365 kunlik “Yuksalish”

Yurtimizdagi eng yosh jamoat tuzilmalaridan biri — “Yuksalish” umummilliy harakati 2019-yilgi faoliyatiga yakun yasadi. Sarhisob tadbiriga tashkilotning mahalliy va xorijiy hamkorlari, fuqarolik jamiyati institutlari, hukumat hamda diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar taklif etildi.

“Yuksalish”ning bosh missiyasi o‘zbek xalqi, shu jumladan, chet elda yashayotgan vatandoshlarimizni islohotlar jarayoniga jalb etishdan iborat, — ta’kidladi umummilliy harakat raisi, parlament Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov. — Yil mobaynida safimizga 7 mingdan ziyod fuqaro ixtiyoriylik asosida qo‘shildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlarda hududiy bo‘linmalar ochdik. Ular­ning rahbarlari bir vaqtning o‘zida, ham deputat, ham hokim maslahatchisi hisoblanadi. Yangi g‘oya va ta­shabbuslarni amalga oshirishda keng jamoatchilik fikriga tayanamiz. Shu maqsadda internet tarmog‘ida “Jamoatchilik” onlayn tizimi, qolaversa, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida aholi bilan jonli muloqot mexanizmi ishga tushirildi. Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Andijon, Sirdaryo viloyatlarida 28 marotaba maslahat uchrashuvini o‘tkazib, odamlarning muammolari, taklif va istaklarini o‘rgandik. To‘plangan ma’lumotlar tegishli vazirlik hamda idoralarga taqdim etilgan.
Joriy yilda “Yuksalish” umummilliy harakati yigirmadan ziyod loyihani amalga oshirdi. Shulardan biri nodavlat, notijorat tashkilotlari faoliyatini qamrab oluvchi “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturidir. Mazkur tashabbus zamirida fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi faolligini oshirish g‘oyasi yotibdi. Loyiha doirasida jamoat tuzilmalariga uslubiy yordam ko‘rsatadigan virtual akademiya va bepul kovorking markazi tashkil qilindi. Qolaversa, beshta davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda o‘nta NNTga grant ajratilgan.
Oktabr oyida Nukus shahridan start olgan “Bir million daraxt” aksiyasini o‘tayotgan yilning eng xayrli tadbirlaridan biri deyish mumkin. Natija esa hayratlanarli. Axir, birgina kuz mavsumida respublika bo‘ylab naq 1 million 650 ming 133 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekilgani chakana ish emas. Muhimi, nihollarni sovuq va suvsizlikdan asrash hamda munosib parvarishlash choralari ko‘rilgan. Aksiya bahonasida ming-minglab o‘zbekistonliklar ezgu amalga bosh qo‘shganini aytmaysizmi! Ushbu an’ana bardavom bo‘lishiga ishonamiz.
“Yuksalish” umummilliy harakati boshqarma boshlig‘i Asqar Mamatxonov yig‘ilganlarga yil davomida joylarda o‘tkazilgan jamoatchilik nazorati tadbirlari haqida ma’lumot berdi. Bunda asosiy e’tibor ijtimoiy xarakterga ega muammolar (xususan, yoshlar va xotin-qizlar bandligi, aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash)ga qaratildi.
— Birgina misol, — dedi Asqar Mamatxonov, — “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 7 ming 35 nafar yigit-qiz biznes boshlash uchun imtiyozli kredit ololmay, ovorayi sarson bo‘lib yurganini aniqladik. Sababi banklarda pul yo‘q. Vaholanki, mablag‘ o‘z egala­riga vaqtida berilganda edi, mamlakatimizda salkam 60 mingta yangi ish o‘rni yaratilardi. Shu kabi holatlar haqida hukumatni muntazam ravishda xabardor etib boryapmiz.
“Yuksalish” umummilliy harakati ekspertlar platformasini yo‘lga qo‘yganini ham ta’kidlash lozim. Bunday amaliyot ilg‘or mutaxassislar, davlat organlari, parlament, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muntazam muloqot olib borish asnosida turli sohalar rivojiga qaratilgan yangi takliflar ishlab chiqish imkonini bermoqda. Hozirga qadar qo‘shni mamlakatlar, Yevropa va Amerikadagi ilmiy-tadqiqot markaz­larining 50 nafarga yaqin eksperti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Yoshlarning ovozini hukumatga eshittirish maqsadida Harakat O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va YuNISeF hamkorligida “Yoshlar ovozi muhim” loyihasiga qo‘l urdi. Urinish besamar ketgani yo‘q. Nukus, Urganch shaharlari hamda Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilgan taqdimotlar chog‘ida shijoatli yi­git-qizlar davlat hokimiyati organlari mutasaddilari va xalqaro toifadagi mutaxassislar e’tiboriga yangi lo­yihalarini havola etgan. “Yuksa­lish” arsenalidagi ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslar sirasiga “Ora­mizdagi qahramonlar” loyi­hasi, “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” milliy aksiyasi, mustaqillikning 28 yilligi arafasida e’lon qilingan “#MenUchunQadr­li” fleshmobini ham kiritish mumkin.
Anjuman yakunida “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorlariga so‘z berildi. Tashkilotning yangi yildagi rejalari ma’lum qilindi.

N.BAHODIROVA