Adolat va tenglik poydevori

Konstitutsiya huquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanadi. 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi muhim siyosiy, huquqiy hujjat sifatida jahonda yangi, suveren davlat dunyoga kelganining o‘ziga xos shahodatnomasi bo‘ldi.

Konstitutsiyamiz iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy munosabatlar va ma’naviy hayotda chuqur islohotlar o‘tkazish uchun puxta poydevor yaratdi. Bosh qomusimiz demokratik va liberal normalarni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etadi. Barcha qonunlar Konstitutsiya asosida qabul qilinadi. Barcha siyosiy partiyalar va siyosiy kuchlar konstitutsiyada belgilangan me’yorlar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Siyosiy tizimni va siyosiy institutlar faoliyatini belgilab beradi.
Unda, eng avvalo, o‘zbek millatining tarixiy an’analari, hududiy tafakkuri o‘z aksini topgan. Mazkur hujjat jahon hamjamiyatining inson huquqlari sohasidagi yutuqlarini to‘la mujassam etadi. Bu sohadagi barcha muhim qoidalarni: insonning yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, mulkdor bo‘lish va boshqa shu kabi huquqlarni o‘z ichiga oladi.
Konstitutsiyaga muvofiq, davlat inson huquqlari bo‘yicha bir qator majburiyatlarga ega. Xususan, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishi, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekani belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyamizda xalqimizning huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati, erkin va farovon hayot qurishdek orzu-havasi to‘la ifodasini topgan. Hayotimizning garovi bo‘lmish tinchlik, osoyishtalik, totuv hayotning asoslari ko‘rsatilgan.
Muxtasar aytganda, yurtimizda demokratiya tamoyillariga asoslangan milliy davlatchilik va huquq tizimi shakllanmoqda. Farovon turmushimiz rivojida, Vatanimiz va xalqimiz taqdirida Konstitutsiyaning ahamiyati bag‘oyat muhimdir.

Erkinjon MAHMUDOV,
Qo‘qon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i