yurtlariga kirib, yuzimizni yorug‘ qilsin. Bag‘ri butunlikda kelasi yangi yillarni nishonlash nasib etsin”, deb niyat qiladi. Bugun shunga amin bo‘ldimki, niyat qanchalik ezgu bo‘lsa, amal ham shunga yarasha bo‘larkan. Axir, yaxshi niyat, yarim davlat, deb bejiz aytilmagan.
2019-yil nafaqat men, balki oilamiz uchun ham omadli, quvonchli yil bo‘ldi. Men O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi bo‘ldim. Ukam o‘zini xalqaro maydonda ko‘rishni istab, Rossiyaning nufuzli universitetlaridan biriga o‘qishga kirdi. Ayni damda 2020-yil ham o‘tib borayotgan yil kabi quvonchli yangiliklarga boy bo‘lishini niyat qildim.

Asilabonu ABDURAHMONOVA tayyorladi.